Ukraina radasi nihoyat Qrim tatarlari huquqlarini tiklovchi qonunni qabul qildi

Ukraina parlamenti deputatlari "Millati tufayli deportatsiya qilingan shaxslarning huquqlarini qayta tiklash" nomli qonunni qabul qilganlar. Qonun muallif Ukraina parlamenti deputati, Qrim tatarlari milliy harakatining tan olingan rahbari Mustafo Jamil o‘g‘lidir.

Qonunni yoqlab Radaning 238 nafar a‘zosi ovoz bergan.

Qonun muhokamasi chog‘ida deputatlar mazkur qonun avvalambor Qrim tatarlarining huquqlariga taalluqli ekanini ta‘kidladilar.

Unga binoan, millati tufayli surgun qilingan shaxslar maqomi va ularning huquqlarini tiklash bo‘yicha davlat kafolatlari belgilanadi.

Qonunda aytilishicha, deportatsiyaga uchragan shaxs deya Ukraina fuqaroligini olgan va SSSR yoki Ittifoq respublikalari davlat hokimiyati organlari qarori bilan bugungi Ukraina hududi hisoblangan yerlardagi doimiy yashash joyidan majburan ko‘chirilgan Qrim tatarlari millatiga mansub shaxslar va sobiq SSSR fuqarolari bo‘lgan boshqa millatlar aholisi tan olinadi.

Deportatsiya qilingan shaxslar sirasiga, shuningdek, qonunga binoan, harbiy xizmatni o‘tab qaytishi, evakuatsiya, majburiy mehnat va jazo o‘tash muassasalaridan qaytgach o‘z oila a‘zolariga qo‘shilish uchun maxsus posyolkalarga majburan ko‘chirilgan sobiq SSSR fuqarolari kiradi.

Surgun qilingan shaxslarning doimiy yashash joylaridan ko‘chirilishlari ortidan va mazkur qonun amalga kirguniga qadar tug‘ilgan farzandlari ham deportatsiya qilingan shaxslar hisoblanadi.

Qrim tatarlari Qrimga 1980-yillarda qayta boshlaganlar. Hozirda xalqaro hamjamiyat tomonidan noqonuniy deya qoralangan referendum ortidan Rossiya tarkibiga qo‘shilgan Qrimning 12 foiz aholisi Qrim tatarlaridir.

2004 yilda Ukraina radasi Qrim tatarlarining huquqlarini tiklash bo‘yicha qonunni qabul qilgandi, biroq sobiq Prezident Leonid Kuchma unga qarshi veto ovozini qo‘ygan.

2012 yilda masala yana Radada muhokama qilingan, biroq qabul qilinmagan.

Qrim tatarlarining majlisi, Qurultoy, 1991 yilda barpo etilishi ortidan deportatsiya qilingan tatarlarning huquqlarining tiklanishi, ularga tovon to‘lanishi va yer ajratilishi uchun kurashib keladi.

Your contact details
Disclaimer