Olmaotada Gitler haqida maqola chop etgan jurnal yoqildi

Qozog‘istonning Olmaota shahrida urush veteranlari Gitlerning 125 yilligiga bag‘ishlangan jurnal chiqarilganiga norozilik ma‘nosida uni yoqqanlar.

Norozilik aktsiyasida Ikkinchi Jahon urushi veteranlari, Afg‘on jangchilari va Chernobil fojeasi oqibatlarini bartaraf etish ishtirokchilari qatnashganlar.

"Bizning ibrat bo‘ladigan o‘z qahramonlarimiz bor, lekin ularning qatorida Gitler yo‘q. Uning yuzini Ulug‘ Vatan urushining 69 yilligi arafasida jurnal muqovasiga olib chiqish bu shakkoklik va hatto jinoyat", deb aytadi Urush qatnashchilari tashkiloti kengashi rahbari Murot Abdushukurov.

Norozilik qatnashchilari shuningdek, fashistlar rahbarini targ‘ib qilgan jurnalga qarshi chora ko‘rishni so‘rab, Bosh prokuratura va prezident ma‘muriyatiga murojaat qilishlarini aytganlar.

Urush faxriylari mahalliy hokimiyatdan jurnal litsenziyasini olib qo‘yishni talab qilmoqdalar.

Qozoq tilida chiqadigan "Juldizdar otbasi - Aniz adam" ("Yulduzli uy - Afsona-odam") jurnali aprel oyi sonini Gitlerga bag‘ishlagan. Jurnalda "Gitler fashist emas" maqolasi, shuningdek Gitlerning "Mayn kampf" kitobi to‘g‘risida sharhlar bo‘lgan.

Jurnaldagi Gitler bilan bog‘liq maqolalarga fikr bildirgan bosh muharrir Jarilqap Qalibay bunday mavzuga murojaatni "Qo‘shni davlat- Rossiya rahbarining xavfli siyosatidan asrash" talablaridan kelib chiqqani bilan izohlagan.

"Juldizdar otbasi - Aniz adam" nashri 25 ming nusxada chop etiladi.

Ushbu jurnal bilan bog‘liq janjalli hodisa o‘tgan yil ham tilga tushgan. Jurnal muharriri Jarilqap Qalibay qozoq tilida xizmat ko‘rsatishni so‘rab, uchoqda janjal ko‘targani aytilgandi.

Qozog‘iston Aloqa va axborot agentligi jurnalning aprel soni mazmuni mamlakat Konstitutsiyasi qonunlari buzilishi ekanini bildirgan.