O‘zbekistonga yaqinlari bilan uchrashgani borgan huquqbon hibsga olingan

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image caption Shavkat Hojixonov Markaziy Osiyo Inson huquqlari uyushmasi faollaridan edi

Markaziy Osiyo Inson huquqlari uyushmasining xabar berishicha, o‘tgan hafta Marg‘ilonga o‘z yaqinlarini ko‘rgani borgan uyushma faoli, Shavkat Hojixonov, huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan hibsga olingan.

Yaqinlariga ko‘ra, unga jinoyat kodeksining chegarani noqonuniy kesib o‘tish doxil bir necha moddasi bo‘yicha tergov ishi ochilgan.

Uyushma faollari uning hozir qiynoqlarga tutilayotgan bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirishgan.

O‘zbekistonni 18 yil muqaddam tark etgan 43 yoshli Shavkat Hojixonov 2003 yildan buyon Norvegiyada istiqomat qilayotgandi.

Markaziy Osiyo Inson huquqlari uyushmasining rahbari Nadejda Atayevaning Facebook sahifasida yozishicha, Shavkat Hojixonov oxirgi uch yil davomida uyushmaning ko‘zga ko‘ringan faollaridan biriga aylangandi.

"U avval boshdan bolalar va majburiy mehnatni bekor qilish uchun ommaviy aktsiyalarda faol ishtirok etardi. Paxta kampaniyasi paytida jarohat olganlarga o‘z mablag‘idan moliyaviy yordam ko‘rsatardi. To‘hmat bilan qamalganlar qarindoshlariga yordam berardi", - deb yozadi Nadejda Atayeva.

Do‘stlariga ko‘ra, Shavkat Hojixonov, yaqinlaridan onasining sog‘ligi yomonlashganini o‘rgangach, O‘zbekistonga borishga qaror qiladi.

U 11 aprel kuni Norvegiyadan Moskvaga va so‘ngra Bishkekka parvoz qiladi.

13 aprel kuni Bishkekdan O‘shga yetib keladi, aylanma yo‘llar bilan O‘zbekiston hududiga o‘tadi va Marg‘ilonga yetib boradi.

15 aprel kuni Marg‘ilon shahrida o‘nlab huquq tartibot idoralari xodimlari Shavkat Hojixonov turgan uyni o‘rab olishadi va uni bir necha yaqini bilan qo‘lga olishadi.

BBC hodisa tafsilotini o‘rganish uchun Shavkat Hojixonovning do‘sti va maslakdoshi Baxtiyor Qo‘ziboyev bilan suhbatlashdi.

Suhbatni tinglang.