Jo Bayden: "Gap Ukrainaning mustaqilligi haqida bormoqda"

Image copyright bbc

Kiyevdagi matbuot anjumanida gapirgan AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden ukrain inqirozida gap geosiyosat haqida bormayotganini aytdi.

"Gap bundan ham muhimroq masala-Ukrainaning yaxlitligi va mustaqilligini himoya qilish, uning milliy sha‘ni va g‘ururini tiklash haqida bormoqda",- deb aytdi janob Bayden.

Ukraina muvaqqat bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk bilan muzokaralardan so‘ng gapirgan Baydenning nutqi keskin ohangi bilan ajralib turdi.

U yana bir marta Rossiyani qo‘shni davlatning ichki ishlariga aralashish va uning "hududlarini bosib olish"ning qabul qilib bo‘lmasligi haqida ogohlantirib, ziddiyat yoyilishining oldini olish yuzasidan qat‘iy choralar ko‘rishga chaqirdi.

"Bugungi kunda Ukrainani parchalashga urinayotganlar bor. Ukraina hayot-mamot uchun kurashmoqda. Biz, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning butunligi yo‘lida siz va butun ukrain halqi bilan birgamiz", - deb aytdi Jo Bayden.

AQSh vitse-prezidenti Qrimning Rossiya tomonidan qo‘shib olinishini "noqonuniy ishg‘ol" deb tasvirladi va Qo‘shma Shtatlar uni hech qachon tan olmasligini ta‘kidladi.

Ramziy tashrif

Kiyevga tashrif buyurgan AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden Ukrainaning yangi rahbarlari bilan uchrashmoqda.

Tashrifdan maqsad Ukrainaning g‘arbparast hukumatiga Vashingtonning dastagini namoyish etishdir.

Muvaqqat prezident Turchinov va bosh vazir Yatsenyuklar bilan muzokaralar kun tartibidagi asosiy masalalardan biri may oyida o‘tishi rejalangan prezidentlik saylovlari.

Janob Bayden AQShning Kiyevga iqtisodiy va energetika sohasidagi yordamini e‘lon qilishi kutilmoqda.

Oq Uyga ko‘ra, janob Baydenning ikki kunlik safari Vashingtonning Kiyevdagi hukumatning tub islohotlarni amalga oshirish rejalariga dastagini namoyish etadi.

25 mayga belgilangan prezidentlik saylovlari Ukrainani 1991 yilda mustaqillik e‘lon qilganidan buyon yuz tutgan eng chuqur siyosiy inqirozdan olib chiqishda muhim qadam sifatida ko‘riladi.

Shu yilning fevralida bir necha oylik namoyishlardan so‘ng Prezident Yanukovichning hokimiyatdan ag‘darilishi ortidan Ukrainaning hududiy yaxlitligi xavf ostida qolgan.

Rossiya shu yilning mart oyidagi ziddiyatli referendumda Qrim yarim orolini qo‘shib olish bilan cheklanmay, Ukrainaning rusiyzabon aholi ko‘p yashaydigan janubi-sharqini Kiyevdan ajratib qo‘yishi borasida xavotirlar kuchaygan.

O‘zaro ayblovlar

Qo‘shma Shtatlar Ukraina sharqidagi rossiyaparast kuchlar ortida Moskva turganiga ishonadi.

Dushanba kuni AQSh Davlat Kotibi Jon Kerri va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov telefon muloqotida Ukrainadagi inqirozda bir-birlarini ayblashgan.

Jon Kerri Lavrovni o‘tgan hafta Jenevada erishilgan bitim shartlarini bajarishga chaqirgan, ammo Rossiya Tashqi ishlar vaziri bitim Kiyev tomonidan buzilayotganini aytgan.

Ayni paytda Donetskda yakshanba kuni otib o‘ldirilgan uch kishining dafn marosimlari bo‘lib o‘tgan.

Slavyansk shahridagi rossiyaparast kuchlar o‘rnatgan nazorat-o‘tish nuqtasida yuz bergan hodisa tafsilotlari qorong‘u.

Rossiya otishmada Ukrainaning millatchi "O‘ng sektor" tashkilotini ayblagan.

"O‘ng sektor" esa hodisani "rus maxsus xizmatlarining ig‘vogarona harakati" deb tasvirlagan.

Ukrainaning muvaqqat rahbarlari Prezident Putinni mustaqil Ukrainani yo‘q qilish harakatlari va sobiq Sovet Ittifoqini tiklashga urinishda ayblaganlar.