Abdul Fattoh Al-Sisi: Eski siyosatning yangi timsoli

Image copyright AFP
Image caption Sisiga ishonganlar

2011 yilning bahoridan avval Feldmarshal Abdul Fattoh Al-Sisini hech kim tanimas edi.

Bu hech kim tanimagan shaxs Misrning kelgusi prezidenti bo‘lishi mumkin.

Uning bu qadar "ko‘kka sapchishi" ortida harbiy qudrat bilan birga feldmashralning bu qudratdan o‘zi va o‘z atrofidagilari manfaati uchun qanchalar mohirona foydalana bilish qobiliyati yotibdi.

Al-Sisining siyosiy qobiliyati markazida ta‘bir joiz bo‘lsa uning sir saqlay bilish va o‘z muxoliflari nazarida aslida hech narsaga qiziqmaydigan, o‘rtamiyona bir zobit bo‘lib ko‘rinish mahorati turadi.

Shu bilan birga u Misr jamiyatiga o‘zini Muborakdan keyingi mamlakatda yuzaga kelgan inqirozli vaziyatdan xalos etuvchi rahbar o‘laroq taqdim qilishga muvaffaq bo‘ldi.

Bu anchayin sirli qolayotgan va bir kun Misrni idora qilish ehtimoli bo‘lgan zobit kim?

Tantaviyning muridi

Eng avval feldmarshal Sisi sobiq Prezident Muborak yaratgan xarbiy qudratning mahsulidir.

Misr armiyasining siyosiy "uyushmasi" Misrning sobiq prezidentli Gamal Abdul Nosir va Anvar Sadatlarni "yaratgan".

Muborak janoblarini Sadat vitse-prezidentlikka faqat bir sabab uchun tanlagan.

Husni Muborak havo kuchlari zobiti bo‘lib ehtimoliy davlat to‘ntarishi uyushtirish uchun harbiylarning dastagiga ega emas edi.

1981 yilda Anvar Sadatning joniga qasd qilindi.

Muborak uning o‘rniga kelar ekan, Muhammad Husayn Tantaviyni zobitlar "uyushmasiga" rahbar qilib tayinladi.

Muborakka loyiq zobitlarga marhamat ko‘rsatish ham uning zimmasiga yuklandi.

Yosh Sisi feldmarshal Tantaviy yoqtirtirgan zobitlardan edi.

Unga lozim bo‘lgan harbiy bilimlarni xorijda ham oldi.

Britaniya va Amerika harbiy o‘quv yurtlarida harbiyning qolgan sir-asrorlarini o‘rgandi.

Ar-Riyodda harbiy attashe bo‘lib ishladi.

Uning qo‘mondonlik mavqeisi avvaliga batalyon, brigada va keyinroq diviziya va alal-oqibat Shimoliy Harbiy Zonaning rahbarligida ishlash bilan mustahkamlanib bordi.

Sisi harbiy liderlik uchun kasbiy asoslarni zobitlar bilan shaxsiy aloqalarni yaxshilash yo‘li bilan qurdi.

Shundan so‘ng uni muhim bir amal – Harbiy Josuslik tashkiloti rahbariga o‘rinbosar etib tayinlashdi.

Aynan shu yerda ishlar ekan, uni feld marshal Tantaviy qurolli kuchlarning Oliy kengashiga ishga oladi.

Tantaviy janoblari yoshroq Sisini o‘ziga loyiqligi va siyosiy iqtidorga ega bo‘lgani uchun ishga oladi.

Ishonch ko‘priklarini qurish

Image copyright AP
Image caption Mursiy uchun Sisi "o‘zimizning odam edi"

Yana bir muhim tomoni shuki, Tantaviy Sisini Musulmon Birodarlar tashkiloti bilan aloqaga mas‘ul etib tayinlaydi.

Bu albatta sir tutiladi.

U Musulmon Birodarlarining ishonchiga kiradi.

Bu yo‘lda Sisining namozxonligi, har kungi nutqlarida Qur‘on suralarini bot-bot takrorlashi, an‘anador oila sohibi ekani va G‘arbga Islomni tanishtirish yo‘lida "jonkuyarligi" ish beradi.

U muvaffaqiyat qozonadi. 2012 yil avgust oyida Prezident Muhammad Mursiy feldmarshal Tantaviyning o‘rniga Mudofaa vaziri va Bosh qo‘mondon qidirar ekan, alal-oqibat Sisini tanlaydi.

U faqatgina feldmarshal Tantaviy, general Sami Enan va o‘ziga yaqin zobitlarni "qurbon qilish"dan tiyilishsa, rozi bo‘lishini aytadi.

Shunday qilib Abdul Fattoh Al-Sisi o‘zidan katta avlodni ag‘darib emas, balki ularga "g‘amxo‘rlik" qilib qudratga keladi.

Oqlanmagan ishonch

Prezident Mursiy va uning Musulmon Birodarlaridagi sheriklari feldmarshal Sisini "o‘zlarining odami" deb ishonishdi.

U ham Birodarlarning ishonchiga kirdi va ham harbiylarga "sizning manfaatlaringizni himoya qilmoqdaman" degan ishora berib turdi.

Ammo muhim harbiy masalalarda u Mursiy janoblaridan avval qaror berar va o‘z hamkasblariga aslida armiyaning qudrat jilovini Musulmon Birodarlar qo‘liga topshirib qo‘ymayajagini ayon qilardi.

Sisi janoblarining bu kabi mavqei 2012 yil konstitutsiyasida yana ham mustahkamlandi.

Bu bosh qonun garchand islomchilar ko‘pchilikni egallagan assambleya tomonidan bitilgan bo‘lsa ham, harbiylarga avvalgi konstitutsiyalarda misli ko‘rilmagan ko‘p qudrat va imtiyozlar berdi.

Janob Mursiy so‘nggi daqiqalargacha Sisi uning yonida turib berishiga ishondi.

Milliy g‘urur

Image copyright Getty
Image caption Nosirning "qaytishi"?

Xo‘p, feldmarshal Sisi qanaqa prezident bo‘lishi mumkin?

Tashviqot mashinasining mahsuli o‘laroq – Sisi yangi, ammo "e‘tiqodli" Nosirmi?

Ammo u yangi Nosir bo‘lolmaydi.

Ehtimol, harbiy avtoritar rejim rahbari o‘laroq o‘xshashi mumkindir...

U yangi Nosir bo‘lolmasligiga sabab omillari ham tashqi va ham ichkidir.

Sovuq Urush yakun topgan va uning mintaqadagi o‘rni susayib bo‘lgan.

Ammo Sisi milliy g‘urur va g‘oyani yana bir "qitiqlab" ko‘rmoqchi, bunga bir sabab ichki muammolardan aholi chalg‘itishdir...

Uning fevral oyida Rossiyaga safari va qurol-yaroqqa doir bitimni imzolab kelishi ham bir ma‘noda prezidentlik orzusi bilan bog‘liq.

Sisi Moskvaga Nosirning G‘arbni qo‘yib Sho‘rolarga tayangan "omon-omon" davrlarini eslatib qo‘ymoqchi edi.

Ammo Moskva bilan har qanday qurol-yaroq shartnomasi, aslida Amerika yordamiga muhtoj Misr rejimi uchun siyosiy qalqondir, aslo haqiqiy mustaqillik amali emas.

Buyuk loyiha

Image copyright Reuters
Image caption Sisiparastlik ko‘rinishlarimi?

Sisi Nosir kabi buyuk loyiha g‘oyasini o‘rtaga tashladi.

Nosir davrida Asvan to‘g‘oni bo‘lsa, Sisi Suvaysh kanali mintaqasini rivojlantirish g‘oyasini bayroq qildi.

Bu g‘oya Misrning porloq kelajagi va tobora o‘sib borayotgan iqtisodiy qudrati nishonasi o‘laroq talqin etildi.

Ayni taraqqiyot rejasi qanchalar mantiqli ko‘rinmasin, Xitoy va Rossiya o‘z xavfsizliklarini ko‘zlab bu ishga bosh qo‘shishmasin Misrning hukumat boshqaruv tizimidagi qusurlar ayni ish yo‘liga to‘siq qo‘yishi ehtimoli katta.

Buning ustiga ayni kanal qurilishi rejalangan mintaqa harbiylar qudrati markazi sanaladi.

Bu yerda yana ularning yerga egalik masalasi ham bor.

Sisi nazarida harbiylar endi bu kabi katta loyihani uddalay olishlarini namoyon etmoqlari kerak va albatta, byudjetdan tashqari foyda topishlari ham lozim...

Sisi qudratga kelganidan beri harbiylar nazorati ostida bo‘lgan shirkatlar bilan shartnomalar imzolanishi ko‘paydi.

Davlat ichidagi davlat

Image copyright reuters
Image caption Sisining "yurishi"

Sisi harbiylar, ichki ishlar vazirligi, va xavfsizlik xizmatini o‘z nazorati ostiga oldi.

Buni Sisidan avval biror bir Misr rahbari to‘la uddalay olmagandi.

Nosir, Saodat va Muborak Ichki ishlar vazirligi ostida xavfsizlik xizmatini yaratishgan va shu yo‘l bilan harbiylar ila muvozanatga erishgandilar.

Sisi uchun bunga ehtiyoj yo‘q.

Hozirda isyonkorlarga qarshi kampaniya boshlangan va bunga ham harbiylar va ham xavfsizlik kuchlari jalb qilingan.

Uning Nosir davridagi kabi yagona partiya tizimiga ehtiyoji yo‘q.

Hozirda u harbiylarga va Muborak davridagi texnokratlarning guruhlariga ishonmoqda.

Ayrimlar uni Iordaniya Qiroli Abdulloh Ikkinchi bilan solishtirmoqda.

U ham Sisi kabi turfa siyosiy partiyalar va kuchlarni "davlat ichidagi davlat" tizimiga tayanib nazorat etadi.

Shu yo‘l bilan u nomiga mustaqil bo‘lgan siyosiy kuchlardan "balogardon" faktori o‘laroq foydalanadi.

O‘ziga haqiqiy muxolif kuch o‘laroq shakllanishlariga yo‘l qo‘ymaydi.

Hozirda esa aksar siyosiy kuchlar Sisining hukmronligi bilan murosa qilayotgan ko‘rinadi.

Agar va mabodo ular Sisiga bo‘yinsunmay qo‘yishsa, uning o‘zi hayrihohlari tarkibidan yangi bir partiya tuzishi mumkin.

Ammo bu qadam uning anchayin ojizlanib qolganidan darak bergan bo‘lurdi.

Feldmarshal Sisi iqtidorli, ayyor va juda siyosiylashgan zobitdir.

U harbiylarni Musulmon birodarlari va boshqa inqilobchi guruhlarning ehtimoliy zarbalaridan qutqarishga muvaffaq bo‘ldi.

"Davlat ichra davlat" tizimini saqlab qoldi.

Ammo bu degani uning qudratiga soya soladigan xavf butunlay aridi degani emas.

Sisining orzu va maqsadlari, yaxshi tayyorgarlikdan o‘tmagan, kalondimog‘ va poraxo‘rlik domiga tushgan harbiylar bilan uyg‘unlashsa unda iqtisod, ichki va tashqi siyosat sohasida ham Nosir davridagi kabi o‘z imkoniyatlari chegarasidan chiqib ketishi mumkin...