Janubiy Koreyaning cho‘kkan kemasida qurbonlar soni 100 dan oshdi

Image copyright AP

O‘tgan hafta Jeju oroli yaqinida halokatga uchragan Janubiy Koreyaning "Sevol" kemasida qurbonlar soni 100 dan oshgani xabar qilinmoqda.

Ayni paytgacha 104 insonning jasadi topilgan, biroq yana 198 kishi bedarak qolmoqda. Ular kema ichida qolib ketgani taxmin qilinadi.

G‘avvoslar kema ichiga kirib, jasadlarni olib chiqishga urinishmoqda.

Kema ag‘darilgan va ikki soat davomida cho‘kkan edi.

Kemaning yetti a‘zosi hibsga olingan, ular yo‘lovchilarni o‘z vaqtida evakuatsiya qilmaganlikda ayblanishyapti.

Yo‘lovchilar kema ekipaji evakuatsiya qilish kerak yoki yo‘qligi borasida bir qarorga kelolmagani bois, ichkarida qolib ketgan bo‘lishi mumkinligi aytiladi.

Kema kapitani 68 yoshli Li Chon Sok juma kuni qo‘lga olingan. Uning so‘zlariga qaraganda, odamlar suv o‘rtasida qolib ketishlari xavfi tufayli tezlikda evakuatsiya qilishga qaror berilmagan.

Dushanba kuni Janubiy Koreya Prezidenti Pak Kin Xe kema ekipaji harakatini qattiq tanqid qilgan, kema halokatini qotillikka tenglashtirgan edi.

Qutqaruvchilar yana ikki kun davomida halok bo‘lganlarni qidirishadi. G‘avvoslar kemadagi bir qancha xonalarga kirishga muvaffaq bo‘lishgan, lekin ko‘pchilik qolgani taxmin qilinayotgan kema restorani ichiga o‘tisholmagan.

"Sevol" kemasida jami 476 yo‘lovchidan 174 nafari qutqarib qolingan. Yo‘lovchilarning 340 tasi Ansan shahrining "Danvon" maktabi o‘quvchilari va o‘qituvchilari bo‘lganlar.

Ayni damda mutaxassislar halokatning sabablarini aniqlashtirishga urinishmoqda. Shuningdek, evakuatsiya qilishga oldinroq qaror berilganda kamroq qurbon berilgan bo‘lardimi yoki yo‘q, bu ham o‘rganilmoqda.

Aytilishicha, kema ag‘darilayotganda ekipaj sardori joyida bo‘lmagan. Shturvalda bunday hududda qanday yo‘l tutish haqida tajribasi bo‘lmagan uchinchi yordamchi turgani aniq bo‘lgan.

Kema kapitani va yana ikki shaxsga nisbatan o‘z vazifasiga mas‘uliyatsizlik va dengiz qonunlariga rioya qilmaganlik ayblari qo‘yilgan. Agar kapitan aybdor topilsa, unga umrbod qamoq jazosi berilishi mumkin.