Turkmanboshining otasiga qo‘yilgan haykal olib tashlangan

Image caption Otamurot Niyozovga qo‘yilgan haykal

Turkmaniston internet nashrlari xabar qilishicha, mamlakatning birinchi prezidenti Saparmurod Niyozovning otasi xotirasiga o‘rnatilgan haykal buzilgan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, endi Otamurod Niyozovning haykali Turkmanboshining ona qishlog‘i Qipchoqqa ko‘chirilgan.

Saparmurod Niyozov hayotligida uning otasi Ikkinchi Jahon urushida halok bo‘lgan Otamurod Niyozov xotirasiga yodgorlik o‘rnatilgan va unga "Turkmaniston xalq qahramoni" berilgan edi.

2001 yil 9 may- G‘alaba kunida haykalning ochilish marosimida Niyozovning o‘zi qatnashgan.

Shuningdek Turkmaniston sharqidagi shaharlardan biri Otamurod Niyozov nomi bilan atalgan. 2004 yil Otamurod Niyozov yili deb e‘lon qilingan edi.

Turkmanboshi onasi nomini ham abadiylashtirish maqsadida oylar nomini o‘zgartirishga qaror qilgan.

Niyozov davrida qator tuman va ko‘cha nomlari, boshqa maskanlar Turkmanboshining onasi nomi bilan atala boshlangan.

Turkmanboshining 1948 yilgi Ashxabat zilzilasida halok bo‘lgan ikki ukasi xotirasiga ham qo‘yilgan, ular hozircha o‘z joyida turgani aytiladi.

Bundan oldin Saparmurod Niyozovga qo‘yilgan bir qancha haykallar ko‘chirilgan, ular buzilib, talabga ko‘ra boshqa haykallar qurilishiga ishlatilishi mumkin deyiladi.

Image caption Saparmurod Niyozovning ukalariga atalgan yodgorlik
Image caption Niyozovning otasi turgan haykal o‘rni hozircha bo‘sh

Ayni paytda eski haykallar buzilib, joyi o‘zgartirilar ekan, joriy prezident Gurbanguli Berdimuhammedovning o‘zi va qarindoshlariga bag‘ishlangan haykallar paydo bo‘lmoqda, deb yozadi turkman tilidagi "Xronika Turkmenistana"nashri.

2012 yilda Berdimuhammedovning hali hayot otasiga bag‘ishlangan haykal Axal viloyatida ochilgan, uning sharafiga Ashxabatdagi harbiy bo‘linmaga Malikguli Berdimuhammedov nomi berilgan.

Bundan tashqari Berdimuhammedov Niyozovning onasi nomidagi ordenni bekor qilgan. Turkmanboshi 1996 yil o‘z onasi sharafiga chiqargan "Gurbansulton yeje" ordeni o‘rniga Arkadag‘ ayollar uchun yangi "Jenan qalbi" ordenini ta‘sis etish haqida qarorga imzo chekkan.

Turkmanboshining muqaddas maqomini olgan "Ruhnoma" asari maktab va oliy o‘quv yurtlari dasturlaridan olib tashlangan edi.