Prezident Karimov Ispaniyaga taklif etildi

Image copyright Getty
Image caption O‘zbekistonning Ispaniyadagi sobiq elchisi Gulnora Karimovaning "uy qamog‘ida" ekani xabar qilingan

Bu haqda Ispaniya tashqi ishlar vazirining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida e‘lon qilingan.

Prezident Karimovning taklifni qabul qilib-qilmagani noma‘lum.

Dushanba kuni Oqsaroyda qabul qilingan Xose Manuel Garsia-Margaloni Prezident Karimovga Ispaniya bosh vaziri Mariano Raxoy Breyning ushbu davlatga rasmiy tashrif bilan borish borish taklifini yetkazgani xabar qilinadi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi davlat rahbarining Ispaniyaga ehtimoliy tashrifi haqida hech qanday ma‘lumot bermagan.

Bu janob Karimovning shu yil fevralida Chexiyaga amalga oshmagan tashrifidan buyon ilk bor Ovro‘po davlatiga taklif etilishi.

Ispaniya tashqi ishlar vaziri Prezident Karimov bilan ikki tomonlama hamkorlik va mintaqaviy xavfsizlik masalalarini muhokama qilgani bildirilgan.

O‘zbekiston matbuoti Toshkentdagi muzokaralarni "ochiq siyosiy muloqot" deya tasvirlagan.

Prezident Karimov Ispaniya O‘zbekistonning Ovro‘po Ittifoqidagi "etakchi va ishonchli hamkori" ekanini ta‘kidlagan.

Yaqin aloqalar

Ispaniya g‘arbiy Ovro‘podagi O‘zbekiston bilan yaqin aloqalarga ega sanoqli davlatlardan.

2005 yil mayidagi Andijon voqealari ortidan Ovro‘po Ittifoqi O‘zbekistonga kiritgan jazo choralari Madrid va Toshkent o‘rtasidagi aloqalarga deyarli ta‘sir ko‘rsatmagani aytiladi.

Ushbu voqealardan ko‘p o‘tmay Prezident Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi etib tayinlangan edi.

Ispaniya tashqi ishlar vazirining Toshkentga safari o‘zbek-ispan biznes forumi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelgan.

O‘zbek matbuotiga ko‘ra, Ispaniya O‘zbekistonga yuqori texnologiyalar sohasida sarmoya kiritishni rejalamoqda.

Ovro‘po Ittifoqining to‘rtinchi yirik iqtisodi bo‘lgan Ispaniya o‘tgan yil oxirida inqirozdan chiqishni boshlagan.

Tahlilchilarga ko‘ra, inqiroz yillarida savdo defitsiti yalpi ichki mahsulotining 10 foizini tashkil etgan Ispaniya hozirda savdo hajmini orttirish uchun yangi bozorlarga ko‘z tikmoqda.

O‘tgan yili Ispaniyaning fuqaro muhandisligi sohasidagi shirkatlari dunyo bo‘ylab 40 milliard yevroga teng shartnomalarni imzolagan.

Ispaniya tashqi ishlar vaziriga Toshkentga safarida ispaniyalik ishbilarmonlar hamkorlik qilayotgani aytiladi.

Toshkentlik iqtisodchi Anvar Husayinovga ko‘ra, so‘nggi paytlarda sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirishga urinayotgan O‘zbekistonga Ispaniya tajribasi va sarmoyalari qo‘l kelishi mumkin.

Dunyoning sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan uchinchi davlati bo‘lgan Ispaniya Jahon Sayyohlik Tashkilotiga ham mezbonlik qiladi.