Bruneyda Shariat qonunlarini joriy etish kechiktirildi

Image copyright BBC World Service
Image caption Shariatda ko‘rsatilgan jazo choralari qo‘llana boshlashi haqida Bruney Sultoni ma‘lum qilgandi

Bruneyda bugunga rejalashtirilgan Jinoiy Kodeksda ko‘rsatilgan jazolar qatorida Shariatda nazarda tutilgan jazolarni ham qo‘llay boshlash rejasi ortga qoldirilgani ma‘lum qilindi.

Bruney o‘tgan yil oktyabr oyida zino uchun toshbo‘ron orqali o‘lim jazosi va o‘g‘rilik uchun qo‘lni kesish joriy etilishi haqida e‘lon qilgandi.

Mamlakat Islomiy Fikh Bo‘limi rahbari yordamchisi Ziyo Zaynining aytishicha, bu kechiktirish "muayyan shart-sharoitlar tufayli" ro‘y bergan.

Shariat qonunlarida ko‘rsatilgan jazolar qachon qo‘llana boshlashi haqida yangi muddat e‘lon qilinmagan. Lekin mahalliy matbuot "juda yaqin kelajakda" , deya xabar bergan.

Bruneyda allaqachon alkogol ichimliklarni sotish va iste‘mol qilish taqiqlangan.

O‘tgan yili Shariat jazolarini tadbiq etilishi haqida e‘lon qilar ekan, Sulton Hasanal Bulkiya buni "millat tarixidagi muhim bosqich" deya atagandi.

Umuman Bruney Jinoyat Kodeksi Britaniya qonunchiligi asosida ishlab chiqilgan. Shariat qonunlari esa shu vaqtgacha nikoh qurish va meros masalalridagina qo‘llanib kelingan.

Hozirda Jinoyat Kodeksida ko‘rastilgan jazolar qatoriga Shariatda nazarda tutilgan jazolar ham kirtilishi aytilgan ekan BMT bu borada chuqur xavotirda ekanligini bildirgan.

"Xalqaro qonunlarga muvofiq insonlarni toshbo‘ron qilish qiynoq bilan barobardir va noinsoniy munosabatni anglatadi. Shuning uchun taqiqlangan", - dedi BMT ning Inosn Huquqlari Komissiyasidan Rupert Kolvill.

Joriy etilishi aytilgan Shariat jazolari Bruneydagi faqatgina musulmonlarga taaluqli bo‘ladi. Mamlakat aholisi 420 ming kishi va ularning ikkidan uch qismi musulmonlar.

Bruneyda shuningdek maktablarda diniy ta‘lim majburiydir va juma namozlari vaqtida hamma tashkilotlarga yopilish buyrug‘i berilgan.

Mamlakat aholisining hayot darajasi neft va gazdan tushadigan darmad evaziga Osiyo mintaqasidagi eng yuqorilardandir.

Sog‘liqni saqlash va ta‘lim-tarbiya bepul.