Toshkentlik talaba shaffof telefon ixtiro qildi

Image caption Suratlar ca-news.org saytidan olindi

Toshkentlik talaba quyosh energiyasi bilan quvvatlanuvchi va ikki-tomonlama shaffof ekranga ega mobil telefonini ixtiro qilgan. Bu haqida Central Asian News va ICT-News saytlari xabar tarqatdi.

MX-1 deya nomlangan telefon O‘zbekiston poytaxtida shu kunlarda bo‘lib o‘tayotgan yangi texnologiyalar yarmarkasida taqdim etilgan.

Xabar qilinishicha, Toshkent Davlat Texnika Universitetining ikkinchi kurs talabasi Sirojiddin Nasriddinov ixtiro qilgan telefon zarbaga qarshi chidamli shishadan yasalgan bo‘lib, undan ikki tomondan ham foydalanish mumkin.

Telefon, shuningdek, sensor klaviaturasi, ya‘ni barmoqni ilg‘ovchi klaviatura bilan jihozlangan. Telefonning ostki qismida telefonni boshqarish uchun zarur bo‘lgan uch sensor tugmachasi joylashgan.

Tugmachalar ostida esa chiroqli va antennali web-kamera ham joylashgan.

MX-1 telefoni nanoplenka orqali quyosh energiyasidan, hamda telefon korpusiga o‘rnatilgan akkumulyator yordamida quvvatlanadi.

Xabarda aytilishicha, ekran yorug‘li hozircha uncha yaxshi emas, biroq ixtirochi uni yaxshilash ustida ish olib borayotganini aytgan.

Sirojiddin Nasriddinov o‘z ixtirosining narxini 600 dollar deya baholagan va uning uchun patent olgan. Hozirda u telefon ishlab chiqarilishi uchun sarmoyadorlarni topishga umid qilmoqda.

Image caption Suratlar ca-news.org saytidan olindi
Your contact details
Disclaimer