Qo‘shni Afg‘onistonda suv toshqinlari: O‘nlab qurbonlar bor

Tabiiy ofat kecha yarim tunda Afg‘onistonning aksaran o‘zbeklar yashovchi shimoliy Jauzjon viloyatida yuz bergan.

Viloyat hokimi Boymurod Qo‘yinlining BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, hozirga kelib qurbonlar soni oltmishga yetgan.

Saksondan ortiq kishi esa, bedarak ketgan:

Qurbonlardan aksariyatining ayollar va bolalar ekani aytiladi.

Hokim janoblariga ko‘ra, qurbonlar soni yanada ortishi mumkin.

Bu uch ulusvorlikdagi o‘nlab qishloqlarni suv tomigacha bosgan.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Viloyat hokimining aytishicha, haliyam suv ichida qolgan minglab odamlar bor va ularni qutqarish ishlari davom etmoqda.

Janob Qo‘yinliga ko‘ra, qutqaruv amaliyotlariga tikucharlar ham jalb etilgan.

Tabiiy ofat natijasida yaralanganlar ham ozmuncha emasligi, ammo ularning aniq sonlariga oid ma‘lumotlarning joriy paytda imkonsiz ekani aytiladi.

Viloyat hokimining so‘zlaridan ma‘lum bo‘lishicha, ko‘plab chorva mollari ham nobud bo‘lgan va katta gektardagi ekin maydonlariga ham butkul ziyon yetgan.

Agar, rasmiy ma‘lumotlarga tayanilsa, viloyatning uch: Darzob, Qo‘sh Tepa va Xo‘ja Dukkoniy tumanlari butkul suv ostida qolgan va suv toshqinlari hanuz davom etmoqda.

Tabiiy ofat natijasida minglab uy-joylar butkul vayron bo‘lgan va minglab odamlar jabr ko‘rishgan.

Mas‘ullarning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, hozir ularni maktablarga joylashtirish va favqulodda ko‘mak berish borasida ish olib borilmoqda.

Minglab jabrdiydalarning chodir, oziq-ovqat va dori-darmon kabi favqulodda yordamga ehtiyojlari borligi aytiladi.

Jazujon viloyati Xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i Faqir Muhammad janoblarining biz bilan suhbatida bildirishicha, markaziy hukumat hozircha naqd pul yuborishga va‘da qilgan.

Unga ko‘ra, bu pul jabrdiydalarga favqulodda ko‘mak ko‘rsatish va qutqaruv ishlariga sarflanadi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Suhbatdoshimizning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, markaziy hukumat vakillari butun talofat ko‘lami aniqlanishi ortidan, yana shunga yarasha ko‘mak berishga ham va‘da qilgan.

Viloyat hokimiga ko‘ra ham allaqachon yordamga oid minglab shikoyatlar olishmoqda, ammo shu soatlarda bor e‘tiborlari suv ichida qolgan odamlarni qutqarishga qaratilgan.

Bu kabi halokatli suv toshqinlariga bir necha soatlik kuchli jalalarning o‘zi kifoya qilgani aytilmoqda.

Afg‘oniston shimolidan olingan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, Jauzjondan tashqari unga qo‘shni Saripul viloyati ham tabiiy ofatdan jiddiy ziyon ko‘rgan.

Hozircha olti kishining qurbon bo‘lgani, ko‘plab chorva mollari nobud bo‘lib, bu yerda ham ekinzorlarga jiddiy zarar yetgani aytilmoqda.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, 10 mingdan ortiq hovli-joy va do‘konlar suv ostida olgan.

Bu yerda ham o‘n minglab jabrdiydalarning favqulodda ko‘makka ehtiyojlari bor.

Biz suhbatda bo‘lgan va vaziyatni yaqindan kuzatib turgan saripullik parlament vakili Said Anvar Saodatning aytishicha, viloyat hokimligi tomonidan hozir sathga yettita hay‘at yuborilgan.

Unga ko‘ra, hay‘atlar o‘z faoliyatini yakunlashi ortidan, butun talofat ko‘lami to‘liq oydinlashadi va jabrdiydalarga risoladagidek yordam ko‘rsatish mumkin bo‘ladi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Biz suhbatlashgan manbaga ko‘ra, suv toshqinlari shimoliy Faryob viloyatida ham kuzatilgan, ammo u qadar jiddiy ziyon yetkazmagan.

Bu kabi tabiiy ofat shimol qolib, Afg‘onistoning g‘arbiy Bodg‘iz viloyatida ham kuzatilgan va u yerda ham o‘ndan ortiq kishining umriga zomin bo‘lgan.

Yuzlab do‘konlar, ayrim hovli-joylar butkul vayron bo‘lgan, yuzlab jabrdiydalarning favqulodda yordamga ehtiyojlari borligi aytiladi.