UzWebiston: O‘zbekistonlik qiz Marsga safar qilish orzusida

"Mars One" loyihasi guruhi qizil planetani butun insoniyat uchun foydali maqsadlarda ishg‘ol qilish imkonlari borligi haqida bildirgan.

Hollandiyalik tadbirkor Bas Landsdorp rahbarligidagi loyiha tashkilotchilari Marsga bir qancha olovqalb yerliklarni olib borib, umrbod qoldirishni ko‘zlamoqdalar. Ular Marsni o‘zlashtirishlari va balki yerliklarning ommaviy borishlariga tayyorlashlari rejalanadi.

Marsga sayohat orzusida ariza topshirgan va dastlabki so‘rovlarga javob bergan 200 ming nomzodlar orasidan 1058 kishi uchinchi, hal qiluvchi turga o‘tganlar. Ularning orasida O‘zbekiston fuqarosi 27 yoshli Anastasiya Stepanova ham bor.

12news.uz sayti yozishicha, muxbirlar Anastiya bilan suhbatlashib, undan fazodagi noma‘lumlik uchun Yerdagi ajoyib hayotdan nega voz kechmoqchi ekanligini so‘rashgan.

Ommaviy axborot vositalarida "Mars One" haqida xabarlar chiqqach, birorta sog‘lom aqlli odam ortga qaytish yo‘li bo‘lmagan safarga borishi mumkin emasdek tuyulgandi.

Biroq ikki turdan o‘tib kelgan ishtirokchilar bilan tanishuv, bunday xulosa chiqarish noto‘g‘riligini ko‘rsatadi.

Albatta, borsa kelmas ishtiyoqmandlari orasida g‘alatiroq odamlar ham, ishqibozlar ham bor, va ro‘yxatdan o‘tish uchun 16 dollarni ayamaganlar orasida omadi kelsa, o‘zining kichik qishlog‘idan chiqib, ekipajning bo‘lajak a‘zolari 10 yil davomida tayyorlanadigan Amerikaga borish xayolidagilar ham bor.

Final turi hammasiga aniqlik kiritadi. Faqat maqsadi hamma narsadan ustun bo‘lgan haqiqiy orzumandlar qolishadi. Ma‘lum bo‘lishicha, ayni zamonda bundaylar ham kam emas ekan.

"Onam tezroq bola tug‘, keyin hech qayoqqa ketishni istamay qolasan, deydi"

Toshkentlik qiz bolaligidan fazoga uchishni orzu qiladi. Yulduzlar olami va sayyoralarni unga otasi ochgan. Ular birgalikda teleskop orqali osmon jismlarini kuzatishgan, tomosha qilishgan.

Bredberi, Lema, Strugatskiy asarlarini o‘qigan. Ijtimoiy fanlarni chuqur o‘rganar ekan, fazogirlikka topshirmadi. 16 yoshda Yangi Zelandiyaga borib, katolik maktabni bitirdi.

Undan so‘ng Moskva Universitetining jurnalistika fakultetiga kirib, kosmik jurnalistikasi bo‘yicha diplom ishini yoqlaydi. Ayni paytda Anastasiya Singapur shirkatining piar menejeri bo‘lib ishlaydi, lekin hali ham fazoga, olis jismlarga muhabbati so‘nmagan. U o‘z xonasini ham fazoviy ko‘rinishda jihozlagan.

Men uchun "Mars One"da qatnashish- bolalik orzuimni ro‘yyobga chiqarishning yagona yo‘lidir, deydi u. Men har doim buyuk odamlarga tenglashishga intilganman, insoniyat uchun nimadir muhim narsa qilishni xohlayman, deb aytadi Nastya.

Hamma fazogirlar men uchun qahramon, fazoga uchish esa allaqanday sirli, shu bilan birga insonni kuchli qiladigan ulkan sinov.

Yerni fazodan ko‘rish, ko‘pchilik tasavvur ham qila olmaydigan fazoda bo‘lish xayoli butun vujudingni qamrab oladi", deydi orzularga berilgan Nastya.

"Loyihada ishtirok etish uchun birinchi turda o‘zi haqida qiziqarli videorolik tayyorlash kerak edi. Keyin ishtirokchilarga anketa savollari berildi. "Yaqinlaringizni hech qachon ko‘ra olmaslikka qanday qaraysiz?", "Hayotingizdagi eng xavfli vaziyat?", "Siz uchun qo‘rqinchli yoki xavfli vaziyatda qanday yo‘l tutasiz?" va boshqa savollar bor edi.

Tashkilotchilar ishtirokchilarning topqirligi, chidamliligi, sabr-bardoshligi, yumor hissi borligi, moslashish va guruhda ishlash xususiyatlariga e‘tibor berishgan.

Keyingi yilda 24 kishi olti ekipaj uchun tanlab olinib, tayyorgarlikni boshlashadi.

"Tanlovning hal qiluvchi talabi bu ruhan chidamlilikdir. Sinovlardan "aqldan ozib qolmaydiganlar" kerak. Bir necha oy biz fazodagi sharoitlarga o‘xshash modullar ichida yashaymiz. To‘rt kishidan, butunlay tashqi dunyodan uzilgan holda. Finalistlarni tezkor tayyorgarliklar- ham jismonan, ham aqliy tayyorgarliklar kutadi. Fizika, kimyo, jarrohlik, bog‘dorchilik va boshqa shu kabi Marsni o‘zlashtirishga kerak bo‘ladigan fanlarni bilish talab qilinadi. So‘ngra imtihonlar qattiq tartibda o‘tkaziladi. Tayyorgarliklar joyi hali aytilmadi".

"Birinchi parvoz 2024 yilga rejalashtirilgan, so‘ngra har ikki yilda yangi ekipaj yetib boradi. Hech kim qaytib kelmaydi, sababi, tashkilotchilar fikricha Marsgacha olis sayohat davomida inson organizmi butunlay o‘zgaradi va Yerdagi hayotga moslashishi umuman mumkin bo‘lmay qoladi. Lekin asosiy muammo hozircha gravitatsiyani yengib, Marsgacha yetib boradigan raketa yaratilgan emas. U yerdagi sharoit albatta to‘g‘risini aytganda, jannatdagidek emas. Atmosfera iflos, radiatsiyadan hech qanday himoya yo‘q, havo haroratining -143 darajagacha tushib, keskin o‘zgarib turishi".

Anastasiya tan olishicha, hali ko‘p narsa noaniq- guruh Marsgacha tirik bora oladimi, yo‘qmi. "Biz u yerda nimani uchratamiz, foydali qazilmalardan tortib, o‘simlik va hayvonlarning ko‘rinishi, xususiyati, odamlarning harakati va ongidagi o‘zgarishlar. Balki biz o‘tmishimiz va hatto kelajagimiz haqida savollarga javob toparmiz. Dunyo tasodiflarga to‘la, fazo esa butunlay o‘zgacha. Men Toshkentda qayta qurishni boshdan o‘tkazib tirik qoldim, menga endi hech narsa qo‘rqinchli emas", deb kuladi Anastasiya.

U keyingi 10 yilda ko‘p narsalar o‘zgarishini yaxshi tushunadi, lekin u hozir oxirigacha borishga ahd qilgan: "Qarindoshlar bilan skayp orqali muloqot qilish mumkin, albatta tanaffuslar bilan...Otam mening qarorimni ma‘qulladi, onam esa qarshi. Onam tezroq bola tug‘, keyin hech qayoqqa ketishni istamay qolasan, deydi. Men oila qurish imkoniyatlarini inkor etmayman, bolam bo‘lishini xohlayman. Hozir qaror berish qiyin: qachonki, tanlov bilan yuzma-yuz qolmas ekansan, o‘zingni qanday tutishni bilmaysan. Ishtirokchilar orasida oilalilari ham bor- shunga qaramay ular ham bolalari va xotinini Yerda qoldirib, parvoz qilishni xohlashadi.

Ajab emas, 10 yilda fan-texnika yana ham oldinga siljib, bizda ham qaytib kelish imkoni tug‘ilsa. Kim biladi: Marsdagi sharoit buyuklikni uyg‘otar va bizning o‘zimiz qaytib kelish yo‘llarini o‘ylab toparmiz? Nima bo‘lganda ham, men o‘ylaymanki, bu fantastik dunyo va tasavvur qilib bo‘lmaydigan sinovlar, muhim missiyaning bir bo‘lagi ekanligingni his qilish, hech kim avval qilmagan ishga qadam qo‘yishing, jangovar ruhni oshiradi.

Balki "Marsga chiqqan birinchi vatandoshimiz" bo‘lish nasib qiladigan qiz ona vataniga qaytishni rejalamoqda: "Men o‘zimga va‘da berdim, to‘y oldi bo‘lajak qallig‘im bilan Toshkent, Buxoro, Samarqandga sayohat qilamiz. U men qayerda tug‘ilganimni ko‘rib, meni, tomirlarimni yaxshiroq tushunishini xohlayman", deb aytadi Anastasiya.

"Fazoga qiziqish erasi qaytadi"

"Mars One" sabab, Nastya o‘z orzularidan hech qachon qaytmaslik kerakligiga amin bo‘ldi. "Biz ulg‘aygach, ko‘pincha nimani xohlaganimiz, orzu qilganimizni unutamiz. Bu bolalik xayollari deb qo‘yamiz. Lekin bunday emas, qalbga quloq solish kerak, hayot esa albatta imkoniyat beradi. Hatto men oxirgi turga o‘tolmagan taqdirimda ham, ushbu loyiha menga ko‘p narsa berdi. Men qiziqarli, nurli odamlar bilan tanishdim: olimlar, tashabbuskorlar, fazoni sevganlar bilan. "Skolkovo" innovatsion markazda ishlaydigan italiyalik fazo muhandisi bilan tanishdim. Unda raketalar uchun yangi dvigatel yaratish g‘oyalari bor.Biz uni ro‘yobga chiqarishga harakat qilyapmiz. Balki bu fan uchun katta yangilik bo‘lishi mumkin. Men o‘zim uchun bu narsalarga bog‘liq bo‘lmagan yangi dunyoni ochdim: quruq xabarlar, siyosatchilar, ijtimoiy tarmoqlardagi zerikarli postlar, ularni ko‘rib kompyuterni tashlab yuborging keladi".

Butun dunyoda ambitsiyali Mars Onega nisbatan tanqidiy fikrlar yangramoqda: texnik amalga oshirish imkoni va moliyaviy jihatdan tayyorlik, shuningdek ishtirokchilar va tashkilotchilarning masalaga qanchalik jiddiy yondashgani savol ostiga olinmoqda.

Ma‘lumki, astronavtlarning tayyorgarlik jarayonida realiti-shou qilinadi, translatsiyadan tushgan mablag‘ loyihaga ketgan xarajatlarning bir qismini qoplashi kutilmoqda. Lekin bunga ham shubha bilan qaralmoqda. Chunki loyihaning o‘zi milliardlab dollar deganidir.

Xususan tashkilotchilarning haqqoniyligi Anastasiyada ham shubha tug‘dirgan: "Hech kim hayotini behuda narsaga qurbon qilishni xohlamaydi. Hamma narsadan voz kechish, bir necha yil tayyorgarlik, oqibatda loyihani amalga oshirish uchun mablag‘ yoki vositalar yetishmasligini bilish. Lekin men buning hammasi shunchaki katta sovun ko‘pigi deb bilmayman. Ko‘p yirik shirkatlar hamkorlik qilish uchun shartnoma imzolashgani loyihaning salmog‘idan darak beradi. Allaqachon loyiha foyda keltira boshladi- odamlar Marsga qiziqa boshladilar. Bu aynan, men har doimi qiziqib kelgan narsadir. Yana xuddi Yuriy Gagarin davrida har bir bolakay fazogir bo‘lishni orzu qilganidek, fazoga qiziqish davri boshlanmoqda. Bu butun bir mafkura, "fazoviy poyga" bo‘lgan edi".

"O‘shanda fazoga birinchi sun‘iy yo‘ldosh uchirilgandan 4 yil o‘tib, fazoga inson chiqdi, bu ulkan o‘zgarish edi. Agar hozir shunday harakat bilan ishlab, o‘shancha kuch va bilim sarflansa, biz ko‘p narsaga erishamiz".

Shunday savol tug‘iladi: o‘zingdagi muammolar qalashib yotganda, begona sayyorani o‘zlashtirishga shuncha kuch va mablag‘ni sovurish shunchalik muhimmi, degan.

Shuningdek, Marsga ommaviy borib joylashishlar haqida gapirilmoqda. Boshqa sayyoraga o‘z tashvishlarimizni eltmasdan, tinch qo‘yganimiz yaxshi emasmi?

"O‘zlashtirish har doim rivojlanishga olib boradi",-deb hisoblaydi Anastasiya. Biz foydalanayotgan ko‘p narsalar -masalan internet fazoni o‘rganish maqsadida yaratilgan. Terrao‘zgarish nazariyasiga kelsak, hamma narsa bo‘lishi mumkin. Bu bir necha asrlar olishi mumkin, biroq bu haqiqat. Lekin men bir narsani bilmayman, shu narsa aslida kerakmi... Men Marsga o‘zim bilan Stanislav Lemaning Solyaris kitobini olib ketmoqchiman. Bu kitob bizni boshqa sayyoralar bilan hamkorligimiz, muloqotimiz haqida. Bu kitob biz doim haq emasligimiz, zarar yetkazishimiz mumkinligini eslatib turadi. Bu kitob menga yordam beradi deb o‘ylayman".

Ayni paytda "Mars One"ning rejasi shunday: dastlab uchuvchisiz kema Marsga asbob-uskunalarni olib boradi. Keyin turar joy vositalari, suv va havo yuboriladi. Shundan so‘ng birinchi to‘rt nafar fazogir uy, quyosh batareyasi va boshqa narsalarni o‘rnatish uchun yo‘l oladi. Biz yerliklar esa buni kuzatamiz. Nastya bu jarayonlar to‘liq ilmiy tarzda bo‘lishiga umid qiladi. Aks holda u loyihada ishtirok etishni rad qilishi mumkin. "Men shov-shuvni yoqtirmayman. Buning orqasidan juda ham ko‘p g‘arazliklar, yomon narsalar bor. Birinchi marta mening qatnashishim aniq bo‘lgach, qo‘ng‘iroqlar, noo‘rin savollar va izohlar bo‘lganini eslayman. Xuddi sening orzuing balchiqqa toptalgandek achchiq his paydo bo‘lgandi".

"Men xohlamayman, loyihada aqlan sog‘ bo‘lmagan hudkushlar ishtirok etyapti deyishlarini. Biz butunlay sog‘lommiz va hozir oddiy odamlar buyuk ishlarni yaratadigan vaqt ekaniga ishonamiz", deydi Marsga chiqish orzusidagi o‘zbekistonlik qiz.