Putin internetni Markaziy Josuslik xizmati loyihasi deb atagach, Yandeks hissalari tushdi

Image copyright AP

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning "Yandeks" qidiruv xizmati faoliyatining boshida G‘arbning kuzatuviga tushgani haqidagi gaplaridan so‘ng, Rossiyaning IT-shirkati hissalari AQSh birjalaridagi narxi 5 foizga arzonladi.

"Yandeks endi ish boshlaganda, ularga ham bosim o‘tkazishdi: shuncha amerikalik, shuncha sonli ovro‘polik bo‘lishi lozim degan, va ular bu bilan hisoblashishlariga to‘g‘ri keldi", deb aytgan Putin Sankt Peterburgdagi Media forumda.

Shuningdek Putinning internet to‘g‘risida bildirgan boshqa so‘zlari ham shov-shuvli bo‘ldi.

Axborot xavfsizligi va xalqaro tarmoqlarning rivojlanish qonunlari haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashar ekan, Rossiya prezidenti shunday deydi:" bu sohaning asoschilari- amerikaliklar va ular o‘z monopoliyalarini saqlab qolishga harakat qilishmoqda" va "internet Markaziy Josuslik xizmatining maxsus loyihasi sifatida paydo bo‘ldi va shu tarzda rivojlanmoqda".

"Internet MJXning maxsus loyihasi" iborasi dunyoning yetakchi ommaviy axborot vositalari sahifalariga chiqdi. Ushbu fikrdan so‘ng josuslik xizmatidan chiqqan Vladimir Putinning Amerika maxsus xizmatlari bilan aloqasi bo‘lganiga e‘tibor qaratgan internet shirkatlarda xavotir uyg‘otmay qo‘ymadi.

Ayni paytda Rossiya prezidenti matbuot so‘zchisi Dmitriy Peskov BBCga ommaviy axborot vositalari Putinning so‘zlari ma‘nosini to‘g‘ri tushunganlari aytgan.

"Raqamli tajovuz"

Media forumda Putinning e‘tiborini Yandeksga tortgan bloggerlardan biri "Yandeks bir tomondan qidiruv xizmati, boshqa tomondan axborot vositasi kabi", deb aytgan.

"Shu bilan birga Yandeks ommaviy axborot vositasi sifatida litsenziyaga ega emas va o‘z xabarlari bo‘yicha mas‘uliyatni zimmasiga olmaydi. Biroq Yandeksni o‘n millionlab odamlar ko‘rishadi. "Hukumat bizni raqamli tajovuzdan qutqarish uchun qachon qadam tashlaydi" deb so‘raydi blogger.

"Bu yerda hammasi oddiygina emas. Ular nima qilishadi, nima qila olishmaydi, o‘zlaridan so‘rash kerak", deb javob beradi Putin, lekin raqamli tajovuz deganda nima nazarda tutilishi va Rossiyaning qidiruv xizmatining qanday o‘rni borligiga aniqlik kiritmaydi.

"Yandeks milliy tizim, lekin ro‘yxatga olishning bir qismi xorijda amalga oshiriladi, albatta faqat soliq uchun emas, balki boshqa sabablarga ham ko‘ra", deydi Putin.

Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, AQSh ochiq birjalarida Yandeks hissalari narxi 5 foizga tushgan. Keyinroq Yandeks bu zararni biroz qoplashga erishgan, lekin aktsiyalarning avvalgi narxlari qayta tiklanmagan.

Shu haftada Rossiya Davlat Dumasi mamlakatdagi internet shirkatlar ustidan nazoratni kuchaytirish haqida qonun loyihasiga o‘zgartirishlarni qabul qilgan.

"Qo‘shma Shtatlarda internet ma‘lumotlarning katta qismi kuzatilib, ro‘yxatga olinishini hisobga olinsa, yirik milliy internet vositalarning serverlarini Rossiyada joylashtirish va ulardagi ma‘lumotlarni himoya qilish zarur", degan shuningdek Putin.

Bu yerda gap elektron pochta, lahzalik xabarlar jo‘natish tizimlari va ijtimoiy tarmoqlar haqida ketmoqda.

Shuningdek "VKontakte" ijtimoiy tarmog‘ining asoschisi Pavel Durov bir-ikki kun oldin Rossiyani tark etdi va orqaga qaytishni rejalamayotganini aytdi.

"Afsuski bu mamlakatda hozir internet biznes qilishning imkoni yo‘q", deb bildirdi Durov. Xabarlarga ko‘ra, Durov xavfsizlik xizmatlari bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lmagani uchun vazifasidan ketishga majbur bo‘lgan.

Putinning Mediaforumdagi chiqishidan anglanishicha, Rossiyada axborotlar xavfsizligini ta‘minlash bo‘yicha ko‘rilgan chora tadbirlar yetarli emas.

Putin oldinroq Rossiya shirkatlarida kapital jamg‘arish imkoniyatlari bo‘lmagani, hozir paydo bo‘layotgani haqida qayd etdi.

Biroq Putin aynan qaysi shirkatlarni ko‘zda tutayotganini ochiqlamagan.

Vladimir Putinning ishonishicha, mahalliy internet tizimi tezlik bilan rivojlanadi va yaqin kelajakda Rossiya manfaatlarini himoya qilishga qodir bo‘ladi.