Slavyanskda aksilterror amaliyotlar davom etmoqda

Image copyright Getty

Ukraina muvaqqat Ichki Ishlar vaziri Arsen Avakovga ko‘ra, mamlakat sharqidagi aksilterror amaliyotlar to‘xtatilmagan.

Shu bilan birga janob Avakov ushbu amaliyotlarda tinch aholi uchun hech qanday xavf bo‘lmasligini ta‘kidlagan.

Payshanba kuni Ukraina xavfsizlik kuchlari Slavyanskdagi uch blok postni qo‘lga olib, buzib tashlaganlari aytilgandi. Bu haqdagi video lavha namoyish etilgan.

Biroq shaharda bo‘lginchilarning ta‘siri hali kattaligi, ular nazoratidagi binolarni qaytarib olishga harakat qilinayotgani bildirilgan.

Slavyanskda vaziyat tinchligi Rossiya qo‘shinlari Ukraina chegarasida harbiy mashqlarni boshlagach amaliyotlar to‘xtatilganidan emas, balki bu shahar aholisini himoya qilish maqsadida ta‘minlanganini aytgan Avakov.

"Bir qancha ommaviy axborot vositalari yozganidek, Rossiya qo‘shinlari kirib kelishi xavfidan amaliyotlar to‘xtamadi, davom etmoqda. Terroristlar kunu tun xushyor bo‘lishlariga to‘g‘ri keladi", deb yozadi u Facebookda.

"Aksilterror amaliyotlarning muhim jihati bu tinch aholi uchun xavfni minimum darajaga tushirishdir. Biz kuch ishlatar yo‘llar bilan kurashmaymiz. Shafqatsizlik va kuch ishlatish qo‘lida qurol bo‘lgan terroristlar uchundir", deydi u.

Shuningdek Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari Vasiliy Krutov tinch aholi orasida qurbonlar berilishining oldini olish maqsadida armiya Slavyanskda hujumlarni amalga oshirmaydi degan.

"Biz jangda qurbonlar berilishi mumkinligini tushunamiz. Lekin qandaydir g‘alaba uchun tinch aholi orasida qurbon berilishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Jinoyatchi terroristlar albatta javob berishlari kerak", deb aytgan Krutov.

Keyinroq Ukraina prezident ma‘muriyati rahbarini bajaruvchi Sergey Pashinskiy qurbonlar berilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Slavyanskni o‘rab olishga qaror qilinganini ma‘lum qilgan.

Unga ko‘ra, terroristlar bolalar bog‘chasi va kasalxonalarda o‘rnashib olganlar.

Ukraina xavfsizlik xizmatiga ko‘ra, Kramotorsk aerodromida Mi-8 tikuchar portlagan. Tikucharga snayper o‘q uzgan, bir kishi yaralangan.

Shuningdek, Odessa blok postidagi portlashda yetti kishi jarohat olgan.

Payshanba kuni deputat Vladimir Ribakning dafn marosimi bo‘lib o‘tgan. U bilan birga topilgan jasadning Kiyevlik talaba faolniki ekani aniqlangan.

Ukraina xavfsizlik xizmati ma‘lumotlariga qaraganda, Donbassning yetti shahri, xususan Donetsk, Lugansk, Gorlovka, Slavyansk va Kramatorskdagi davlat idoralarini bo‘lginchilar egallab turishibdi.

Rasmiy Kiyevning ta‘kidlashicha, ular orasida Rossiya harbiylari va maxsus xizmat vakillari bor.

Ukraina rasmiylaridagi ma‘lumotlarga binoan, Rossiya maxsus xizmat xodimlari bir necha yil Ukrainada soxta huddat bilan yashab, buzg‘unchilik faoliyatini olib borishgan.

Ayni paytda jazo izolyatorida 25 ta Rossiya maxsus xizmat xodimlari borligi aytilgan.

Rossiya Donbassda o‘z harbiylari borligini rad qilib keladi.