Shimoliy Afg‘oniston: Toshqin qurbonlari soni yanada ortgan

Shanba kuniga kelib, payshanba tungi halokatli suv toshqinlari qurbonlarining soni birgina shimoliy viloyatlarning o‘zida 125 kishiga yetgan.

Haliyam o‘nlab kishilarning daragi yo‘q. Qurbonlar soni bundan-da oshishi kutilmoqda.

Tabiiy ofat, ayniqsa, o‘zbeklar zich yashovchi Jauzjon, Faryob va Saripulda juda og‘ir kechgan.

Haliyam eng katta sondagi qurbonlar Jauzjonda qayd etilmoqda.

Bugunga kelib ularning soni oltmishdan ortgan. Saksonga yaqin kishining esa, daragi yo‘q.

Ikkinchi kundirki, viloyatda o‘z uylari tomlarida qolib ketgan minglab kishilarni qutqarish ishlari davom etmoqda.

Biz Jauzjon hokimi Boymurod Qo‘yinli bilan bog‘lanib, so‘nggi tafsilotlarni so‘radik:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Bugun Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay qurbonlar yaqinlariga o‘z ta‘ziyasini izhor etgan va afsus-nadomatlarini bildirgan.

Janob Karzay mas‘ul idoralardan tabiiy ofat jabrdiydalariga zudlik bilan yordam berishlarini so‘ragan.

Afg‘on rahbari zarar ko‘rgan hududlardagi vaziyatni yaqindan o‘rganish uchun u yerlarga o‘z muovinini ham yuborishga qaror qilgan.

Agar, so‘nggi ma‘lumotlarga tayanilsa, Faryob Afg‘oniston shimolini o‘z zabtiga olgan so‘nggi halokatli suv toshqinlaridan eng ko‘p jabr ko‘rgan ikkita viloyatdan bittasi bo‘lib chiqqan.

Bu yerdagi qurbonlarning soni o‘ttizdan ortgan. O‘nlab odamlar yaralangan.

Minglab xonadonlar jabr ko‘rgan, ikki mingdan ortiq hovli-joy vayron bo‘lgan.

Biz suv toshqinlaridan jabr ko‘rgan sathlardagi so‘nggi vaziyatni bilish uchun avvalroq viloyat kengashi kotibi Hoji Abdul Boqiy janoblari bilan bog‘langandik:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Jauzjon va Faryob kabi payshanba tungi suv toshqinlaridan jiddiy jabr ko‘rgan shimoliy Saripul viloyatida ham qurbonlar soni keskin ortgan.

Hozirga kelib ularning soni oltitadan qariyb o‘ttizga yetgan. O‘nlab kishilarning hanuz daraklari yo‘q.

Tabiiy ofatdan ikki kun o‘tgan esa-da, bu uch viloyatda ham minglab jabrdiydalarning, hatto, favqulodda yordamga ehtiyojlari borligi aytiladi.

Biz bugungi vaziyatni bilish uchun avvalroq saripullik parlament vakili Sayid Anvar Saodat bilan bog‘langandik:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Afg‘oniston parlamentining shanba kungi majlisida vakillar insoniy talofatlarning qanchalik katta ekanini nazarda tutib, hukumatdan bir kunlik motam kuni e‘lon etishini so‘rashgan.

Ayrim vakillar esa, yarim yoki bir oylik maoshlarini suv toshqinlari jabrdiydalariga ko‘mak uchun ajratishlarini bildirishgan va boshqalarni ham bunga safarbar qilish harakatiga tushishgan.

Tabiiy ofatdan jiddiy ziyon ko‘rgan bu uch viloyatda kimliklari aniqlangan qurbonlar jasadlarini dafn etishga ham kirishishgan.