Markaziy Afrika poytaxtini oxirgi musulmonlar tark etdi

Image copyright AFP

Markaziy Afrika Respublikasi poytaxti Bangiu shahridan oxirgi musulmon guruh olib chiqilgan.

Frantsiya va Afrika harbiylari nazoratida 1220 nafar musulmon 18 yuk mashinasida mamlakat shimolidagi Bambari shahriga yo‘l olgan.

Ular Bangiudagi oxirgi musulmonlar bo‘lgani aytiladi.

Xabarlarga ko‘ra, yakshanba kechqurun Markaziy Afrikadagi “Chegara bilmas shifokorlar” xalqaro insonparvarlik tashkilotining Bangiudan shimolda Nanga Boguila qishlog‘idagi klinikasiga nasroniy jangarilar hujum qilganlar.

Xalqaro tashkilot vakilinining aytishicha, uch shifokor halok bo‘lgan.

Shuningdek qurolli guruh yana 15 mahalliy faolni o‘ldirgani haqida xabarlar bor.

Image copyright Reuters

2013 yil Bangiuda musulmonlarning “Seleka” va nasroniy isyonchilarning “Antibalaka” guruhlari o‘rtasida to‘qnashuvlar kelib chiqqan.

Diniy nizolar oqibatida minglab odamlar o‘ldirilgan, milliondan ortiq inson yashab turgan joylarini tashlab qochishga majbur bo‘lgan.

Frantsiya tinchlikparvar kuchlari va Afrika Ittifoqi armiyasi hamkorlikda Markaziy Afrika Respublikasida tartib o‘rnatishga urinmoqda.

O‘tgan oy Xalqaro Amnistiya tashkiloti xalqaro tinchlikparvar kuchlari Markaziy Afrika respublikasidagi musulmonlarning qirg‘in qilinishini to‘xtata olmaganini aytgan

Image copyright AFP

Tashkilotga ko‘ra, "tarixda kuzatilmagan darajada ko‘p musulmonlar mamlakatni tashlab qochishmoqda".

Yordam tashkilotlari aksar do‘konlar va ulgurji bozorlari musulmonlar qo‘lida bo‘lgani bois endi mamlakatda oziq-ovqat inqirozi yuzaga kelishidan ogohlantirgan.

Musulmon tijoratchilar poytaxt Bangini tashlab qochishi ortidan narx-navolar ham osmonga sapchigan.