"Barselona" o‘yinchisi o‘ziga irg‘itilgan bananni yeb qo‘ydi

Image copyright getty

Qay bir o‘yinchisi va nega bunday qildi ekan-a, desangiz, nahang ispan jamoasining yarim himoyachisi Dani Alves.

Yo‘q, qorni ochligidan yoki banan yegisi kelib ketganidan emas, albatta: Dani irqchi ishqibozning qilig‘iga yarasha ana shunday javob qiladi.

Hodisa Ispaniya milliy chempionatining "Barselona" va "Vilyarreal" o‘rtasida yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvi chog‘ida yuz beradi.

Dani Alves o‘ziga irg‘itilgan bananni yerdan olib, po‘stini archadi-da, uni yegancha, to‘pni o‘yinga kiritadi.

Uning irqchi ishqibozning qilig‘iga bu kabi munosabati o‘yinni sharhlayotgan angliyalik sobiq futbol yulduzlaridan Gari Linekerning ham olqishlariga sazovar bo‘ladi.

"Juda ajoyib ish qildi. U ahmoqona irqchilikka butun nafratini shu tariqa izhor qildi", - dedi o‘zi ham bir vaqtlar "Barsa" safida ham to‘p surgan va hozirda futbol sharhlovchisi bo‘lgan Lineker.

Valensiya chekkasidagi "El Madrigal" stadionida bo‘lib o‘tgan muhim uchrashuvda "Barsa" 2:3 hisobi bilan g‘alaba qozonadi va kiritilgan to‘plarning ikkitasida aynan Dani Alvesning hissasi katta bo‘ladi.

Unga banan irg‘itib, haqorat qilmoqchi bo‘lgan ishqiboz sabab, endi stadion rahbariyati ma‘muriy javobgarlikka yuz tutishi mumkin.

Bu o‘yindagi g‘alaba esa, "Barsa"ga suv va havodek zarur edi.

Chunki Ispaniya milliy chempionati tugashiga bor-yo‘g‘i uchta o‘yin qolgan bir paytda, jamoa turnir jadvali peshqadami Madridning "Atletiko"sidan to‘rt ochko farq bilan orqada bormoqda.

Ustiga ustak, Ispaniyaning amaldagi chempioni bu yilgi mamlakat kubogini ham yaqinda ashaddiy raqibi "Real" Madridga yutqazib qo‘ygandi.

Irqchilikka qarshi

Image copyright Getty

Braziliya milliy terma jamoasining a‘zosi bo‘lgan Dani Alves 12 yildan buyon Ispaniyada to‘p surib keladi.

O‘zi bananni yeb ko‘rsatgan uchrashuv ortidan esa, Alves qoloq odamlarning bu kabi qiliqlarining ustida faqat kulish kerakligini aytgan.

Hamyurti va jamoadoshi bo‘lgan Neymar ham stadionda yuz bergan voqeani "sharmandali", deb baholagan.

Neymar, Instagramdagi sahifasida "Biz hammamiz maymunmiz va barchamiz bir xilmiz. Irqchilikka toqat qilmang!", - deb izoh qoldirish barobarida unga qo‘lida o‘zi ham banan bilan tushgan suratini ham ilova qiladi.

O‘tgan yil yanvar oyida ham Dani Alves "Real" Madridga qarshi o‘yin chog‘ida bu kabi haqoratlarga duch kelganidan shikoyat qilgandi.

Braziliyalik nomdor futbolchi, o‘z o‘rnida, Ispaniya futboli rahbariyatini bir necha bor stadionlardagi har qanday irqchilik hollariga qarshi jazo choralarini kuchaytirishga ham chaqirib chiqqan.