Vladimir Klichko ishtirokidagi chempionlik bellashuvi Rossiyada ko‘rsatilmadi

26 aprelda Olmoniyaning Oberxauzen shahrida boks bo‘yicha jahon chempioni, ukrainalik Vladimir Klichko va avstraliyalik Aleks Leapai o‘rtasida IBF, WBA, WBO, IBO tasniflari bo‘yicha chempionlik bellashuvi bo‘lib o‘tdi.

Jang to‘liq Vladimir Klichko ustunligida o‘tdi va 5-raunddayoq Aleks Lepaini nokautga uchratdi.

Ukrainalik bokschi sakkiz yildirki chempionlik kamarini muvaffaqiyatli himoya qilib keladi. Leapai bilan jang Klichkoning professional karerasida 65-si sanaladi.

Boks kechasi 150 dan ortiq mamlakatga translatsiya etilgan. Biroq Rossiyada ushbu bellashuvni ko‘rsatmaslikka qaror qilingan.

Oldinroq Vladimir Klichko Aleks Lepai bilan jangining Rossiya kanallarida translatsiya qilinmasligi vaziyatiga aniqlik kiritgan va rossiyalik boks muxlislari bellashuvni ko‘ra olmasliklaridan afsus bildirgan.

"Bunday qarorga kelinganining asl sababi nimaligini men aniq bilmayman. Lekin bu ayni paytda Ukrainadagi siyosiy hodisalar bilan bog‘liq ekanini tushunmaslik qiyin emas. Men Rossiya telekanallari boks kechasini uzatmasligi haqida xabar topgach, afsuslandim.

O‘ylaymanki, bunda eng ko‘p Rossiya televideniyesi zarar ko‘rdi albatta. Chempionlik kamari uchun bellashuvlar muhim hodisa, bunda telekanallar yaxshigina daromad olishlari aniq. Shu tufayli 150 dan ortiq mamlakatlar translatsiya qilishi ham bekorga emas. Afsuski, bunda rossiyalik boks muxlislari mag‘lub bo‘lib qolishyapti. Men o‘ylaymanki, ularning ko‘pchiligi rossiyalik Povetkin bilan uchrashuvimdan so‘ng mening keyingi jangimni ko‘rishni xohlashlari aniq. Va ular bundan bebahra qolayotganlaridan men afsusdaman, deb aytgan chempion Klichko.

Image copyright RIA Novosti

Vladimir Klichko shuningdek o‘zining bugungi raqibi avstraliyalik Aleks Leapaining kecha aytgan so‘zlarini izohlagan.

Ma‘lumki, boks- shoularda sportchilar e‘tibor qozonish, o‘yinga qiziqishni kuchaytirish maqsadida raqibiga nisbatan ancha keskin, g‘ayritabiiy bayonotlar bilan chiqishadi.

Avstraliyalik sportchi Leapai ham o‘z navbatida Vladimirning ustidan g‘alaba qozonish uchun uning yuragini sug‘urib olishi kerakligini aytgan.

Bunga javoban, Vladimir Klichko "men odamlarni uraman, lekin ularning yuragini sug‘urib olmayman. Shuning uchun Aleksning yuragini sug‘urib olish va yeyish niyatim yo‘q. U o‘z yuragini o‘zi, oilasi, bolalari uchun saqlab qolsin. Boshqasi bilan men o‘zim shug‘ullanaman. Va aniq bilaman, nimani qilish kerak, nimani qilmaslikni. Yillar davomida yig‘ilgan tajribani do‘kondan sotib ololmaysan", deb aytgan Vladimir Klichko.

Bundan avval britaniyalik bokschi Devid Xey aka-uka Klichkolarning boshlarini qo‘lida ushlab turgan surati aks etgan futbolkada matbuot anjumaniga kelgan va keskin murojaatlar bilan chiqqan edi.

Bu galgi boks kechasida ham ringda odatdagidek Klichko burchagida uning akasi, sobiq jahon chempioni Vitaliy Klichko maslahat berib turdi.

Shuningdek Vitaliy Klichkoning turmush o‘rtog‘i Natalya Klichko Ukraina gimnini kuyladi. Vladimirning qallig‘i amerikalik aktrisa Xayden Paneteri ham chempionni quvvatlab turdi.