Rossiyaparast isyonchilar OXHT xodimlarini mahbuslarga almashtirmoqchi

Image copyright AFP
Image caption Slavyansk hanuz rossiyaparast bo‘lginchilar qo‘lida qolmoqda

Ukrainaning sharqiy Slavyansk shahridagi rossiyaparast isyonchilar o‘zlari ushlab turgan Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilarini Kiyevdagi hokimiyat tomonidan hibsga olingan federalizm tarafdorlariga ayirboshlashlarini aytishgan.

Bu haqda o‘zini shahar hokimi deb e‘lon qilgan Vyacheslav Ponomarev ma‘lum qilgan.

RIA Novosti agentligining iqtibos keltirishicha, bo‘lginchilar OXHT kuzatuvchilarini ozod qilish evaziga jumladan, janob Ponomarevning o‘rinbosari Igor Perepechenkoning qo‘yib yuborilishini talab qilishmoqda.

Perepechenko Moskvadan qaytayotgan payt Donetsk aeroportida hibsga olingandi.

Janob Ponomarevning so‘zlariga ko‘ra, OXHT xodimlari o‘zlarini yaxshi his qilishmoqda.

"Biz ularga yaxshi sharoitlarni yaratib berganmiz. Ular asir emas, ular bizning mehmonimiz", - deb aytgan o‘zini Slavyansk shahar hokimi deb e‘lon qilgan Ponomarev Interfaks xabar agentligiga.

U shuningdek, Gorlovka shahrida qo‘lga olingan va rossiyaparast jangarilar tomonidan ushlab turilgan Ukraina Xavfsizlik Xizmati zobitlarini ham, agar Kiyevdagi rasmiylar manfaatdor bo‘lishsa, ayirboshlash rejalanayotganini aytgan.

Avvalroq Slavyanskdagi rossiyaparast isyonchilar qo‘lga olingan OXHT xodimlaridan birini, sog‘ligi yomonlashgani tufayli ozod etishgan.