Noma‘lum asirlar tarixi

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Ma‘lumki, Birinchi Jahon urushiga 1914 yilning 28 iyun kuni Avstro Vengriya imperiyasining vorisi shaxzoda Frants Ferdinandning imperiya tarkibidagi Bolqondarda, Sarayevo shahrida o‘ldirilishi bahona bo‘lgan edi. Bu urush to 1918 yilga dovur davom etib, unda 70 million askar qatnashgan. Bulardan 9 millioni jang maydonlarida halok bo‘lgan. Avstro-Vengriyalik askarlardan 2 millionga yaqini asirga tushib, 200 mingi Turkistonga badarg‘a etilgan. Hamid Ismoil bularning taqdirini Vena shahridan o‘rganishni boshladi.

Men shu kunlarda Avstriyaga safar qilar ekanman, Ovro‘poning eng markazida joylashgan bu sokin shahar, uning poytahti ko‘rkam va osoyishta Venaning ko‘chayu bog‘lari bo‘ylab sayr etgan chog‘imda, bundan rosa yuz yil avval mana shu tinch o‘lkayu, shu oroyish shahar Birinchi Jahon urushining markazida bo‘lganini hech o‘zimga tasavvur qilolmasdim.

Lekin shahar markazida qad ko‘targan Frants Ferdinandning ulkan haykali go‘yo musaffo osmondan yerga qalin soya tashlar ekan, xotiramda kitoblarda o‘qigan hikoyalar qayta jonlana boshlagandek bo‘ldi.

Men Venada birinchi Jahon urushi va bu urushning asoratlari bugungi Avstriyadanu, o‘sha paytdagi Avstro-Vengriya imperiyasidan minglab chaqirim olisdagi Turkistonga qadar yetib borganini o‘rganuvchi muarrix Peter Fels bilan uchrashgani kelgan edim.

Piter Fels meni Vena chekkasidagi Urush Muzeyiga taklif qilib, o‘zining ixtisosi bu urushda chor Rossiya armiyasiga asir tushgan Avstro Vengriyalilarning Turkistonga jo‘natilgan qismi bilan tanishtiradigan bo‘ldi. Bularning soni qancha bo‘lgan deb so‘radim men undan.

Piter Fels: O‘sha payt ikkiyuzming avstro-vengrlar Turkistonga asir sifatida jo‘natilgan. Bularning aksari urushning boshidayoq ya‘ni 1014-15 yillari asirga tushishgan. Bular asosan tog‘li mavzelardan bo‘lgan qishlo? aholisi edi. Bular ruslar bilan Karpati tog‘larida va Galitsiyada urushishgan. Bular Lvov atrofida va ayniqsa Pshemisl degan istehkom garnizoni tarkibidagi askarlar bo‘lishgan.

Bular turli tabaqa vakillari bo‘lishgan, zobitlar, tabiblar, o‘qituvchilardan tortib to dehqonlarga qadar. Aksari Tirol, Freyburg va Avstriyaning g‘arbidagi tog‘lardan tushgan de?hqonu cho‘ponlar bo‘lishgan. Birinchi yillari ular jamloqlarda turli vaziyatu holatlarda yashashgan. Oktyabr inqilobidan keyin esa bularni rasman ozod etishgan, biroq oziq-ovqat berishni to‘xtatib qo‘yishgan. Ular o‘zlarini o‘zlari boqishga majbur bo‘lishgan. Ular o‘z soxalari bo‘yicha - kimi musiqachi, kimi o‘qituvchi, kimi kosib, kimi shaxtada, kimi qurilishda ishlab kun ko‘rib yurishgan.

Piter Felsning aytishicha bularning 40 mingga yaqini Turkistonning o‘zida terlama kabi kasalliklarga duchor bo‘lib o‘lib ketishgan, bir qismi yerlik xalq bilan aralashib ketgan, aksari esa amal-taqal qilib o‘z ona yurtlariga bir qancha yillardan keyin qaytib kelishgan. Ditmar Tsirl shunday asirlardan biri Karl Tsirlning nabirasi. U o‘z bobosining aytib bergan so‘zlarini eslaydi.

Ditmar Tsirl: O‘sha payt haqida aytib bobom qishlar u yerda o‘ta sovuq, yozlar esa o‘ta issiq bo‘lganini aytar edi. U xatlarida ham buni yozgan, so‘zlab ham bergan, o‘sha payt jamloqdagi kabi bu qadar sovuqlikniyu bu qadar issiqni umrida boshqa ko‘rmagan ekan. Oktyabr inqilobidan keyin jamloq yopilsa-da ularning uylariga qaytishiga ijozat bo‘lmagan. Nafaqat ijozat, balki imkon ham bo‘lmagan. Marhum bobom buni menga so‘zlab berganida men undan: "Ozod ekansiz, nega Avstriyaga, vatanga qaytmadingiz" - deb so‘rasam, bobom menga uning o‘z oti, o‘z miltig‘i, hatto o‘z qirg‘iz sherigi borligini bildirganu, lekin aytishicha ko‘plar qaytishga uringan bo‘lsa-da, biroq yo‘lda ocharchilikdan, tashnalikdan o‘lib ketishgan. Na ovqat, na suv bo‘lgan, degan u. Rus armiyasi tarafidan ushlanganlar esa otib tashlangan. Shundan bobom u yerda qolishga qaror qilgan.

Mening bobomdan bir dasta xatu rasmlar qolgan, deydi Ditmar Tsirl. Men ularni yaqinda qayta o‘qib chiqdim. Bobom urushga ketishidan uch oy avval bir qiz bilan unashib ketgan. U urush jabhasidan, keyin esa asirga tushib uzoq Turkistondan unga xat yozib yurgan. Bu xatlarda u nafaqat o‘zining qizg‘in muhabbati, balki qayerga tushgani, u yerda hayot nechog‘ligini, band bo‘lgan ishlarini va shunga o‘xshash narsalarni yozib borgan. Bularning bari rasmlar bilan birgalikda mana endi menga meros bo‘lib qoldi, deydi Ditmar Tsirl.

Shu kunlarda Ditmar Tsirl tarixchi Piter Fels bilan ?o‘shilishib bobosi asirligini o‘tkazgan Toshkentu, Samarqand, Buxoroyu Xo‘jand, O‘shu Farg‘onalarga safar qilish taraddudida.

U bobosini eslar ekan, o‘sha olis yurtlarda toshoyna chiqaradigan zavod qurganiniyu, boshidan kechirgan uqubatlari bilan birga o‘z muhabbatini saqlab qolganini xatu rasmlar bilan bir qatorda bobosining hikoyalari aosida bularni so‘zlaydi.

Bir payt, deydi u, bobomdan maktublar uzilib qolgan. Inqilob yuz bergani yuzasidan bo‘lsa kerak. Uning qaylig‘i dunyoni boshiga ko‘targan, turli tashkilotlarga xatlar yozib bobom xaqida ma‘lumot topishga harakat qilgan. Endi u payt urush, inqilob, dunyo ag‘dar-to‘ntar bo‘lgan payt emasmi, keyin yana mana bu xatlar kelgan. Birida "Men mana Peterburgdaman", degan, yana birida esa "Mana men Berlindaman, 45 daqiqadan keyin oldingda bo‘laman" deb yozgan, deydi Ditmar Tsirl.

Axir bobosi kelib o‘z qaylig‘iga shuncha hijrondan keyin uylangan. Buni buvim ham ko‘p eslardi, deydi Ditmar.

Men undan: "Bularning bari Siz uchun nimasi bilan muhim?" deb so‘radim.

Ditmar Tsirl: Bularning bari oilamizning tarixi, milliy tariximizning bir bo‘lagi, Ovrupo tarixi. Hozirda Rossiya va Ukraina orasida bo‘layotgan voqealar manzarasida men uchun bu ozodlik, erk, hurriyat degan so‘zlarning ramzidir. Bularni o‘rganib, o‘z tariximizning, va nafaqat o‘z tariximiz - o‘sha olis o‘lkalar Turkiston tarixining bir qismi sifatida saqlab qolish bizning vazifamizdir. U uzoq o‘lkalar haqida gapirar ekanman, bobom o‘sha o‘lka xalqi orasida yashagan, ular bilan do‘st tutingan, uning qirg‘iz sherigi bo‘lgan, u hozirda O‘zbekiston, Tojikiston bo‘lgan o‘lkalarda yashagan. Bularning bari oilamiz tarixining bir bo‘lagi.

Agarda Siz Birinchi Jahon urushi haqida biror bir materialga ega bo‘lsangiz yoki oilangizda biron bir hikoya saqlanib qolgan bo‘lsa, bizga elektron pochta orqali yozib yuboring. Manzilimiz uzbek@bbc.co.uk