"Qo‘shni O‘zbekiston va Turkmanistondan ham yordam so‘ramoqchimiz"

Qo‘shni Afg‘onistonning payshanba tungi halokatli suv toshqinlaridan jiddiy jabr ko‘rgan va o‘zbeklar zich yashovchi qator shimoliy viloyatlari mas‘ullari BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatlarida ana shunday niyatda ekanliklarini bildirishdi.

Kutilmagan tabiiy ofat payshanbadan jumaga o‘tar kechasi Afg‘oniston shimoli va shimoli g‘arbini o‘z zabtiga olgan hamda jiddiy talofatlarga sabab bo‘lgandi.

Jalayu do‘l bilan birga yopirilgan suv toshqinlaridan Afg‘onistonning, ayniqsa, O‘zbekistonning shundoq biqinidagi shimoliy Jauzjon, Saripul va Faryob viloyatlari eng ko‘p ziyon chekishgan.

BBC O‘zbek Xizmati jabr ko‘rgan mintaqadan olishga muvaffaq bo‘lgan eng so‘nggi ma‘lumotlarga tayanilsa, halokatli tabiiy ofatdan besh kun o‘tib, g‘arbiy Bodg‘izdagisi bilan qo‘shib hisoblaganda, qurbonlarning ja‘mi soni ikki yuzga yaqinlashgan.

Jauzjon va Saripulda esa, haliyam qirqqa yaqin kishining daragi yo‘q va hanuz suvu loylar orasidan ularni qidirish ishlari davom etmoqda.

So‘nggi tabiiy ofatdan eng ko‘p jabr ko‘rgan Jauzjon viloyati hokimi Boymurod Qo‘yinlining biz bilan suhbatida aytishicha, davomiy yordamga ehtiyojlari bor va allaqachon ko‘mak so‘rab qo‘shni Turkmanistonga ham murojaat qilishgan.

Hokim janoblariga ko‘ra, erta-indin O‘zbekistonga ham ko‘mak so‘rab, maktub yo‘llashni ko‘zlab turibdi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image copyright AFP

Halokatli suv toshqinlari bu to‘rt viloyatda jiddiy insoniy talofatlarga sabab bo‘lishdan tashqari, minglab uylarni ham butkul vayron qilgan.

O‘n minglab odamlar boshpanasiz, bor-budlaridan mosuvo qolishgan.

Tojirlar, ko‘ngillilar va markaziy hukumat tomonidan imkon qadar yetkazilayotgan yordamlarga qaramay, hamon dalayu dashtda, bir parcha chodir ostida boshpana topib turganlari ham oz emas.

Agar, o‘zi ham saripullik bo‘lgan Afg‘oniston parlamenti vakili Sayid Anvar Saodatning so‘zlariga tayanilsa, yo‘llarni suv butkul yuvib ketgani bois, oradan shuncha kun o‘tib ham, qator jabrdiyda tumanlarga deyarli yordam yetkazilmagan.

Suhbatdoshimizning aytishicha, bu tumanlardagi tabiiy ofatorti vaziyat va jabrdiydalarning ahvolidan ham butkul bexabarlar.

Parlament vakiliga ko‘ra, hozir viloyat mas‘ullari va qator xalqaro tashkilotlar vakillari bilan birga qanday qilib u yerlarga yordam yetkazish ustida bosh qotirishmoqda:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image copyright BBC World Service

Tabiiy ofatdan anchayin jiddiy ziyon ko‘rgan shimoliy Faryob viloyatilik mas‘ullarga ko‘ra esa, haliyam minglab jabrdiydalarning chodirlarga ehtiyojlari bor.

Suv toshqinlari bu yerda ham minglab uylarni yuvib ketgan, bog‘-rog‘, ekinzorlarni butkul vayron qilgan, katta sondagi odamlar bor-budlaridan mosuvo qolishgan.

Faryob Viloyat kengashi kotibi Hoji Abdul Boqiyning biz bilan suhbatida aytishicha, markaziy hukumat va xalqaro tashkilotlar tomonidan yetkazilayotgan yordam birlamchi va haminqadar ekani bois, ular ham qator qo‘shni mintaqa davlatlariga ko‘mak so‘rab murojaat qilishgan.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, hozircha faqat Turkiyadan bir qism yordam yetib kelganiga oid xabarni eshitishgan, xolos:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

U kishining aytishicha, jabrdiydalarning ahvollari juda xarob va jiddiy, davomiy yordamga ehtiyojlari bor.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay shanba kuni barcha mas‘ul idoralardan tabiiy ofat jabrdiydalariga zudlik bilan yordam berishlarini so‘ragan va vaziyatni yaqindan o‘rganish uchun mintaqaga o‘z muovinini ham yuborgandi.

Ayrim suhbatdoshlarimizga ko‘ra, bahor mavsumida Afg‘onistonning shimoliy va shimoliy sharqiy mintaqalari tez-tez suv toshqinlariga sahna bo‘lib tursa ham, ularning yo‘lini to‘sish yo‘lida hukumat tomonidan biror bir jiddiy amaliy choraga qo‘l urilmagan.