Ukraina inqirozi: Rossiya AQSh-NATO harakatlaridan xavotirda

Image copyright AFP
Image caption So‘nggi paytlarda sharqiy Ovro‘poda AQSh va NATO qo‘shinlari faolligi kuchaydi

Ukraina bo‘hroni kuchayar ekan Moskva Rossiya sarhadlari yaqinida AQSh va NATO harbiylari harakati "beqiyos" darajada ortganidan xavotir izhor etgan.

Rossiya mudofaa vaziri AQSh va NATO izohlarini "ig‘vogarona" deya qoralagan.

Rossiyaparast faollar Ukraina sharqidagi o‘ndan ortiq shaharda hokimiyat binolarini bosib olganlar va Slovyansk shahrida yetti nafar ovro‘polik harbiy nozirni garovda ushlab turibdilar.

Ovro‘po Ittifoqi seshanba kuni Rossiyaga qarshi sanktsiyalarini kuchaytirib, 15 nafar rus fuqarosiga viza cheklovini joriy etdi.

Bir kun muqaddam AQSh ayni Rossiyaga nisbatan o‘xshash jazolarni qo‘llagan edi.

AQSh sanktsiyalari yetti nafar rossiyalik arbob va 17 shirkatni hadafga olgan.

Vashingtonning ishonishicha, mazkur shaxslar va shirkatlar Prezident Vladimir Putin bilan "yaqin" aloqaga egalar.

Ovro‘po Ittifoqi ro‘yxatiga Rossiya Bosh harbiy shtabi boshlig‘i, general Valeriy Gerasimov, va Rossiya harbiy josuslik xizmati - GRU boshlig‘i ekani ishonilgan, general Igor Sergun, ham kiritilgan.

Ushbu ro‘yxatdan, shuningdek, Rossiya Bosh vaziri muovini Dmitriy Kozak hamda Qrim va sharqiy Ukrainadagi rossiyaparast bo‘lginchilar rahbarlari o‘rin olganlar.

Brusseldagi BBC muxbiri Metyu Praysning aytishicha, Ovro‘po Ittifoqi ro‘yxati, AQShniki singari Prezident Putinga yaqin insonlarni emas, balki Ukrainadagi hodisalarga aloqador shaxslarni nishonga olgan.

"Ig‘vogarona"

Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu bir bayonot chiqarib, amerikalik hamkasbi Chak Heygl bilan soat davomida telefon orqali suhbatlashganini bildirgan.

Sergey Shoygu Rossiyani jilovlab qo‘yish haqidagi NATO rahbariyati bayonotlarini "ig‘vogarona" deya baholagan.

Uning ta‘kidlashicha, Roossiya qo‘shinlari, Ukraina chegarasi yaqinida o‘tkazilgan harbiy mashqlardan keyin, o‘zlarining doimiy mavqe‘lariga qaytganlar.

Biroq u mintaqada Rossiya qo‘shinlari soni kamaygani yoki ortgani borasida ma‘lumot bermagan.

Ukraina sarhadlari yaqinida Rossiyaning 40 minglik qo‘shini joylashtirilgani taxmin qilinadi.

AQSh Mudofaa vaziri Chak Heyglning ogohlantirishicha, Moskva o‘zini qanchalar agressiv tutsa, unga nisbatan iqtisodiy va diplomatik bosimlar shunchalar kuchayishini kutish lozim.

U shuningdek Kremlni Slovyansk shahrida rossiyaparast kuchlar tomonidan qo‘lga olingan Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining yetti nafar harbiy zobitini ozod etishda hamkorlik qilishga chaqirgan.

Rossiyaning Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidagi vakili, Andrey Kelin, avvalroq harbiy zobitlarni ozod etishda Moskva ko‘mak berishini ma‘lum qilgandi.

Ukraina hukumati ma‘lumotiga ko‘ra, Slavyanskdagi bo‘lginchilar kuch bilan 40 nafar insonni garovda ushlab turishibdi.

Ular orasida yagona Ukraina tarafdorlari, jurnalistlar, kuzatuvchilar va Ukraina Xavfsizlik Xizmatining uch nafar xodimi bor.