IMF: Rossiya iqtisodi ortga ketmoqda

Image copyright AFP

Xalqaro Valyuta Jamg‘armasining ma‘lum qilishicha, Ukraina mojarosi oqibatlari tufayli "Rossiya iqtisodi rivoji ortga ketmoqda".

Rossiya iqtisodi o‘sishi sur‘ati haqidagi bashoratlarni kamaytirgan jamg‘armaga ko‘ra, shu yilning o‘zida Rossiyadan 100 milliard dollar sarmoya olib chiqib ketilishi kutilmoqda.

IMF ning Moskvadagi vakolatxonasi rahbari Antoni Spilimbergoning aytishicha, xalqaro hamjamiyat tomonidan kiritilgan jazo choralari Rossiya iqtisodiga zarar yetkazmoqda va sarmoya oqimiga xavf solmoqda.

Tashkilotga ko‘ra, shu yilning dastlabki uch oyi mobaynida Rossiya iqtisodi qisqargan.

Janob Spilimbergoga ko‘ra, bu jarayon davom etishi kutilmoqda.

"Agarda retsessiya bu ikki kvartal mobaynida iqtisodning ketma-ket ortga ketishi bo‘lsa, Rossiya ana shu retsessiyani boshdan kechirmoqda", dedi IMF vakili.

IMF Rossiya iqtisodi o‘sishini 2014 yil mobaynida 0.2% bo‘ladi, deya bashorat qilmoqda. Iqtisod o‘sishi borisida tashkilotning avvalgi bashorati 1.3% edi. Yanagi yil esa o‘sish atigi 1% bo‘ladi, deya aytilmoqda.

Standard & Poor moliya kreditlari darajasini belgilovchi agentlik ham Rossiya moliya tizimi darajasini tushirgandi.

O‘tgan hafta Rossiya Markaziy Bankining o‘zi foyda foizlarini 7% dan 7.5% ga ko‘tardi.

Janob Spilimbergoning aytishicha, foyda foizlarining ko‘tarilishi inflyatsiya darajasini pasaytirishi mumkin, lekin bu 2014 yil mobaynida narxlarning 6% dan ko‘proqqa oshishi oldini ololmaydi.

Rossiyaning o‘zi ham sarmoyadorlarning o‘z mablag‘larini mamlakatdan olib chiqib ketish harakatlari haqida xavotir izhor etgan.

Rossiya Markaziy Banki ma‘lumotlariga ko‘ra, shu yilning birinchi kvartali mobaynida 64 milliard dollar olib chiqib ketilgan.

Sarmoyalarning olib chiqib ketilishi AQSh va Ovro‘po Ittifoqi tomonidan qator Rossiya shirkatlari va biznes doirlaridagi taniqli shasxlarga qaratilgan jazo chorlari tufayli, deya ko‘rilmoqda.

Rossiya hukumati jazo choralari oxir-oqibat G‘arb energiya shirkatlariga zarar yetkazadi, deb aytmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002.