Iroq: AQSh qo‘shinlari chiqib ketganidan beri ilk saylovlar

Image copyright AP

Iroqliklar qattiqqo‘l xavfsizlik choralari manzarasida parlament saylovlarida ovoz berishmoqda. Bu AQSh qo‘shinlari uch yil avval Iroqni tark etishidan beri ilk parlament saylovlaridir.

Ovoz berish mahalliy vaqt bilan soat 07:00da boshlangan va soat 18:00da to‘xtatilishi kutiladi.

Iroq g‘arbida isyonkorlik o‘sib borayotgani manzarasida Bosh Vazir Nuri al-Malikiy uchinchi muddatga saylanishga umid qilmoqda.

Iroqda o‘tgan haftaning o‘zida 160 kishi nobud bo‘lar ekan, mamlakat 2008 yildan beri eng yomon zo‘ravonlikka yuz tutmoqda.

Mamlakat bo‘ylab ochilgan 50 mingta ovoz berish nuqtalarida 22 million nafarcha iroqlik ovoz berishi kutiladi.

BBCning Bag‘doddagi muxbiri Kuentin Sommervilning xabar berishicha, shaharga kirish yo‘llari yopib qo‘yilgani tufayli poytaxt ko‘chalari deyarli bo‘m-bo‘sh.

Hukumat hudkushlik hujumlari va mashina bombalaridan xavotir olib bir kunga mashinalar harakatini man qilishi tufayli ovoz beruvchilar piyoda ovoz berishga chiqqanlar.

Ba‘zi saylovchilar ovoz berish nuqtalariga kirishlaridan oldin bir necha marta tekshirilmoqdalar.

Ilk zo‘ravonlik hodisasi Iroq shimolidagi Kirkuk shahriga yaqin Dibis shaharchasida yuz bergan. Politsiyaga ko‘ra, u yerda yo‘l chetiga o‘rnatilgan bomba ovoz berish uchun ketayotgan ikki ayolni o‘ldirgan.

Hujumlar to‘lqini

Image copyright AFP

Saylov natijalarini oldindan bashorat qilish qiyin bo‘lsa-da, janob Malikiy saylov ortidan yuzaga keladigan koalitsiyani tuzish jarayonida eng muhim shaxs bo‘lishi kutiladi.

O‘tgan saylovlardan beri Malikiyning shialardan tashkil topgan koalitsiyasi boshqa siyosiy bloklardek tarqab ketgani yo‘q.

Muxbirimizga ko‘ra, saylov natijalari tez orada ayon bo‘lmaydi, chunki o‘tgan saylovlardan ortidan hukumatni tuzishga qariyb 10 oy ketgandi.

Saylovoldi kampaniyasi zo‘ravonliklar manzarasida o‘tdi. Askarlar, politsiya va xorijda yashovchi fuqarolar ovoz bergan dushanbada 50 odam o‘ldirildi.

Portlashlardan biri kurdlarning Xanaqin shahridagi siyosiy yig‘ilishni nishonga oldi. Unda 30 odam nobud bo‘ldi va kamida 50 nafari yaralandi.

Juma kuni esa Bag‘doddagi shia saylovoldi tadbirida portlagan qator bombalar kamida 31 odamni o‘ldirdi. Iroq Islomiy Davlati va al-Qoidaga aloqador Levant guruhlari hujumlar uchun mas‘uliyatni o‘z bo‘yinlariga olganlar.

Lekin, BBC muxbiri Rafid Jaburiyning xabar qilishicha, u o‘tgan bir necha kun davomida Iroqning turli hududlariga safar qilgan va odamlar zo‘ravonliklarga qaramay, ovoz berishga shaylanganlariga guvoh bo‘lgan.

Your contact details
Disclaimer