Vetnam chegarasida uyg‘urlar nega otib o‘ldirildi?

Уйғурлар
Image caption Uyg‘ur Xitoyni madaniy va diniy bosimda ayblashadi

Tayland hukumati o‘tgan dam olish kunlarida Xitoylik uyg‘urlar ekani ishonilgan 16 nafar noqonuniy muhojirlarni hibsga olganini bildirdi.

Bir kun avval esa Vetnam va Xitoy chegarasida qonli hodisa ro‘y berib, yetti kishining o‘limi bilan yakun topdi. Hodisada ishtirok etgan 16 xitoylik ham uyg‘urlar bo‘lgani ishoniladi.

Bu ikki hodisa Janubiy Sharqiy Osiyo Xitoyni tark etishga urinayotgan uyg‘urlar uchun tranzit yo‘li bo‘lib xizmat qila boshlaganiga ishora qiladi.

Vetnamning Kuang Ni va Xitoyning Guanshi viloyatlari orasida joylashgan chegara tepaliklar orasidagi vodiyda joylashgan.

Kuniga bir necha soatgagina ochiladigan bu chegaradan vetnamlik va xitoylik tujjorlar meva va sabzavotlar, kiyim-kechak va boshqa iste‘mol mollari to‘ldirilgan aravalarini tortib o‘tadilar.

Biroq, 18 aprel tushda yuz bergan hodisa kutilmagan bo‘ldi. Xitoyning 16 nafar fuqarosi: 10 erkak, to‘rt ayol va ikki yosh bola Vetnamga noqonuniy kirganlari uchun hibsga olindilar.

Image copyright AP
Image caption Shinjonda jamiyatning barcha jabhalari qattiq nazorat qilinadi

Vetnam chegara posbonining aytishicha, Xitoyga topshirilishi kutilayotgan muhojirlar chegarachilarga qarshi ko‘tarilganlar, erkaklar hibsxona ichkarisidagi stullarning oyoqlarini sindirib olib, posbonlarga tashlanganlar.

Uyg‘urlar, Vetnam tarafiga ko‘ra, chegarachidan Kalashnikov avtomatini tortib olib o‘t ochishgan.

Uch soatdan oshiq davom etgan to‘qnashuvda ikki vetnamlik chegarachi halok bo‘lgan. Uyg‘urlardan besh nafari nobud bo‘lgan: ulardan ba‘zilari otib o‘ldirilgan, boshqalari esa, mahalliy matbuotga ko‘ra, baland binodan sakrab qochishga uringanlarida o‘lishgan.

Mahalliy matbuot jasadlar, hamda omon qolgan va jarohatlangan uyg‘urlar zudlik bilan chegarada kutib turgan Xitoy maxsus kuchlari qo‘liga topshirilganini yozishdi.

Biroq, mazkur hodisa ijtimoiy tarmoqlarda katta munozaraga sabab bo‘layapti. Unda paydo bo‘lgan suratlarda aravaga ortilgan jasadlarni ba‘zilar "noinsoniy munosabat" deya qoralashdi.

"Ular hatto Vetnam chegarachilarini o‘ldirgan bo‘lsalar, nega tergov o‘tkazmay turib, ularni Xitoyga topshirib yuborishdi? Xitoy ortga topshirilgan uyg‘urlarga o‘ta qattiq jazo berishi xavfi katta", - deydi huquqshunos Tran Kuok Tuan.

Ayni damda quvg‘indagi Jahon Uyg‘urlari Kongressi BMTni chegaradagi otishmani tergov qilishga chaqirdi.

-------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer