Mirjalol Qosimov: "Real" qanday o‘ynashni ko‘rsatib qo‘ydi"

Image copyright AFP

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyining BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, ham "Real"(Madrid) va ham "Atletiko"(Madrid) bu yilgi Ovro‘po Chempionlar ligasining finaliga haqli ravishda chiqishgan:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Javob yarim final uchrashuvlari 29/30 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan va kecha chorshanba kuni yakuniy ikki finalchi aniqlangandi.

Har ikki o‘yin natijasiga muvofiq, "Real"(Madrid) amaldagi Ovro‘po Chempionlari chempioni Myunxenning "Bavariya", "Atletiko"(Madrid) esa, amaldagi Ovro‘po Ligasi Kubogi sohibi Londonning "Chelsi" jamoasini mag‘lub etgandi.

Yakuniy yarim final uchrashuvlariga qadar esa, ko‘pchilik "Bavariya" va "Atletiko" klublarining g‘alabasini bashorat qilishgandi.

Mirjalol Qosimovning Toshkentdan BBC O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatida aytishicha, g‘olib har ikki jamoa ham raqiblariga qanday o‘ynashni ko‘rsatib qo‘yishgan.

"Real" jamoasi "Bavariya"ga qanaqa o‘ynashni ko‘rsatib qo‘ydi: Vaqtida himoyalanish va albatta, qarshi hujumda tezkorlik ko‘rsatib, raqibni og‘ir ahvolga tushirish..."Atletiko" ham menga judayam yoqdi, "Chelsi"ga qarshi o‘yinda judayam intizomli o‘yin ko‘rsatdi", - deydi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi.

Suhbatdoshimizning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, bu yilgi Ovro‘po Chempionlar ligasining yarim final bellashuvlarida O‘zbekistondagi aksariyat futbol ahli asosan "Real"(Madrid) va "Bavariya"(Myunxen)ga ishqibozlik qilishgan.

"Shaxsan o‘zi har doimgidek chiroyli futbolga ishqibozlik qilgani"ni aytarkan, o‘zbekistonlik Bosh murabbiy "Real"ning ko‘rsatgan o‘yini o‘ziga judayam yoqqanini ham yashirmaydi.

Image copyright AFP

"Har ikki yarim final uchrashuvida ham "Real"ning o‘yini, maydondagi harakati menga juda yoqdi: Jamoaning kayfiyati judayam jangovar edi. Mehmonda o‘ynashiga qaramasdan, xuddi o‘z uyida o‘ynagandek, 90 daqiqa bosimini susaytirmadi. Hatto, hisob 2:0 bo‘lgandan keyin ham, bemalol o‘ynashmadi. Shundayam oxirigacha kurashishdi. Jamoaning shu kabi jangovar kayfiyati menga judayam yoqdi", - deydi Mirjalol Qosimov.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, "Real"(Madrid) Ovro‘po Chempionlar chempionligini so‘nggi bor 2001/2002 yilgi futbol mavsumida qo‘lga kiritgan bo‘lsa, finaldagi yurtdosh raqibi "Atletiko" bunday sharafga qariyb yarim asr burun erishgan.

Ikki ispan va Madrid jamoalari orasidagi final bellashuvi esa, 24 may kuni Lissabonda bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovning eng so‘nggida aytishicha, final uchrashuvi haqiqiy derbi bo‘ladi.

"Finalda bir davlatning ikkita jamoasi uchrashayapti. Hattoki, milliy chempionatida ham bu ikki jamoaning o‘zaro uchrashuvlari derbiga xos o‘yin bo‘ladi. Har bir jamoaning, albatta, o‘ziga yarasha motivatsiyasi bor. Shuning uchun ham har ikkita jamoa ham jon-jahdi bilan harakat qiladi. Menimcha, judayam muxlislarbop o‘yin bo‘ladi. Kimga omad kulib boqsa, qay bir jamoa yaratilgan vaziyatdan unumli foydalanadigan bo‘lsa, o‘ylaymanki, o‘sha g‘olib bo‘ladi", - deydi suhbatdoshimiz eng so‘nggida.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002