Hokim: Har bir mag‘lubiyatdan keyin bir nafar futbolchi bilan xayrlashamiz

Image copyright none

"Neftchi" futbol klubining raisini almashtirgan Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev rahbariyat va futbolchilarni shu tarzda ogohlantirgan. Bu xabarni chop etgan klub rasmiy web sahifasi ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalardan so‘ng hokimning so‘zlarini saytdan o‘chirib tashladi.

"Neftchi" klubining Oliy liga chempionatida muvafaqqiyatsiz ishtiroki va klub rahbariyati ustidan yozilgan tanqidiy maqolalardan so‘ng rahbariyatda o‘zgarishlar bo‘ldi.

Yangi raisni tayinlashda shaxsan ishtirok etgan viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev "Neftchi" kutilgan natijani qayd eta olmagani uchun ham jamoada o‘zgarish amalga oshirishga qaror qilinganini bildirgan va rahbariyat hamda futbolchilarni jiddiy ogohlantirgan.

"Sizlarni ogohlantirib aytishim mumkinki, bu yog‘iga jiddiy choralar ko‘riladi. Har bir mag‘lubiyatdan keyin bir nafar futbolchi bilan xayrlashamiz", - degan viloyat hokimi.

Viloyat hokimining so‘zlari Twitter ijtimoiy tarmog‘ida futbol muxlislarining kinoyali kulgilariga sabab bo‘lgan.

Twitter foydalanuvchilaridan biri, hokim bunaqa gaplarni aytaverishi odatiy holligini, lekin jurnalist bu gaplarni matbuotga chiqarmasligi kerakligini yozgan.

Oradan bir necha kun o‘tgandan so‘ng viloyat hokimining mag‘lubiyatdan so‘ng futbolchilarni birma bir jamoadan haydash to‘g‘risidagi gapi klub saytidan olib tashlandi. Biroq ushbu xabarni "Neftchi" klubi web sahifasidan ko‘chirgan boshqa saytlarda bu gaplar hamon turganini ko‘rish mumkin.

5 karra O‘zbekiston chempioni va 9 marta kumush medal sohibi "Neftchi" klubi hozir 6 o‘yindan 3 ochko to‘plagan holda 12 o‘rinda ketmoqda.

Jamoani 27 yil boshqargan tajribali murabbiy Yuriy Sarkisyan 2013 yili kutilmaganda iste‘foga chiqarilgan. Sarkisyan janoblariga nima sababdan iste‘foga chiqarilganini bildirishmaganini va mehnatini qadrlashmagani alam qilganini aytgandi.

O‘zbekistonda davlat organi rahbarlarining va davlat siyosatining futbolga aralashishi odatiy hol ekanligi aytiladi.

Chunki viloyatlardagi klublarning asosiy homiysi viloyat hokimiyati yoki davlatga tegishli korxonalar tashkil qiladi.

Iqtisodiy ahvolning nochorligi sabab ayrim klub futbolchilari ancha vaqtdan beri maosh olmasdan futbol o‘ynashga majbur qolayotganini bildirilgan.

Terimchi futbolchilar

Futbol sohasida mutaxassis bo‘lmagan amaldorlarning futbolga aralashishi g‘alati holatlarni paydo qilgan.

Image copyright none
Image caption "Neftchi" hujumchisi Pavel Smolyachenko paxta dalasida. 2013 yil

2013 yili talabalar va davlat byudjetidan maosh olib ishlovchi qatlam bilan birga futbol sohasidagi xodimlarning ham paxta terimiga jalb qilish holati uchragan.

FIFA agenti San‘at Sharipovning 2013 yil 7 oktyabrda Twitterga joylagan rasmida "Neftchi" a‘zosi Pavel Smolchenkoning paxta terayotgan holati aks etgan.

San‘at Sharipov 7 oktyabrdan boshlab butun "Neftchi" klubi paxta terimiga chiqqanini yozgandi.

Paxa terimiga O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining xodimlari ham jalb qilingan.

Federatsiya matbuot kotibi xorijga xizmat safari bilan chiqishi kerakligi, lekin paxtaga chiqishga to‘g‘ri kelayotganini Twitterda yozgandi.

_____________________________________________________________________

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002.

Your contact details
Disclaimer