Istanbulning Taksim xiyoboni yana namoyishlarga sahna

Image copyright Reuters
Image caption Taksim xiyoboni. 1-may

Turkiya politsiyasi Taksim xiyobonida namoyish o‘tkazishga taqiqqa qaramasdan yig‘ilgan istanbulliklarni tarqatish uchun suv purkagich va ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llagan.

Muxbirlarga ko‘ra, minglab odamlar shaharning turfa burchaklarida to‘planishmoqda.

Aksariyat Taksim xiyoboniga namoyishlar taqiqiga qaramasdan yig‘ilajaklarini aytmoqda.

Turkiya matbuotiga ko‘ra, bugun shahar bo‘ylab 40000 politsiya kuchlari faoliyatda bo‘ladi.

Bosh vazir Rajab Toyib Erdo‘g‘on avvalroq namoyishchilar Taksimga yig‘ilishdan umid uzishi kerak deb ogohlantirgandi.

Taksim xiyoboni so‘nggi payt aksilhukumat norozilik namoyishlariga sahnaga aylangan edi.

Ammo kecha kasaba uyushmalari ittifoqi "biz Taksimga noqonuniy taqiqqa qaramasdan albatta chiqamiz. Ertaga hamma yo‘llar bizni Taksimga eltadi", deya bayonot bergan edi.

Janob Erdo‘g‘onning partiyasi Mart oyida kechgan mahalliy saylovlarda g‘alaba qozongan edi.

Bu saylov o‘tgan yil yozida kechgan namoyishlardan keyin Erdo‘g‘on janoblarining mavqei va obro‘si uchun o‘ziga xos sinov sifatida ko‘rilgandi.

Bosh vazir Avgust oyida prezidentlik uchun bellashishi taxmin qilinmoqda.

Bu Turkiyada ilk bor to‘g‘ridan to‘g‘ri prezident saylanishi bo‘ladi.

Ayrimlar Bosh vazir qonunlarni o‘zgartirib o‘zining to‘rtinchi muddatga qudratda qolishi uchun yo‘l ochadi degan taxminni ham o‘rtaga otmoqda.

---------------------------------------------------------------------------------------------

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002.