O‘zbekiston hukumati: "Qayum Ortiqov qiynoq qurboni emas"

Image copyright Human Rights Watch
Image caption Qayum Ortiqov avvalroq oilasi bilan AQShdan boshpana olgan

O‘zbekiston hukumatiga ko‘ra, Toshkentdagi Britaniya elchixonasining sobiq qo‘riqchisi Qayum Ortiqovning qiynoqqa solingani haqidagi da‘volar "o‘z tasdig‘ini topmagan".

Bu haqda hukumatning BMT Inson Huquqlari Qo‘mitasiga yo‘llagan javobida aytiladi.

Jarayon.com saytining rasmiy xatdan iqtibos keltirishicha, Qayum Ortiqovning "O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tergov hibsxonasida noqonuniy saqlangani va "qiynoq" qo‘llangani bilan bog‘liq murojaat har tomonlama tekshirilgan va tasdig‘ini topmagan".

O‘zbekiston hukumatining rasmiy xati Parijda joylashgan "O‘tyuraklar klubi" inson haqlari tashkilotining BMTga Qayum Ortiqov nomidan qilgan shikoyatiga javoban yo‘llangan.

O‘z murojaatida Ortiqov o‘zbek hukumatini o‘zining insoniy huquqlarini poymol etish va shafqatsiz qiynoqlar qo‘llashda ayblagan.

O‘zbekiston hukumati o‘z javobida shuningdek, "O‘tyuraklar klubi"ni "hech narsa bilan tasdiqlanmagan qiynoq usullarini to‘qib chiqarish"da ayblaydi.

Josuslik ayblari

Shu yil boshida AQShdan boshpana olgan Qayum Ortiqov 2008 yil dekabrida josuslikda gumon qilinib, hibsga olingan.

O‘zining so‘zlariga ko‘ra, u Britaniya foydasiga josuslik qilishda ayblangan va o‘zi hamda Britaniya elchixonasining qator xodimlariga qarshi iqrorlik ko‘rsatmalari berish maqsadida qiynoqqa solingan.

2009 yil noyabrida Toshturmada turmush o‘rtog‘ini borib ko‘rgan Mohira Ortiqova Qayum Ortiqovni "sen Britaniya josusisan, kimga qanday ma‘lumot olib borganing va qanday ma‘lumot olib kelganingni aytib berasan” deb qiynashganini aytgan.

Ortiqovaning so‘zlariga ko‘ra, mahbusni "sovuqda yalang‘och holatda soatlab polga yotqizilib, ustiga 4-5 kishi o‘tirgan holatda ushlab turishgan, tirnoqlari ostiga igna tiqib, tizzasi, qorni va boshiga bittadan odam o‘tirg‘izib, oyog‘i ostiga dubinka bilan soatlab urishgan".

Mohira Ortiqova turmush o‘rtog‘i qiynoqlarga chidolmay, bir necha marta o‘z joniga qasd qilishga uringanini aytgan.

U turmush o‘rtog‘ining qonga belangan ust-boshini Toshkentdagi "Ezgulik" inson huquqlari jamiyatiga topshirgan.

"Qayum Ortiqovga nisbatan qiynoqlar shu darajaga borib yetdiki, hatto uni ma‘muriyat buyrug‘i asosida qiynoqqa solgan "loxmach"lar ham Ortiqovdan iqrorlik ko‘rsatmasi olishdan ko‘ra, o‘ldirib qo‘yishlari ehtimoli ko‘pligidan qiynoqlarni to‘xtatishga majbur bo‘lganlar", - deyiladi BMTga yo‘llangan shikoyat arizasida.

Aytilishicha, josuslik ayblarini bo‘yniga olmagan Qayum Ortiqov odam savdosi bilan bog‘liq "soxta ayblovlar" bilan 6 yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan.

44 yoshli Qayum Ortiqov qiynoqlar natijasida sog‘ligini yo‘qotgani aytiladi.

---------------------------------------------------------------------------------------

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002