O‘qing, qiziq: Krishtianu Ronaldu "Dunyoning 100 ta eng qudratli insoni" ro‘yxatida

Image copyright Reuters

Eng qizig‘i, 28 yoshli Portugaliya va "Real"(Madrid) jamoasi yulduzi Amerikaning nufuzli "Taym" jurnalining bu yilgi ro‘yxatida AQSh Prezidenti Barak Obama, Rim Papasi Fransis va Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi rahbari Kristin Lagardlar qatoridan joy olgan.

Ushbu xabar Ronalduning ham e‘tiboridan chetda qolmagan, yulduz futbolchi Facebook dagi sahifasida bu – o‘zi uchun "katta sharaf" ekanini yozgan.

Amerikada chop etiluvchi ushbu nufuzli jurnal 1999 yildan boshlab, har yili o‘z tasnifida "Dunyoning eng qudratli" 100 odamining ro‘yxatini e‘lon qilib keladi.

Ta‘kidlab o‘tish joiz, bu kabi "sharaf"ga, hatto, ketma-ket to‘rt karra "Jahonning eng zo‘r futbolchisi", Argentina va Ispaniyaning nahang "Barselona"si yulduzi Lionel Messi ham erisha olmagan.

Krishtianu Ronaldu shu yil boshida ham Messini ortda qoldirib, o‘z karerasida ikkinchi bor "Dunyoning eng qoyilmaqom o‘yinchisi", deb topilgandi.

Argentina futboli yulduzi esa, o‘shanda beshinchi bor ushbu maqomga loyiq deb topilib, yangi bir rekord o‘rnatish imkoniyatidan mosuvo qolgandi.

Image copyright AFP Getty

Amerikalik taniqli qo‘shiqchi Beyonsening dunyoning manaman degan siyosatchi, iqtisodchi va jamoat arboblarini ortda qoldirib, birinchi o‘ringa chiqishi yangi ro‘yxatning yana bir shov-shuvli nuqtasi bo‘lgan.

Hatto, AQSh prezidenti yoki Rim Papasi bo‘lmaydimi, Barak Obama yoki hazrat Fransis ham mashhurlik yoki qudratlilik bobida Beyonsega yetisha olishmagan.

Kimsan Pele tavsiya qilgan

Odatga muvofiq, "Dunyoning eng qudratli insoni" bo‘lishga nomzodlar ularning o‘z sohasiga yaqin insonlar tomonidan tavsiya qilinadi.

Krishtianu Ronalduning nomzodini kim ilgari suribdi ekan-a, deb siz ham qiziqayotgan bo‘lishingiz tabiiy, xoh ishoning, xoh ishonmang: kimsan jahon futboli afsonasi Pele...

"Krishtianu Ronaldu hozir dunyodagi eng mashhur sportchilardan biri. Men uning maydondagi kurashchan ruhiyatini nihoyatda hurmat qilaman. Va u bekorga hozir jahondagi eng zo‘r futbolchi sifatida ko‘rilmaydi", - deb aytgan buyuk Pele.

Image copyright AP

Ammo, o‘z o‘rnida, jahon futboli afsonasi uzr so‘rashni ham unutmagan holda, bu yilgi jahon chempionatida Braziliya Portugaliyaga qarshi maydonga tushib qolsa, mamlakatining g‘olib chiqishiga tarafdorlik qilishini qistirib o‘tishni ham unutmagan.

Dunyoning bu yilgi eng qudratlilari ro‘yxatida oz emas, ko‘p emas 41 ta o‘rinni zabt etib, ayollar ham o‘ziga xos rekord o‘rnatishgan.

AQSh Josuslik Xizmatining maxfiy hujjatlarini dunyoga oshkor etishi bilan tilgan tushgan sobiq josus Edvard Snouden esa, bu ro‘yxatdan joy olgan eng yosh insonlardan biri bo‘lgan.

Tolibonning avval qahri, keyin o‘qiga uchragan pokistonlik faol o‘quvchi qiz Malala Yusufzay esa, bu yilgi dunyoning eng mashhurlari orasida eng kichigi bo‘lgan.

Krishtianu Ronaldu

Image copyright Reuters

Portugaliyalik sara hujumchi bugun futbolga befarq bo‘lmagan aksariyat tomonidan haqli ravishda jahondagi ikkita eng zo‘r o‘yinchidan bittasi deb tan olinadi.

Krishtianu Ronaldo 2009 yilda dunyodagi eng qimmat birinchi futbolchi sifatida ham tarixga kirgan.

Ispaniyaning nahang "Real"(Madrid) jamoasi uni Angliyaning qizil iblislaridan o‘sha paytda rekord - 80 million AQSh dollariga sotib olgandi.

"France Football" esa, 2010 yil barcha tushumlarini nazarda tutib, yulduz futbolchini Devid Bekhem va Lionel Messidan keyin jahondagi eng ko‘p haq oluvchi uchta futbolchidan bittasi, deb topgandi. Uning boyligini 160 million AQSh dollari miqdorida baholagandi.

Ayon bo‘lishicha, Krishtianu Ronaldo ijtimoiy muloqot tarmoqlarida o‘rnatgan o‘ziga xos rekordlari bilan ham jahonning manaman degan futbolchilarini ortda qoldirgan.

Deylik, 2010 yilda portugaliyalik futbol yulduzi "Facebook"dagi do‘stlarining soni 10 millionga yetarkan, u ijtimoiy muloqot tarmoqlarida bu kabi muvaffaqiyatga erishgan amerikalik bo‘lmagan birinchi taniqli shaxs aylangan.

Oradan ikki yil o‘tib esa, "Real"(Madrid) yulduzining "Facebook"dagi do‘stlari soni 50 million kishiga chiqadi va u buncha do‘st orttirishga muvaffaq bo‘lgan jahondagi ilk sportchi bo‘ladi.

Image copyright AP

Amerikada chop etiluvchi nufuzli "Forbes" jurnali esa, o‘tgan yili Krishtianu Ronaldoni Ledi Gaga, Rianna, Jastin Biber va Keti Perridan keyin eng mashhur shaxs, deb topgandi.

Krishtianu Ronaldo bir bolaning otasi va rossiyalik mashhur model Irina Sheyk bilan yuradi.

Portugaliyalik futbol yulduzi o‘zining G‘azo Bo‘lgasidagi xayriyaparvarlik ishlari bilan ham arab dunyosida ancha nom chiqargan.

Sobiq jamoadoshi va hozirda Londonning "Arsenal" klubi o‘yinchisi Mesut O‘zil yaqinda bergan suhbatida Krishtianu Ronaldoga "Qur‘oni Karim" suralarini o‘rgatgani haqida ham aytib o‘tgandi.

---------------------------------------------------------------------------------------

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002.