Marhum Turkmanboshi qanday qilib aroq savdosini qizitmoqda?

Image copyright BBC World Service

Xabarlarga ko‘ra, hammasiga yorlig‘iga marhum Saparmurot Niyozovning aksiyu ism-sharifi tushirilib, sotuvga chiqarilayotgan aroqlar sababchi ekan.

Boshqaruvi davrida shaxsiga sig‘inish avjiga chiqqan Turkmanboshi 2006 yilda kutilmaganda vafot etgandi.

So‘nggi yangilik esa, o‘shandan buyon sobiq prezidentning shaxsiga sig‘inish hollariga chek qo‘yish harakatlari ketayotgandek ko‘ringan bir manzarada kuzatilmoqda.

Marhum Turkmanboshining turli-tuman haykallari bir joydan boshqasiga ko‘chirilib, "Ruhnoma" kabi barcha o‘quv dargohlarida o‘qib, o‘rganilishi shart bo‘lgan asarlari o‘quv dasturlaridan chiqarilayotgan bir paytda endi nomidagi aroq uni yana mashhur qilib yuboribdi.

Saparmurot Niyozovning yoshroq davridagi surati tushirilgan zarhal yashil rangli qutiga joylangan aroq "Buyuk Turkmanboshidan hadya", deb nomlanadi.

"Xronika Turkmenistana" web sahifasining yozishicha, hatto, narxining qimmatligi ham uning xaridorgirligiga ta‘sir qila olmagan.

"Buyuk Turkmanboshi hadyasi"ning bir shishasi 152 manat, AQSh dollariga chaqqanda esa, $53 dollar turadi.

"Balki, aksariyat aholi uning rahbarligi ostidagi davrlarni qumsayotgani uchun ham shunday bo‘layotgandir", - deb taxmin etadi muxolifat web sahifasi.

Image copyright AP
Image caption Berdimuhammedov marhum Turkmanboshi antiqa islohotlarining anchasini bekor qildi

Aholisi juda ko‘plab imtiyozlardan bahramand esa-da, marhum Saparmurot Niyozov boshqaruvi davrida Turkmanistonda uning shaxsiga sig‘inish avjiga chiqqan: Turkmanboshi yanvar oyini o‘zi, aprelni esa, onasining nomi bilan qayta nomlagan, barcha o‘quvchilarga "Ruhnoma"sini o‘qib, o‘rganishni shart qilib qo‘ygandi.

Marhum Turkmanboshining opera, balet, tsirk, tilla tish kabi Turkmanistonda taqiqlab qo‘ygan narsalari ham oz emasdi.

Butun mamlakat bo‘ylab uning haykallari tiqilib ketgan, tilla suvi yuritilgan odam bo‘yi tenggisi esa, Quyoshga qarab, aylanib ham turardi.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov marhum Turkmanboshi tadbiq etgan antiqa islohotlarning anchasini bekor qildi.

Uning davrida amalda bo‘lgan ko‘plab taqiqlarni olib tashladi: mamlakat Fanlar Akademiyasini qayta ochish haqida buyruq chiqardi, shuningdek, o‘n yillik majburiy ta‘limni qayta tikladi.

Televizion ekranlari chetida, milliy pul birliklarida sobiq prezidentning suratlari aks etmaydigan bo‘ldi va talabalarning har kun ertalab Turkmanboshi nomiga qasamyod qabul qilishlari ham bekor qilindi.

Ammo, kuzatuvchilarning nazdlarida, Gurbanguli Berdimuhammedov marhum Turkmanboshi Saparmurot Niyozovning g‘ayriodatiy yo‘lini meros qilib olmas, degan umidlar so‘nib bormoqda.

Ularning birdek e‘tirof etishlaricha, prezident Berdimuhammedov hozircha Turkmanistonni isloh qilish va‘dasi ustidan chiqmagan.

---------------------------------------------------------------------------------------

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002.