Yaman: "Al-Qoida"ga qarshi jangda O‘zbek qo‘mondoni o‘ldirildi?!.

Image copyright AFP

Agar, yamanlik mas‘ullarning so‘zlariga tayanilsa, mamlakat janubida kechgan qaqshatqich janglarda tarmoqning bir O‘zbek qo‘mondoni doxil olti jangarisini o‘ldirishgan.

Uch kunlik keng ko‘lamli harbiy amaliyotlarning islomiy jangari guruhni yo‘q qilishga qaratilgani aytiladi.

Agar, Yamandagi mahalliy harbiy manbaga tayanilsa, Abyan viloyatida kechgan janglarda o‘ldirilgan Abu al-O‘zbekiy ismli qo‘mondon o‘zbek fuqarosi bo‘lgan.

Ammo "Al-Qoida" tarmog‘i yamanlik mas‘ullarning payshanba kungi bayonotiga hozircha biror bir munosabat bildirmagan.

Shu hafta boshida esa, Yaman Prezidenti mamlakatida jang qilayotgan "Al-Qoida" tarmog‘i jangarilarining 70 foizi xorijliklar ekanini aytgandi.

BBCning Islomiy guruhlar bo‘yicha eksperti Murod Batal Shishaniyning aytishicha, tarmoqning o‘zi rasmiy bayonot bilan chiqmagani bois, hozircha o‘ldirilgani aytilayotgan o‘zbek qo‘mondonining qay bir davlat fuqarosi ekani haqida aniq so‘z yuritish qiyin.

Ammo, suhbatdoshimizning aytishicha, Pokistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh va Tolibonu boshqa isyonchi guruhlar boshpana topgan qavmlar yashovchi Vaziriston mintaqasidagi voqealarning so‘nggi rivoji o‘zbek jangarilarining qadamlari ham Yamanga yetib borganiga dalolat qiladi:

"U yerdagi o‘zbek jangarilari ham qolgan xorijiy isyonchilarga o‘xshab dron hujumlari va Pokiston Qurolli kuchlari tomonidan uyushtirilayotgan harbiy amaliyotlarning bosimi ostida qolishgan. Ustiga ustak, orada Suriya inqirozi ham kuchaydi. Biz hozir ko‘plab xorijiy jangarilarning Suriyaga o‘tishayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Xuddi shu manzarada Suriya va Yamanga ketayotgan o‘zbek jihodchilari haqidagi xabarlar ham chiqmoqda", - deydi ekspert.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, boshqa tomondan, aynan Yamandagisi "Al-Qoida" tarmog‘ining eng kuchli shohobchasi sanalishi bois, ularning saflarida o‘zbek jangarilari ham bor, deb o‘ylashga asos beradi.

"Agar, yamanlik mas‘ullarning bayonotlarini tarmoq tasdiqlaydigan bo‘lsa, biz bu haqda to‘liq ishonch hosil qilishimiz mumkin bo‘ladi", - deydi u.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, ham Pokiston va ham Afg‘onistondagi Tolibon harakatining yaqin ittifoqchisi sifatida ko‘riluvchi O‘zbekiston Islomiy Harakati AQSh boshchiligidagi harbiy ittifoq qo‘shinlarining 2001 yilgi harbiy amaliyotlari ortidan, yaqin-yaqingacha ayni shu Vaziriston mintaqasidan boshpana topib kelishgan.

G‘arb kuchlarining harbiy amaliyotlari ham Tolibon Afg‘oniston hududidan boshpana bergan va AQSh xuddi o‘sha yili Nyu-York hamda Vashingtonda uyushtirilgan hujumlarga mas‘ul deb bilgan "Al-Qoida" tarmog‘ini yo‘q etishga qaratilgandi.

O‘z o‘rnida, BBC eksperti Murod Batal Shishaniyning aytishicha, arab yarim orolidagi "Al-Qoida" tarmog‘i Saudiya Arabistoni va Yamandagisining birikuvidan tashkil topgani bois, guruhdagi o‘zbek jangarilarining aniq soni haqida bir narsa deyish qiyin.

Lekin mintaqaviy tahlilchilar hozir Pokistonu Afg‘onistonda faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilarining sonini bir necha yuz, deb taxmin etishadi.

Image copyright AFP

BBC ekspertiga ko‘ra esa, Suriyada yangi jihod jabhasining ochilishi - tarmoq tarkibidagi xorijiy jangarilarning ko‘proq tayyorgarlikdan o‘tish, o‘z jangarilik salohiyatlarini yaxshilashlariga imkon bergan.

Suhbatdoshimiz, o‘z o‘rnida, voqealarning bu kabi rivoji Markaziy Osiyo davlatlari uchun xatarnok bo‘lishi ehtimolini ham nazardan soqit etmaydi.

"Yaman bo‘ladimi yoki Suriya va hatto Vaziristonning o‘zida ham, ular o‘z jangarilik malakalarini oshirib, yangi jangarilarni yollab, boshqa isyonchi guruhlarning dastagi va katta miqdordagi moliyaviy ko‘maklaridan bahramand bo‘lishadi. Bu esa, ularning rostmana jihodchi guruhga aylantiradi", - deydi u.

Ammo tahlilchining eng so‘nggida e‘tirof etishicha, Markaziy Osiyo doimo "Al-Qoida" tarmog‘ining diqqat-markazida bo‘lib kelsa-da, voqealarning rivoji mintaqadagi siyosiy o‘zgarishlarga bog‘liq bo‘ladi.

---------------------------------------------------------------------------------------

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002.