Urumchi portlashi gumondori yaqinlari qidirilmoqda

Image copyright Reuters

Xitoy matbuoti tarqatgan xabarga ko‘ra, Urumchi shahar temir yo‘l vokzalidagi hujumni sodir etgan deb gumon qilinayotgan shaxsning qarindoshlarini qidirish boshlangan.

Xitoy Kommunistik partiyasi ro‘znomalaridan bo‘lgan The Global Timesning xavfsizlik idoralariga tayanib yozishicha, 30 aprel kuni Urumchi temir yo‘l stantsiyasidagi portlash va pichoqlar bilan hujumni ikki shaxs sodir etgan.

The Global Timega ko‘ra, portlash oqibatida ikki hujumchi ham halok bo‘lgan.

Xitoyning davlat nazoratidagi ro‘znomasi halok bo‘lganlardan birining nomini e‘lon qiladi.

Hujumchilardan biri Shinjon Uyg‘uristonining Aqsu tumanidan bo‘lgan 39 yoshli Sadriddin Sovut bo‘lgan, deydi ro‘znoma.

Hujumda gumon qilinayotgan ikkinchi va halok bo‘lgani aytilayotgan shaxsning ismi-sharifi e‘lon qilinmagan.

Xitoy rasmiylariga ko‘ra, Urumchi portlashi tashkilotchisi Sadriddin Sovutning yaqinlariga ov e‘lon qilingan.

Xitoy amaldorlari Sadriddin Sovutning qarindoshlari unga hujumni amalga oshirishda ko‘maklashganlar, deb gumon qilinayaptilar.

Hozir uning xotini, otasi, qaynotasi va yana ikki qarindoshi g‘oyib bo‘lgani haqida aytishmoqda Xitoy rasmiylari.

Urumchi vokzalidagi portlash Shinjonga Xitoy Prezidenti Shi Jinpingning mintaqaga prezident bo‘lganidan buyon ilk safari nihoyasiga yetgan kuni ro‘y bergan.

Xitoy rasmiylariga ko‘ra, odatda portlovchi moddani bir joyga qo‘yib ketiladi, biroq bu gal ikki hujumchi portlash paytida shu joyda bo‘lganlar va halok bo‘lganlar.

Vokzaldagi hujum oqibatida ikki hujumchidan tashqari yana bir inson halok bo‘lgani, 70 kishi jarohatlangani xabar qilingan.

Xitoyda keng tarqalgan Twitter-sifat Weibo ijtimoiy tarmog‘ida vokzalga kiraverishda vayronalar va chemodanlardagi qon izlari tushirilgan suratlar tarqalgan. Hozircha bu suratlar ne qadar haqqoniy ekanligini tekshirish imkoni yo‘q.

Markaziy Osiyoga chegaradosh, tabiiy boyliklarga mo‘l strategik muhim Shinjon viloyati Xitoy hukumati tomonidan islom jangarilari va bo‘lginchilar makoni deya ta‘qib qilib kelinadi.

Yaqin vaqtlargacha aksar aholisi uyg‘urlardan iborat bo‘lgan Shinjonda oxirgi yillar mobaynida vaziyat beqarorlashib, qator hujumlar ro‘y berib kelmoqda.

Hukumat ushbu hujumlar ortida islomiy jangarilar va bo‘lginchilar turganligini aytadi.

Uyg‘ur faollari esa vaziyatning beqarorlashishiga Xitoy hukumatining musulmon aholisi faoliyati va uyg‘ur madaniyatini cheklashga qaratilgan siyosati sabab ekanligini bildiradilar.

Xitoy hukumatining islomiy jangarilikka nisbatan xavotirlari o‘tgan yili oktyabr oyida Pekindagi Tyan An Men maydonida mashina portlashi va o‘tgan oyda Kunming shahrida 29 kishi pichoq bilan qurollangan shaxs hujumiga uchraganidan so‘ng kuchaygan.

Hukumat ushbu zo‘ravonliklarning hammasida uyg‘ur bo‘lginchilarini ayblagan. Xitoy rasmiylarining Uyg‘ur bo‘lginchilari aybdorligi borasidagi da‘volarini mustaqil tekshirishning imkoni yo‘q.