Qozon shahrida "Kumush Qur‘on" deb nomlangan ko‘rgazma ochildi

Bu ko‘rgazmada "Hazrati Usmon Mushafi" deb ataladigan eng qadimgi Qur‘ondan olingan kumush nusxalar namoyish qilinadi.

Ko‘rgazma tashkilotchilari xabar qilishlaricha, "Kumush Qur‘on"ning bir sahifasini Prezident Putin 75 yillik yubileyiga Prezident Islom Karimovga sovg‘a qilgan.

Ko‘rgazma va Qur‘onning kumush nusxalari haqida Qozondagi Islomiy Madaniyat muzeyi rahbari Nuriya Garayeva BBCga gapirib berdi.

Nuriya Garayeva: Bu 8-asrdagi Usmon Qur‘oni qo‘lyozmasidan olingan nusxa. "Kumush Qur‘on" Rossiya Fanlar Akademiyasining Peterburgdagi Sharqshunoslik qo‘lyozmalari to‘plamida saqlanayotgan Usmon Mushafi nusxasidan olingan. Bu qo‘lyozma to‘liq emas, unda Qur‘onning deyarli 50 foizi saqlangan. Qo‘lyozma 81 sahifadan iborat. Uning har bir sahifasidan ikki kumush nusxa yasalgan. Mutaxassislar bu qo‘lyozma juda ham yaxshi saqlanganini aytishadi. Ushbu qo‘lyozma dunyodagi shu bugungacha saqlanib qolgan eng qadimgi Qur‘ondan biri hisoblanadi. Bunday qo‘lyozmalar butun jahonda 5 yoki 7 ta saqlanib qolgan. Peterburgdagi Qur‘on qo‘lyozmasi shunisi bilan mashhurki, bundan oldin bu qo‘lyozmadan oltin nusxa olingan. U "Oltin Qur‘on" deb nomlangan. Zargarlik nuqtai nazaridan qaraladigan bo‘lsa, kumush plastinkaga harflar zarb berilgan. Qalinligi 0,3 millimetr bo‘lgan kumushga rossiyalik zargarlar nafaqat Qur‘on sahifasidagi harflarni, balki o‘sha betdagi barcha bezaklarni, dog‘larni ko‘chirishga muvaffaq bo‘lganlar. "Kumush Qur‘on"ning e‘tiborli jihati, sahifadagi harflarning qalinligi, kumush plastinkaning o‘zidan uch baravar qalin qilib ishlangan. Bu "Kumush Qur‘on"ning ilk ko‘rgazmasi. Bundan oldin "Kumuo‘sh Qur‘on" Ostonadagi ulkan "Hazrati Sulton" masjidi uchun sotib olingan edi. 2010 yilda Dmitriy Medvedev Qatar Amiriga hadya qilgan. Va Prezident Putin Prezident Islom Karimovning 75 yoshga to‘lishi munosabati bilan "Kumush "Qur‘on"ning bir sahifasi sovg‘a qilgan.

BBC: Hozir Qozondagi ko‘rgazmada 162 ta kumush sahifa namoyish qilinayaptimi?

Nuriya Garayeva: Ha, Qur‘onning barcha sahifalari - 162 ta bet namoyishga qo‘yilgan. Shuni aytish kerakki, "Kumush Qur‘on" nusxa olingan Usmon Qur‘onining bir qismi O‘zbekistonda saqlanadi.