Slavyansk shahriga kirish yo‘llarida janglar qayta avj olgan

Image copyright Reuters

Ukraina janubi-sharqidan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, Slavyansk shahriga kirish yo‘llarida janglar qayta avj olgan.

Interfaks-Ukraina va BBCning Ukrain xizmati muxbiri shahar markazida yaqin mavzeda otishma yuz berayotganini xabar qildi.

Xabarlarga ko‘ra, ukrain qo‘shinlari mahalliy televizion minorani egallab olishgan va ukrain televizion kanallari uzatilishini qayta tiklaganlar.

Ukraina ichki ishlar vaziri Arsen Avakov Rossiyaparast jangarilar Slavyanskda minomyotlardan foydalanishayotganini aytdi, ukrain qo‘shinlari orasida talafotlar va jarohat olganlar bor. Oxirgi ma‘lumotlarga binoan, to‘rt harbiy halok bo‘lgan, 30 nafari jarohatlangan.

Aytilishicha, nafaqat ukrain qo‘shinlari, balki o‘zini mudofaa kuchlari deb atayotgan rossiyaparast bo‘lginchilar orasida ham qurbonlar va jarohatlanganlar bor.

Slavyanskdagi mahalliy jangchilar halok bo‘lganlar 10 ta, yaralanganlar 20 dan oshganini bildirgan.

Kecha, yakshanba kuni ukraina harbiy qismlari shaharga kiradigan asosiy yo‘lni to‘sib qo‘yishdi va bu bilan Slavyanskda joylashgan bo‘lginchilar safining kengayishini bartaraf qilishga urindilar.

Ukrainaning yettita BTR harbiy mashinasi Slavyansk va Donetsk o‘rtasidagi avtomagistral yo‘lni to‘sib qo‘ygan.

BBCga gapirgan mustaqil jurnalist Xarriyet Salemning aytishicha, Slavyanskning mahalliy aholisi rossiyaparast bo‘lginchilarni to‘laligicha qo‘llab quvvatlashayapti va ukrain armiyasining shturmidan juda xavotirga tushganlar.

Undan tashqari Slavyanskning 160 ming kishilik aholisi oziq-ovqat mahsulotlarining tanqisligini seza boshlaganlar.

Qo‘shni Konstantinovka shahridan xabar uzatayotgan BBC muxbiri Sara Reynsford ham mahalliy aholi orasidagi kayfiyatni tasdiqladi. Unga ko‘ra, aholi Odessada bir necha o‘nlab rossiyaparast namoyishchilar halok bo‘lganidan o‘ta norozi va qo‘rqib qolishgan, ular Odessadagi talafotlarni "kechirib bo‘lmas" deya qoralashmoqda.

Bu hududlar asosan rusiyzabon aholi joylashgan hududlar bo‘lsada, muxbirimizga ko‘ra, onda sonda Ukraianing hududiy yaxlitligini istayotgan odamlarni uchratish mumkin, ba‘zilar derazalariga Ukraina bayroqlarini osib qo‘yishgan, ba‘zi ustunlar esa ukraina bayrog‘ining sariq va ko‘k ranglari bilan bo‘yalgan.

Lekin, aksariyat Kiyevga qarshi, ular Kiyevdagi hukumatning bo‘lginchilar bilan jang qilish uchun o‘z armiyasini safarbar qilganidan g‘azablanganlar.

Masalan, Konstantinovka shahridagi bo‘lginchilarning qarorgohiga aylantirilgan militsiya bo‘limi oldida erkaklar Molotov kokteyllarini tayyorlashmoqda, mahalliy xalq esa ularga oziq-ovqatlarga to‘la paketlarni olib kelishmoqda. U yerga yig‘ilgan yosh yigitlar to‘dalari ularga shaharni himoya qilishlari uchun qurol berilishini talab qilishmoqda.

Qo‘shni Kramatorskda ham rossiyaparast faollar shahar kengashi binosini egallab olganlar va uning atrofidagi yo‘llarni yonib ketgan avtobuslar va taksi marshrutkalari qoldiqlari bilan to‘sib qo‘yganlar.

Lekin, shunga qaramay, ukraina hukumati baribir o‘z harbiy amaliyotlarini davom ettirishga bel bog‘lagan.

Ukraina bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk kecha, yakshanba kuni, mamlakat sharqidagi o‘z ta‘birida "aksil terror" amaliyotini davom ettirishini aytdi. U yana bir bor Rossiyani bosqichma bosqich "Ukraina va uning davlatchiligini yo‘q qilish"da aybladi. Yatsenyuk rasmiy Kiyev mamlakat sharqi ustidan nazoratni boy berganini rad qildi, uning aytishicha, ko‘p narsa mahalliy xalqning nimani qo‘llab quvvatlashiga bog‘liq - ular yo tinchlik va barqarorlikni tanlaydilar yoki Rossiya homiylik qilayotgan bo‘lginchilarni.

Rossiya ayni damda Ukraina chegarasida 40 ming askarini jangovor holatda ushlab turibdi.

Rossiya bugun yana bir bor Ukraina sharqidagi notinchliklar jilovlanmasa, u butun Ovro‘po bo‘ylab tinchlikni xavf ostiga qo‘yishini aytib ogohlantirdi.

Moskva xalqaro hamjamiyat va Ukrainaning o‘z ta‘birida "irqchilik, ksenofobiya, etnik toqatsizlik va natsistlarni sharaflash" urinishlariga qarshi choralarni kuchaytirishga undadi.