Sergey Lavrov: Ukraina bo‘yicha yangi muzokaralardan ma‘no yo‘q

Image copyright AFP

Rossiya Tashqi Ishlar vaziri Sergey Lavrov Venada o‘tgan Ovro‘po Kengashi vazirlar qo‘mitasi yig‘ilishida Ukraina inqirozi bo‘yicha Jeneva muzokaralarini davom ettirishdan ma‘ni yo‘qligini aytgan.

"O‘sha eski ko‘rinishda, Ukraina muxolifati muzokaralar stoliga o‘tirmas ekan, uchrashuvda nimanidir qo‘shimcha qilish qiyin. Albatta biz kelishilgan barcha shartlarni bajarish kerak deb aytamiz, lekin bu hammasi yuzaki bo‘lib qolaveradi", deydi janob Lavrov Venadagi anjumanda.

Anjumandan oldin bir qator G‘arb diplomatlari, jumladan Britaniya Tashqi Ishlar vaziri Uilyam Xeyg Rossiyani 17 aprel kelishuvini bajarmayotganligini bildirishgan.

Venada Rossiya va Ukraina Tashqi Ishlar vazirlarining uchrashuviga alohida e‘tibor qaratilgan. Sergey Lavrov va Andrey Deshitsa birodarlarga xos uchrashib, qo‘l berib ko‘rishishgan.

Andrey Deshitsaning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina siyosiy inqirozni bartaraf etish bo‘yicha Jeneva kelishuvi yangi muzokaralarida ishtirok etadi, qachonki Rossiya 25 mayda o‘tadigan prezidentlik saylovlari o‘tishiga xalaqit qilmasa.

"Rossiya Ukrainadagi ekstremistik unsurlarni dastaklashni to‘xtatib, saylovlar o‘tishini quvvatlashga va‘da bersa, biz albatta bunday uchrashuvga tayyormiz", deb aytgan Ukraina Tashqi Ishlar vaziri.

Image copyright AFP

Uning ta‘kidlashicha, ayni paytda Ukraina uchun saylovlarni o‘tkazish eng muhim vazifa hisoblanadi.

G‘arb davlatlari Ukrainadagi saylovlar buzilsa boshqa davlat saylovi o‘tishiga yo‘l qo‘ymaganlik bo‘yicha Rossiyani yangi jazo choralari kutadi, deya ogohlantirmoqda.

Frantsiya prezidenti Olland janoblari Ukraina uchun saylovlar muhimligi, aks holda mamlakat fuqarolar urushi girdobiga tushib qolishi mumkinligini aytadi.

Rossiya Ukraina bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyor, Jeneva kelishuvi buning yaqqol namunasi bo‘lganini aytgan Sergey Lavrov o‘z o‘rnida.

"Rossiyadan Ukraina chegaralaridan qo‘shinni olib ketishni talab qilish g‘alati. "Bizning armiya o‘z hududimizda turibdi va taqiqlanmagan o‘z faoliyati bilan shug‘ullanmoqda", degan u.

Shuningdek, Lavrov Ukraina hukumatidan fuqarolariga qarshi qurol ishlatishni to‘xtatishni talab qilgan.

"Yanukovich hokimiyatda bo‘lganda G‘arb fuqarolarga qarshi armiya ishlatishga qarshi chiqqandi. Endi esa butunlay teskarisini eshityapmiz. Ya‘ni , Ukraina hukumati qurol ishlatishga to‘la haqqi bor ekan. Vaziyatni barqarorlashtirish uchun avvalo xalqqa qarshi armiya qo‘llashni bas qilish kerak", deydi janob Lavrov.

U shuningdek mamlakat aholisi kimni lozim topsa, o‘shanga ovoz berishga huquqi borligini qayd etgan.

"Ukrainadagi vaziyatni ukrainaliklar yaxshilay oladi, faqat G‘arb bunga xalaqit bermasa bo‘ldi", deb urg‘ulagan Rossiya Tashqi Ishlar vaziri.

-----------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002.