O‘zbekistonda zayom topshirishni istovchilar uzun navbat hosil qilgan

BBCga ma‘lum bo‘lishicha, 1992 yilgi zayomlarni qabul qilayotgan Xalq banki bo‘limlarida minglab odamlar navbatga yozilgan. Zayomlar 1 iyulgacha qabul qilinadi. Biroq ushbu zayomlarning indeksatsiya qiymati ma‘lum qilinmagan.

Ijtimoliy tarmoqlarda mijozlar navbatga yozilishish uchun navbatga turishga to‘g‘ri kelayotganini yozgan.

Xalq bankining Andijon shahar bo‘limi xodimi navbatda turganlarning ko‘pligini tasdiqladi.

"Hozir ro‘yxat 7 mingga yetib qoldi, 3 minggacha yozilgan odamlarning navbati kelib qoldi. Bir kunda oshib borsa 100 ta odamdan qabul qilayapti", - deydi bank xodimi.

Zayom topshirish uchun uzun navbatning yuzaga kelganini Xalq bankining boshqa viloyatdagi bo‘limlari ham tasdiqladi.

Ushbu zayomlarga qanchadan o‘zbek so‘mi berilishi hali noma‘lum. Zayomlarning indektsiya qiymati 1 avgustdan ma‘lum bo‘lishi aytilmoqda.

Hukumat 1992 yilgi 12 foizlik yutuqli zayomlarni aholidan 1 apreldan 1 iyulgacha qabul qilinishini bildirgan edi.

O‘zbekiston rasmiylari qancha o‘zbekistonlikning qancha mablag‘i bu zayomlarning sotilgani natijasida davlat byudjetiga tushgani haqida ma‘lumot tarqatmagan.

Toshkentdan iqtisodchi Viktor Ivonin 1992 yildagi davlat zayomlari majbur qolganlikdan chiqarilganini va odamlarni bir kunda pulsiz qoldirganini aytadi.

"U vaqtda hali Sovet ittifoqi bor edi. Moskvadan sovet zayomlari amal qilmasligini aytishdi. Bu haqda moliya vazirligi shanba kuni bilgan, xalqqa pulsiz qolayotganini qanday tushuntirish uchun dushanbagacha o‘ylashgan", - deydi Viktor Ivonin.

O‘zbekiston hukumati sovet zayomlarini o‘zbek zayomlariga o‘zgartirdi va muzlatib qo‘ydi. Chunki o‘sha vaqti davlat g‘aznasida odamlarga berish uchun yetarli mablag‘ bo‘lmagan.

Ushbu zayomlarning amal qilish muddati 2014 yilning 1 iyuligacha qilib belgilangan.

Zayom egalarining bildirishicha, o‘sha vaqtida 8 ming so‘mga jiguli mashinasini olish mumkin bo‘lgan. Odamlarning esa banklarda minglab so‘mlari qolib ketgan.

Iqtisodchi Viktor Ivoninga ko‘ra, hukumat ushbu zayomlarni qabul qilishni boshlagan bo‘lsa, odamlarga berish uchun yetarli mablag‘ga ega bo‘lishi mumkin.

"Demak, qandaydir moliyaviy manbasini topishgan, bo‘lmasa qabul qilamiz, deb e‘lon qilishmasdi. Shunchaki, pulni tarqatib yuborishmaydi. Avval ushbu pullarni qayerdan olish mumkinligi aniqlanadi. Keyin odamlarning halol ishlab topgan pullari qaytarilishini aytishadi", - deydi Viktor Ivonin.

-----------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002