Ovro‘nigoh-2014: Soqolli "so‘rpriz"

Image copyright Thomas Ramstorfer
Image caption Avstriyalik Konchitta bu yil hammani hayratga solmoqchi

"Ovro‘nigoh" ashula tanlovi allaqachon faqat qo‘shiq ko‘rigi emas.

Har yili ovoziga qarab haqiqiy xonanda jo‘natadigan Irlandiya va Britaniya kabi davlatlar ham buni anglab, so‘nggi 4-5 yil ichida ular ham "bozori o‘tgan-o‘tmaganiga" qaramay xonanda yubora boshlashdi.

Buning ustiga, ovoz berishlar ham yo siyosiy, yo milliy va diniy.

Deylik, yunon davlatlari bo‘lmish Kipr bilan Yunoniston, yoki turkiy tilli musulmon mamlakatlar - Ozarbayjon va Turkiya har vaqt bir-birlariga eng yuqori ballni berishadi.

Frantsiya va Olmoniyaning ko‘p millionli musulmon arab va turk jamoalari ham faqat Turkiyaga ovoz beradilar.

Bu yoqda Isroil va Rossiya, Bolqon, Boltiqbo‘yi va Skandinaviya davlatlari ham o‘zaro ovoz almashadilar.

Siyosiy tanlov

"Dushman" davlatlardan esa ovoz kutmang: Ozarbayjonda ayrimlar Armaniston uchun ovoz bergach, ertasi kuni xavfsizlik xizmati xodimlari eshiklarini taqillatib kelishgan.

Image copyright Reuters
Image caption Bu ko‘rik Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasida salkam siyosiy inqirozga ham sabab bo‘lgandi

Sharqiy Ovro‘po davlatlari uchun "Ovro‘nigoh"da qatnashish ulkan baxt va muvaffaqiyatga erishgan ashulachi vatanida salkam milliy qahramonga aylanadi.

Masalan, Kiyevda o‘tgan "Ovro‘nigoh"da o‘sha paytdagi ovro‘poparast prezident Yushchenkoning shaxsan o‘zi sovrinni yangi g‘olibga topshirgandi.

Lekin aksar sobiq sotsialistik davlatlardan iborat bu "sharqiy guruh" mamlakatlari nafaqat ashula aytishadi, balki biron ajobtovur tomoshani maromiga yetkazishni bosh maqsad qilganlar.

Ilk bora royal ichidan chiqqan raqqosalari ish bermagan rossiyalik Dima Bilan, kelasi safar mashhur skripkachi va figuristni yoniga olib g‘alaba qozongandi.

Turkiyalik Sertab Eriner g‘olib bo‘lganida ko‘pchilik uning ashulusidan ko‘ra qorin raqsini eslab qolishgan.

Finlandiyaning Lordi rok guruhi esa butunlay dahshatli maxluqlar niqoblarida chiqib, aksar ovozlarni olib ketishgandi.

Soqolli xonim

Bu yil ham bundayin ajobtovur tomoshalar oz emas.

Image caption Ukraina esa xonandaga qo‘shib, ulkan g‘ildirakka solingan raqqos ham jo‘natgan

Ukrainalik ashulachi yonida ulkan g‘ildirak va uning ichida erkak raqqos tinmay yugurib, raqs tushadi. Barakallo, deysiz ashulachidan ham ko‘ra, ko‘proq raqqosga...

Moldovaning raqqos yigitlari esa yarim-yalang‘och. Ovro‘polik o‘spirin qizlarning ovozlarini olish kerak-ku. "Ovro‘nigoh"ni esa ko‘pincha yosh qizlar va hamjinsbozlar ko‘rishlari aytiladi.

Ammo ba‘zida mavjud qoliplardan tashqari harakatlarni ko‘rish mumkin. Ular gohi ish bersa, gohi teskari natija bilan tugaydi.

Isroillik Dana Interneshnl, masalan, "Ovro‘nigoh"da qatnashgan ilk transseksual xonanda sifatida qit‘ani hayratga solgan va g‘olib bo‘lgandi.

Image caption Ukraina inqirozi manzarasida olabo‘jiga aylangan Rossiya uchun bu yil Ovro‘po tomoshabinlari ovoz berisharmikan?

Bu safar Avstriya shunday yo u yog‘lik, yo bu yog‘lik qiladigan xonandani taqdim etmoqda.

Manekenchi qizlardan qolishmaydigan qomatli, qora qosh, qora ko‘z xonanda Konchittaning uncha-muncha yigitlar havas qiladigan soqol-mo‘ylabi ham bor.

Ovozini ham ayollar kabi ingichka yuqori pardaga olib chiqishi, erkaklar kabi bo‘g‘iq ohangga moslashtirishi mumkin.

Uning asil ismi Tom. Bir paytlar o‘g‘il bolalar guruhida ashula aytgan. Ammo endi o‘zini qiz bola hisoblaydi.

"Soqolli xonim bo‘lsam nima qilibti" - deydi Konchitta - "Axir bu bilan hech kimga ziyonim tegayotgani yo‘q-ku".

Ammo Ovro‘po bu safar nima uchun ovoz berishini bashorat qilish mashkul. Konchittaning soqoligami, Ukrainaning g‘ildiragigami va yo Molodovaning yarim yalang‘och raqqoslarigami?

Kim bilsin, balki haqiqiy ashula aytaman, deb kelgan biron qo‘shiqchi tomoshabinlar mehrini ham qozonar.

Har tugul, "Abba" va Selin Dion "Ovro‘nigoh" sahnasida kashf etilganlar. Ya‘ni ba‘zida haqiqiy qo‘shiqchilar ham ayni ko‘rikka tushib qolishlarini inkor etish qiyin.

Bu safargi g‘olib esa shanba oqshomi Kopengagenda aniq bo‘ladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002