Baxt faqat pul va boylikdami yoki?..

Image copyright BBC World Service

Kimga qanday deyishingiz tabiiy... Ammo ulkan neft va gaz zaxiralari dunyoning eng boyvachcha davlatiga aylantirgan Qatar misolida nima deyish mumkin?

Qatar esa shu darajada boyki, futbol bo‘yicha 2022 yilgi jahon chempionatiga mezbonlik sarf-xarajatlariga 200 milliard AQSh dollarini pisand bilmoqchi emas.

Lekin cheksizdek ko‘ringan buncha boylik Qatar va qatarliklarni qanchalik baxtiyor qildi ekan?

Hozircha, Qatar poytaxti Dohada tashqarida o‘tirishingiz mumkin. Kun chidab bo‘lmas darajada qizib ketmagan.

Ammo bir necha haftadan so‘ng shunday jazirama issiq kunlar boshlanadiki, ishlash uchun ko‘chaga chiqishi shart bo‘lmagan barcha o‘zini ichkariga uradi: Havo sovutgichlarning sovug‘idan panoh topadi.

Lekin shu payt ko‘plab poytaxtliklar o‘z oilalari bilan asr quyoshining tig‘ida Corniche bo‘yida mazza qilib dam olib o‘tirishibdi.

Bor-yo‘g‘i o‘tgan bir necha yilning o‘zida bu yerlar tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketgan.

Yaydoqdek sahroning o‘rnida zamonaviy osmono‘par binolar qalashib ketgan: Bu yerlar sizga xuddi sun‘iy o‘rmonni eslatadi.

"Biz shaharlashdik", - deydi Qatar Universiteti professori, sotsiolog, doktor Kaltham al G‘anim.

"Bizning ijtimoiy va iqtisodiy hayotimiz o‘zgardi. Oilalar mustaqil yashashga o‘tishdi. Iste‘molchilik madaniyati kirib keldi", - deydi u kishi.

Bu kabi o‘zgarishlarning ortida Qatar hukumatining sa‘y-harakatlari ham ozmuncha emas.

Qariyb bir asrcha burun butkul nochorlik girdobida bo‘lgan bir mamlakat dunyodagi eng boyvachchasiga aylanadi: Kishi boshiga o‘rtacha yillik daromad 100.000 AQSh dollariga yetadi.

Ammo bu kabi keskin o‘zgarishlar Qatar jamiyatiga qanday ta‘sir qilgan bo‘lishi mumkin? - Masalaning eng kam o‘rganilgan jihati aynan xuddi shu nuqtada.

Siz Dohada qandaydir bosimni sezasiz. Shahar sizga qurilish sathini eslatadi: Butunboshli tumanlar boshdan-oyoq qayta tiklanmoqda yoki qayta boshdan qurish uchun buzilmoqda.

Ko‘chalardagi davomiy tirbandliklar haftalik ish soatingizni yanada uzaytirib yuboradi, odamlarni asabiy va jizzaki qilib qo‘yadi.

Agar, Qatardagi mahalliy matbuot keltirayotgan raqamlarga qaralsa, hozir 40 foiz nikohlar ajralish bilan tugaydi.

Mamlakat aholisining aksariyati, ayniqsa, keksalar va bolalar semizlikdan azob chekishadi.

Qatarda ta‘lim, tibbiy xizmat tekin. Ish o‘rinlari, hovli-joy kafolatlangan, hatto, suv va elektr toki ham tekin.

Ammo buncha mazza ekan, desangiz ham adashasiz: Bunchalik to‘kin-sochinlikning o‘z mashmashalari ham bor.

Image copyright BBC World Service

"Sizga birvarakayiga 20 xil ish taklif qilisharkan, oliy o‘quv yurtini bitirayotgan talabaning boshi gangib qolishi tayin", - deydi men bilan suhbatda Qatardagi Amerika universiteti akademiklaridan biri.

Suhbatdoshimning davom etishicha, "Shuncha ishning ichidan yaxshisini topaman deb odamlar qiynalib ketishadi".

Ustiga ustak, Qatar aholisining aksariyatini chetdan kelganlar tashkil qilishadi: Bitta qatarlikning boshiga yettitacha muhojir to‘g‘ri keladi.

Xuddi shu bois, hozir mahalliy yoshlar orasida daromadli ishlar xorijliklarga o‘tib ketayapti, degan shikoyatlar ham yo‘q emas.

Ayni shu manzarada jadal taraqqiyotga intilib, qandaydir muhim narsani yo‘qotib qo‘ymadikmi, degan his ham hukmron.

Qatarliklarning oilaviy hayotlari ham jiddiy o‘zgarishlarga yuz tutgan: Onalari qolib, bolalarni buyog‘i Filippinu Nepalu Indoneziyadan kelgan enagalar katta qilishadi.

Keksa avlod bilan yoshlarining qarashlari va qadriyatlari orasidagi farq ham yil sayin kengayib bormoqda.

Yuzini batulla bilan to‘sib olgan va yoshi oltmishlarni qoralab qolgan Umm Xalaf xola haliyam yoshligidagi hayotni qumsaydi.

"Hayotimiz oddiy bo‘lsa ham, go‘zal edi. Yo‘q yerdan yo‘ndirardik. Oilaning gapi to‘rtta devorning tashqarisiga chiqmasdi. Bularning barchasini yo‘qotish, albatta, odamning ko‘nglini og‘ritadi", - deydi u kishi.

Poytaxt Dohaning g‘arbiy sarhadlariga yo‘l solaman. Chang-to‘zonli yaydoq sahrodek bir joy. O‘ziyam "Ilonlar maskani", deb nomlanadi.

Ali al-Jahoniy bu yerda fermerlik qiladi. U menga yangigina sog‘ilgan, iliqqina, haliyam hovuri chiqib turgan bir kosa tuya sutini tutadi.

"Avvallari ishlasangiz, tishlardingiz, ishlamasangiz, yo‘q. Shunisi tuzuk edi", - deydi u kishi sutning betidagi ko‘pikni yumshoqqina xurmo bilan sidirib, og‘ziga solarkan.

"To‘g‘ri, hukumat ham bir chetda qarab turgani yo‘q. Ko‘mak berishga harakat qilayapti. Ammo ulgura olmayapti", - deydi suhbatdoshim og‘zidagi xurmoni chaynagancha, xayolga botib...

Siyosatchilarning odamlar bilan hamnafas emasliklari bahosida qolgan ko‘pchilik ham yakdil.

Ayniqsa, futbol bo‘yicha 2022 yilgi jahon chempionatini Qatarga keltirish yo‘lidagi haddan ziyod urinishlar va hatto, pora berilganiga oid ayrim da‘volar bu hisni yanada kuchaytirgan.

Boshqa tomondan, jahon chempionatiga mo‘ljallangan qurilish sathlarida yuz berayotgan holatlar haqida ham turli matbuot nashrlari tinimsiz bong urib turgan bo‘lishsa.

Ko‘ngillaridagi qo‘rquvlari haqida so‘zlarkan, mahalliy yosh jurnalist qizgina Maryam Dahruj o‘zi butkul o‘ranib olgan niqobining uyoq-buyog‘ini to‘g‘rilab oladi.

Image copyright BBC World Service

"Bu yerdagi odamlar qo‘rquvda. Ular kutilmaganda butun dunyoning ko‘ziga tushib qolishdan qo‘rqishadi. Chunki jamiyatimiz shu paytgacha yopiq bo‘lib kelgan. Ular esa, kelib, bizni o‘zgartirishmoqchi. Biz ularga o‘z qadriyatlarimizni qanday qilib ko‘rsatamiz", - deydi u.

Odamlarning irqlariga qarab, Qatarda jamiyat tabaqalangan. Notenglik esa, juda yaqqol ko‘zga tashlanib turadi.

Deylik, muhojir ishchilarni qariyb qullarga tenglashtirib qo‘ygan kafala tizimini bekor qilish yoki chetdan kelganlarga Qatar fuqaroligini berib, biroz bo‘lsa-da muvozanatni tiklashga borishmaydi.

Ular bunday qilishsa, qandaydir beqarorliklar kelib chiqishi va madaniy qadriyatlarining oyoq-osti bo‘lishidan cho‘chishadi.

Ammo, ta‘kidlash joiz, so‘nggi yillarda bu yerdagi barqarorlikka ham, tish-tirnoqlari bilan avaylashga harakat qilayotgan qadriyatlariga ham allaqachon putur yetgan.

Chunki Saudiya Arabistoni va boshqa qo‘shni davlatlar bilan mintaqaviy ittifoqchiligining tagiga zil yeta boshlagan.

Ustiga ustak, hali sakkiz yil qolgan bo‘lsa ham, qatarliklar futbol bo‘yicha jahon birinchiligi hayotimizni qay tomonga o‘zgartirib yuborarkan, degan xavotirda.

Hukumat ham aynan birinchilik sabab islohotlar o‘tkazishga oid bosim ostida qolishi mumkin.

"Men, masalan, shu paytgacha kafala, degan tizim nimaligini bilmasdim. Hozir esa, nega unga avvalroq barham bermagan ekanmiz, deb boshim qotgan", - deydi qatarlik yosh ayollardan biri biz bilan suhbatida.

Corniche orqasidagi "Souk Vaqif" bozorida esa, kunning kechki salqinida odamlar kahva ho‘plab, chilim chekkancha, hordiq chiqarishadi.

Bu bozor ham bundan o‘n yilcha burun xuddi qadimgisiga o‘xshatib qayta qurilgan.

Bu erkaklar qo‘llarida kurakchayu supurgi bilan aylanib yurgan men bilan yagona bozor bo‘ladi. Dohada tozalik hamma mukkasidan ketgan narsalardan biri bo‘ladi.

"Ayrim qatarliklarga achinaman ham", - deydi Qatarda bir necha yildan buyon yashab kelayotgan amerikalik akademiklardan biri.

Suhbatdoshimning aytishicha, "Ular hayotdagi eng muhim qadriyatlarni deyarli unutib qo‘yishgan".

-----------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002