Endi Hindiston ham Afg‘onistonda notinchlik qo‘zg‘ashi mumkinmi?

Image copyright none
Image caption Ko‘plab afg‘on harbiylari Rossiya harbiy jihozlarini afzal bilishadi

O‘tgan bir necha yillar davomida Hindiston Afg‘oniston jumhurraisi Homid Karzayning mamlakat armiyasi uchun og‘ir aslahalar yetkazib berish borasidagi iltimoslariga ustalik bilan ko‘z yumib kelayotgandi.

Karzay janoblari so‘ragan qurollar uzoqqa otuvchi to‘plar, tanklar va harbiy uchoqlar edi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘tgan o‘n yil davomida Afg‘on armiyasi (o‘rdusi) uchun milliardlab dollar sarfladi.

Ammo Vashington Afg‘oniston qurolli kuchlarini anchayin yengil, ya‘ni jangovar hujum uchun emas, ko‘proq muhofaza uchun ixtisoslashtirib qo‘ydi.

AQSh va Hindiston ham Afg‘oniston armiyasini takomillashtirishda qo‘shni Pokistonning jig‘iga tegib qo‘ymaslik uchun ehtiyotkorona harakat qilishdi.

Yaqingacha Afg‘oniston – Pokiston chegarasidagi vaziyatga doir ikkala davlat armiyalari o‘rtasida ziddiyat mavjud edi.

Afg‘onlar Pokistonni o‘z hududlaridan Toliblarga boshpana berish va ularni chegara osha Afg‘onistonga kirib kelishiga monelik qilmaslikda ayblaydi.

Ikkala mamlakat ham chegaraning anchayin yirik mintaqasida hech qanday nazoratga ega emas.

Dehli va Islomobod orasida...

Hindiston Karzay janoblarining iltimoslariga ko‘z yumib kelar ekan, bu Islomobodda anchayin xush qarshilandi.

Image copyright none
Image caption Dehlining Kobulga yaqinlashishi Islomobodni xavotirga soladi

Ular Afg‘onistondagi o‘zaro raqobatlariga doir keskin chiqishlardan tiyilib keldilar.

Bundan bir necha yil avval Haqqoniy tarmog‘i Kobuldagi Hindiston elchixonasiga hujum uyushtirar ekan, ayni hujum ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga sinov bo‘ldi.

Hindiston va Amerika Pokistonning josuslik xizmatini bir necha bor aybladi.

Ayni xizmat Haqqoniy tarmog‘i bilan 1970 yillardan beri birga ishlab kelishi aytiladi.

Oradan yillar o‘tdi.

Amerikaliklar shu yil oxiriga qadar Afg‘onistonni tark etishadi.

Hozirga qadar chala erishilgani shuki, Hindiston Rossiyaning yengil o‘tochar qurollari va raketalarini Afg‘oniston uchun sotib oladi, ammo ikkala davlat ham kelajakda og‘ir qurollarni ham yetkazib berish ehtimolini inkor etmaydi.

Sho‘ro quroli AQShnikidan yaxshimi?

Afg‘onlar uzoq yillar davomida ruslar va yo Sho‘rolar qurollari bilan jang qilishdi.

Ular rus qurollarini G‘arbnikidan ko‘ra ustun ko‘rishadi.

Amerika nazorati va moliyasi bilan Rossiya Afg‘oniston havo kuchlariga M-17 helikoptirlarni keltirdi.

Ayni rusumdagi helikoptirlar bilan Shimoliy Ittifoq kuchlari Toliblarga qarshi yillarki urushib kelgandi.

Image copyright none
Image caption Kelajakda Afg‘oniston armiyasiga kim maosh to‘laydi - noma‘lum

Bularning bari tabiiyki, Pokistonni qattiq xafa qiladi.

Hindiston bilan Afg‘onistonga ta‘sir doirasini kuchaytirish yo‘lida raqobatli kurashni avj oldiradi.

Hozir Pokiston Afg‘on toliblari va ularning rahbari Mullo Muhammad Umarga boshpana berar ekan, Kobul ham mamlakat hududidan Pokiston toliblari rahbari Mulla Fazlullohga joy bermoqda.

Ammo ikkala tomon ham buni rad etadi.

Bu kabi raqobat hozirning o‘zidayoq ikki mamlakat armiyasi o‘rtasida chegara osha qurolli to‘qnashuvlarga sabab bo‘ldi.

Ayni qurol-yaroq shartnomasi esa yana o‘tgan asr to‘qsoninchi yillarning qonli fuqarolar urushini qayta boshlanishiga turtki berishi mumkin.

O‘shanda Pokiston Toliblarni, Hindiston, Eron, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari esa Shimoliy Ittifoqni dastaklashgan edi.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002