Mustafo Jamilev Ovro‘po mahkamasiga murojaat etmoqchi

Image copyright AP

Quvg‘indagi qrim tatarlari rahbari Qrimga kirishiga qo‘yilgan taqiq yuzasidan Inson huquqlari bo‘yicha Ovro‘po mahkamasiga shikoyat arizasi bilan chiqmoqchi.

3 may kuni Qrimning yangi rahbariyati uning yarim orolga kirishiga izn berishmagandi.

Bo‘lga rasmiylari buning sababini, "Mustafo Jamilev mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirish uchun bu yerga kelgani" bilan izohlashgandi.

Qrimdan chiqib ketarkan, aprel oyi oxirlarida esa, noma‘lum shaxslar unga 2019 yilga qadar Rossiyaga kirishi taqiqlanganiga oid hujjatni ham tutqazishgandi.

Mustafo Jamilevning ta‘kidlashicha, "o‘zini Qrim rahbarlari deb atayotgan shaxslarning bu qabila xatti-harakatlari qonunga ziddir".

O‘z o‘rnida, qrim tatarlari rahbarining sudda yutib chiqishiga ishonchi komil.

Uning aytishicha, "Rossiya yurisdiktsiyasini hech kim tan olmagan va tan olish niyati ham yo‘q".

Mustafo Jamilevning "Slon" internet nashriga bergan suhbatida aytishicha, rossiyalik rasmiylardan birortasi o‘zining nega Qrimga kiritilmayotgani sababini tuzuk-quruq izohlab bermagan.

Unga ko‘ra, baribir, "vaqti vaqti bilan Qrim chegarasiga kelib, o‘z uyiga o‘tishga harakat qilaveradi".

Zo‘ravonlik bilan

Image copyright AP

Qrimdagi vaziyatni baholarkan, "Biz xuddi Sho‘rolar Ittifoqi davriga qaytgandek bo‘ldik. Yana eng yomon davrlardagisiga", - deb aytgan Mustafo Jamilev.

Uning aytishicha, Qrimdagi mavjud holat va u yerdagi rasmiylarning xatti-harakatlari tatar aholisining noroziligiga sabab bo‘lmay qolmaydi.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, birgina Mustafo Jamilev emas, Qrim tatarlari Majlisining amaldagi raisi Refat Chubarov ham xuddi shunday fikrda.

Janob Chubarovning "Zerkalo nedeli" nomli ukrain nashriga aytishicha, qrim tatarlari bundan keyin ham tinch yo‘llar bilan o‘z huquqlarini talab qilishda davom etishadi.

Qrim yangi rahbariyatining bayon qilishicha esa, mahalliy aholining barcha huquqlari kafolatlanadi.

Biroq Refat Chubarov bu borada umuman boshqacha fikrda: Unga ko‘ra, bo‘lganing yangi sohiblari tatarlarga faqat "kuch tili"da munosabatda bo‘lishni maqsad qilishgan.

Janob Chubarovning ta‘kidlashicha, "qrim tatarlar bilan hamohanglikda hayot kechirishning yo‘llarini topish jarayoniga "faqat kuch qo‘llash"ga hozir bo‘lgan "butunboshli qirg‘iylar galasi" aralashgan.

Avvalroq u qrim tatarlari deportatsiyasining 70 yilligi arafasida o‘zining ham qo‘lga olinishi va hibsda saqlashlari ehtimolini nazardan soqit etmagandi.

1944 yilda sobiq Sho‘rolar Ittifoqining marhum rahbari Iosif Stalin tatarlar bilan bir qatorda Qrimdagi boshqa xalq vakillarini ham olmon natsistlari bilan yoppasiga hamkorlik qilishda ayblab, bo‘lgadan badarg‘a qilgandi.

-----------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002