Putinning popugi pasaymoqdami?

Image copyright RIA Novosti
Image caption Putin hozir ancha yumshab qolgan deyishmoqda...

Prezident Putin Ukraina prezidentlik saylovini dastaklabgina qolmadi.

U janubiy-sharqiy Ukrainadagi rossiyaparast bo‘lginchilarga ham murojaat qildi va kelayotgan dam olish kuniga mo‘ljallangan mustaqillik referendumini hozircha o‘tkazmaslikka chaqirdi.

Xususan, toki muloqot uchun zamin hozirlash jarayonida ayni referendumni kechiktirib turish kerakligini urg‘uladi.

Rossiya prezidenti Moskvaning Kiyev hamda G‘arb bilan munosabatlari o‘ta tang ahvolga tushgan pallada bunday yo‘l tutmoqda.

Lekin Vladimir Putin aniq-taniq qilib, Ukrainadagi rus millatiga mansab aholi haq-huquqlarini Kiyevning nodemokratik boshqaruvidan himoya qilishini ham urg‘ulagan.

Rossiyaparast ruslarning kattaroq muxtoriyatga ega bo‘lish talablarini Ukraina hukumati rad etmoqda. Kiyevning qo‘rqishicha, bu masaladagi murosa Ukrainani parchalab tashlaydi.

Shu asno Kiyev janubiy-sharqiy mintaqalardagi hukumat binolarini bo‘lginchilardan tozalash uchun ushbu mintaqalarga harbiy qo‘shinlar jo‘natgandi.

Ayrim binolar esa hamon bir Kiyev, bir bo‘lginchilar qo‘liga o‘tib turibdi.

Avvalgisiga o‘xshamas

Putinning so‘nggi bayonoti avvalgilariga qaraganda ancha yumshoq ohangda jarangladi. U, shuningdek, Ukraina chegaralariga yaqin hududlardan Rossiya qo‘shinlarini qaytarib olganini aytdi.

"Qo‘shinlarimiz bois xavotirlar yuzaga kelgani haqida bizga tinmay aytishdi" - deb izohladi Vladimir Putin - "Hozir ularni odatiy o‘quv-mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan joyga ko‘chirdik".

Ammo NATO vakillariga ko‘ra, chegaradagi Rossiya qo‘shinlari joylashuvida sezilarli o‘zgarishlar ko‘rinmaydi.

Bundan biroz oldin esa Britaniya Tashqi ishlar vazirligi "Rossiya Ukrainada nizo chiqarish uchun harakat qilayotgani" haqida bildirgandi.

Rossiya Qrimni o‘z tarkibiga qo‘shib olganidan beri Moskva va G‘arbning munosabatlari qariyb sovuq davridagi tang holatiga qaytgan.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002