Sobiq Sho‘ro davlatlarining boshiga Qrimning kuni tushadimi?

Image copyright BBC World Service

Qrim aholisining yarmidan ko‘prog‘ini ruslar tashkil qilishadi. Agar, rasmiy Moskvaning izohlariga qaralsa, aynan ruslarning huquqlarini himoya qilish uchun u yerga kirib borgan. Shunday ekan, qolgan sobiq Sho‘ro Ittifoqi davlatlarining boshiga ham Qrimning kuni tushishi mumkinmi?

Sobiq SSSR respublikalarida yashaydigan ruslar

Image copyright BBC World Service

Sharqiy Ovro‘po

Prezident Viktor Yanukovich qudratdan ag‘darilgan fevral oyidan buyon Donetsk va Ukraina sharqidagi boshqa shaharlarda tez-tez rossiyaparast namoyishlar kuzatilmoqda. Yangi namoyishlar ham allaqachon bir kishining umriga zomin bo‘lib ulgurdi.

Rasmiy Moskva esa, o‘ta g‘arbparast namoyishchilarni Ukraina sharqida vaziyatni olovlantirishda ayblamoqda. Rossiya qo‘shinlari allaqachon Ukrainaning sharqiy chegaralariga yaqin yerda harbiy mashg‘ulotlar ham o‘tkazib, o‘sha yerdan jilmay turishibdi. Istashsa, bir zumda Ukrainaga kirib borishlari mumkin.

Shu bois ham, agar, Rossiya o‘z hududini kengaytirishni ko‘zlayotgan bo‘lsa, sharqiy Ukraina ro‘yxatda birinchi bo‘lish mavqeida, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ammo bu amali siyosiy jihatdan Rossiyada juda qimmatga tushishi mumkin: Nato va G‘arb davlatlari rasmiy Moskvani boshqa hududlarga ko‘z olaytirmasligi bilan jiddiy ogohlantirishmoqda. Qrim bor-yo‘g‘i 1954 yilda Ukrainaga qo‘shilgan. Ukraina sharqiy chegaralarining tarixi esa, bundan-da uzoqroqqa borib taqaladi.

Image copyright BBC World Service

Ammo, agar, bo‘lginchilik bir bosh ko‘targudek bo‘lsa, uni jilovlash qiyin bo‘ladi. Shaharga 19-asrda uelslik millatchi Jon Xyus tomonidan asos solingan emasmi, yaqinda, hatto, Donetskni Buyuk Britaniya tarkibiga qo‘shib olinishi talabi bilan soxta kampaniya ham uyushtirildi.

Moldova

Allaqachon Rossiyaga, "Bizni qo‘shib ol", degan taklif bilan ham chiqmadimi, ko‘pchilikning e‘tibori hozir Prednestrovega ham qaratilgan. Mintaqa 1990 yilda o‘zini mustaqil, deb e‘lon qilgan. Ammo bayonoti hech qachon xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan. Moldova aholisining aksariyati rumincha gapirgan bir paytda, Prednestrove mintaqasidagi ko‘pchilik ro‘siyzabondir.

Image copyright BBC World Service

Moldova janubida, yana shuningdek, to‘rtta anklavdan tashkil topgan Gagauziya muxtor mintaqasi ham bor. Mintaqa aholisini bor-yo‘g‘i 160.000 kishi tashkil qiladi. Provoslav nasroniy ekanliklariga qaramay, ular turkiy tilda so‘zlashishadi. Shu yil fevral oyida o‘tkazilgan referendum chog‘ida mintaqa aholisining 99 foizga yaqini Rossiya boshchiligidagi Bojxona Ittifoqiga kirishni yoqlab, ovoz berishgan. Ammo Moldova hukumati o‘tkazilgan referendumni noqonuniy, deb aytib chiqqandi. Nato ittifoqining Ovro‘podagi qo‘mondoni ogohlantirishicha, Ukraina bilan chegaradosh va Odessa shahriga yaqin Prednestrove Rossiyaning keyingi nishoni bo‘lishi mumkin.

Image copyright BBC World Service

Gurjiston

2008 yilda Rossiya bilan kechgan qisqa urush Gurjistonning ikki bo‘lginchi mintaqasi - Janubiy Osetiya va Abxaziyadan ajralib qolishi bilan yakunlangandi. Rasmiy Moskva, o‘shanda ham, maqsadi mintaqaning ro‘siyzabon aholisini himoya qilish ekanini aytgandi. Ammo aksariyat tub aholi osetincha va abxazcha so‘zlashishadi. Masalaning lekini ham borki, odamlarning ko‘pchiligida Rossiya pasporti bor va ular gurji hukumatini xushlashmaydi.

Image copyright BBC World Service

Abxaziya esa, allaqachon, ya‘ni 1999 yilda bir tomonlama o‘z mustaqilligini e‘lon qilgan. O‘shandan buyon bu ikki mintaqa arosatda ekandek mavqe‘da qolib kelishmoqda: Na xalqaro hamjamiyat tomonidan rasman tan olinishgan va na rasman Rossiyaning tarkibida hisoblanishadi. Eslatib o‘tish joiz, Abxaziya Rossiyaga shundoqqina chegaradosh, 2014 yilgi Qishki Olimpiada O‘yinlari bo‘lib o‘tgan Sochi shahrining biqinida joylashgan. Janubiy Osetiya esa, Rossiyaga Shimoliy Osetiya orqali chegaradosh. Mintaqaga barcha mahsulotlar tog‘larosha o‘tib keladi. Shu bois ham, narx-navo juda qimmat. Ishsizlik va kambag‘allik keng quloch yoygan.

Latviya, Litva va Estoniya

Ham Latviya va ham Estoniyada ruslar mamlakat aholisining qariyb uchdan bir qismini tashkil qilishadi. Bu uch Boltiqbo‘yi davlati ham 90-yillar boshlarida sobiq Sho‘rolar Ittifoqi qulashi ortidan o‘z mustaqilliklarini qo‘lga kiritishgan. O‘shandan buyon latish yoki estonchani bilmasangiz, bu davlat fuqaroligini ololmaysiz. Bu ikki davlatda tug‘ilgan ayrim ruslar esa, bu ish yo qo‘llaridan kelmay yoki buni o‘zlari istamay, alal-oqibat, Latviya yoki Estoniya fuqaroligidan mosuvo qolishgan.

Image copyright BBC World Service

Ustiga ustak, aksariyat rusiyzabonlar aynan “Til to‘g‘risida”gi keskin qonun sabab, ish topishlari qiyin ekanidan ham shikoyatdalar. Ammo Litvada vaziyat biroz boshqacha: etnik ruslar bu yerda aholining 5 foizchasini tashkil qilishadi. Bundan tashqari, til bo‘yicha sinov topshirishlari ham lozim ko‘rilmaydi. Shu yil mart oyi o‘rtalarida rasmiy Kreml Estoniyada mahalliy ruslarga qilinayotgan munosabatdan qattiq g‘azabga kelgan, xuddi shu bahona esa, ularning Qrimni ishg‘ol etishlariga ham sabab bo‘lgandi. Lekin, o‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, bu uch Boltiqbo‘yi davlati ham Ovro‘po Ittifoqi va ham Nato ittifoqi a‘zolari sanalishadi. Xuddi shu bois ham, Rossiyaning bu mamlakatlarga ishg‘olining oqibatlari jiddiy bo‘lmay qolmaydi. Chunki, birgina Nato nizomining 5-bandiga tayanilsa, ittifoq bir a‘zo davlatga hujumni o‘ziga nisbatan hujum sifatida qabul qiladi.

Shimoliy Qozog‘iston

Ruslar Shimoliy Qozog‘iston aholisining yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Xuddi Qrimga o‘xshab o‘z vaqtida Rossiyaning bir qismi bo‘lgan. Agar, tarixiy ma‘lumotlarga tayanilsa, shimoliy Pavlodar va Uralsk shaharlariga hali Chor Rossiyasi davrida harbiy postlar sifatida asos solingan.

Image copyright BBC World Service

Xuddi Ukrainaga o‘xshab, Qozog‘iston ham himoya kafolati ostida 1994 yilda yadroviy qurolsizlanishga oid bitimni imzolagan. Qrimdagi Sevastopolga o‘xshash bandargohi bo‘lmasa ham, “Boyqonur” kosmodromi bor. Lekin Qozog‘istonning Rossiya bilan munosabatlari anchayin yaqin: Belarus bilan birga Rossiya boshchiligidagi Bojxona Ittifoqining uchta a‘zosidan bittasi sanaladi. Qozog‘iston Ukraina masalasida ham betaraf mavqe‘ni namoyon etdi. Ammo Ukraina inqiroziga tinch yo‘l bilan yechim topishga chaqirdi.

Qolgan Markaziy Osiyo davlatlari

Bu mintaqa davlatlaridagi etnik ruslarning foizi turlicha: Tojikistonda bu raqam 1.1 foizni tashkil etsa, Qirg‘izistonda 12.5 foizgacha boradi. 1991 yildagi mustaqillik ortidan, katta sondagi ruslar boshqa yerlarga ketishgan. Ammo haligacha Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy: Ya‘ni savdo-tujjoriy aloqalar va mehnat muhojirlaridan kelayotgan daromadlar nuqtai nazaridan Rossiyaga juda bog‘langan. Xuddi shu manzarada Rossiya ham mintaqaga bostirib kirishga moyildek ko‘rinmaydi. Ammo Rossiya rubli qadrsizlanib, xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llangan va qo‘llanayotgan jazo choralari Rossiya iqtisodiyotiga jiddiy ziyon yetkazsa, ishsiz muhojirlarning ortga qaytishi Dushanbe va Bishkek uchun jiddiy boshog‘riq bo‘lishi mumkin.

Image copyright BBC World Service

Armaniston va Ozarbayjon

Armanistonda ruslar deyarli yo‘q, Ozarbayjonda esa, aholining bor-yo‘g‘i 1 foizini tashkil etishadi, xolos. Har ikki mamlakat ham geo-siyosiy nuqtai nazardan Rossiya va G‘arb orasida talash. Ukrainaga o‘xshab, Armaniston ham Ovro‘po Ittifoqi bilan hamkorlikka oid shartnoma imzolashni ko‘zlab turibdi. Biroq o‘tgan yil sentyabr oyida, kutilmaganda, Rossiya boshchiligidagi Bojxona Ittifoqiga qo‘shilish niyatini bayon qilgan. 1991 yilgi mustaqillik ortidan ham, Rossiya Armanistondagi Gyumri harbiy bazasini o‘z qo‘lida saqlab qolgan.

Image copyright BBC World Service

Ozarbayjon esa, o‘z neft va gazini Ovro‘po Ittifoqiga eksport qiladi. Xuddi shu bois ham, iqtisodiy jihatdan Rossiyaga unday qaram emas. Turkiyaga borib tutashgan gaz quvuri esa, ularga Rossiyani chetlab o‘tish imkonini beradi. So‘zsiz, Rossiya bu ikki davlatni ham o‘z nazorati ostida tutishni istaydi. Ammo bu yo‘lda harbiysidan ko‘ra, iqtisodiy vositalarni ishga solishi ehtimoli katta.

Belarus

Belarusning shundoq ham Rossiya bilan aloqalari juda yaqin. Ruslar aholisining 7.3 foizini tashkil etishi aytilsa-da, aksariyati rus tilida so‘zlashadi. Agar, bu ikki hukumatning qanchalik apoq-chapoq ekani nazarda tutilsa, Rossiyaning ishg‘ol uchun biror bir bahona izlashiga ham hojat yo‘q. Belarus Rossiya boshchiligidagi Bojxona Ittifoqining a‘zosi va rus tili davlat tili maqomiga ega.

Image copyright BBC World Service

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002