Qirg‘iz – Tojik chegarasidagi to‘qnashuvda jarohatlanganlar bor

Nizo Botkent viloyati Jaqa-O‘rik qishlog‘ida 7 may kuni mahalliy vaqt bilan 19:00 atrofida boshlangan. Tungi uchgacha davom etgan to‘qnashuvda ikki tomondan ham 1,5 mingga yaqin odam qatnashgani aytilmoqda. Natijada bir necha bino va mashinaga o‘t qo‘yilgan. Qirg‘iziston tomonidan 14 odam jarohat olgan.

Tojikiston tomonidan qancha odam jabr ko‘rgani hozircha noma‘lum.

Qirg‘iz chegara xizmatining ma‘lum qilishicha, Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari o‘rtasida to‘qnashuv kelib chiqishiga bezorilik sabab bo‘lgan.

"Dastlabki ma‘lumotlarga ko‘ra, Botkent viloyati qirg‘iz-tojik chegarasida ro‘y bergan hodisaga Tojikiston fuqarosining Qirg‘iziston fuqarosi mashinasiga tosh otib qilgan bezoriligi sabab bo‘lgan. Mashina egasi Botkent-Isfana yo‘nalishida ketayotgan bo‘lgan", - deyiladi Qirg‘iziston chegara xizmati xabarida.

To‘qnashuv natijasida Botkent viloyat markaziy shifoxonasiga 9 fuqaro turli tan jarohati bilan yotqizilgan, ularning ikkitasining ahvoli og‘irligi aytilmoqda.

Janjal chiqqan joyga ikki tomondan ham 1500 ga yaqin odam to‘planganligi va bir biriga tosh otgani ma‘lum.

Image caption Qirg‘iz chegara xizmati nizo bo‘lib o‘tgan hudud xaritasini tarqatdi

Yig‘ilganlar Botkent-Isfana yo‘lini yopish qo‘yishga uringan, biroq ikkinchi tomonning qarshiligi ostida buning uddasidan chiqolmagan.

Nizoni bartaraf etish uchun ikki davlatning kuch ishlatar tizimlari jalb qilingan. Odamlarni tarqatish va noqonuniy harakatlarning oldini olish uchun Qirg‘iziston va Tojikiston harbiylari osmonga ogohlantiruvchi o‘q uzgan, biroq rasmiylarning ta‘kidlashicha, ushbu urinish foyda bermagan.

Qirg‘iziston chegara xizmati xabarida aytilishicha, tungi 22:30da Qirg‘iziston hududidagi Samarkandek qishloq boshqarmasiga qarashli Ko‘k-terak qishlog‘ida avtomobillarga yonilg‘i quyish shahobchasi, do‘kon va ikkita yuk mashinasiga o‘t qo‘yilgan.

8 may tungi 3:00 atrofida ikki davlatning chegara va tartibni saqlash organlari harakati bilan janjalga barham berilgan.

Ayni vaqtda chegara hududida vaziyatning tinch ekanligi aytilmoqda.

--------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer