Tahlil: Bu yil Tolibonning qo‘lidan nima keladi?

Image copyright AP

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Xorijiy ittifoq qo‘shinlari afg‘on mojarosiga biror yechim topmay ortga ommaviy safarbarlikni boshlagan va ularning bundan keyin Afg‘onistonda qolish-qolmasliklari mavhum bo‘lgan bir vaziyatda Tolibon bahorgi amaliyotini boshlashi bilan ogohlantirdi. Buyog‘i nima bo‘ladi?:

Turkiyadan Tolibon masalalari bo‘yicha mutaxassis Fazil Ahmad Burgutning aytishicha, agar, saflari tarqoq ekani ishonilgan harakat mavjud vaziyatdan foydalanib, afg‘on hukumatiga qarshi fikriy jihatdan birlashsa, juda jiddiy muammolarni paydo qila oladi. O‘zining halokatli xudkushlik hujumlariga ham zo‘r beradi.

Tahlilchining bu kabi bahosi esa, ham Afg‘oniston, ham mintaqa davlatlari va ham G‘arbning Tolibon bilan murosaga borish urinishlari umuman samara bermagan bir vaziyatda yangramoqda.

Afg‘oniston Tolibon harakati rahbari Mulla Muhammad Umar, yillarki, biror bir xorijiy askar afg‘on tuprog‘ida ekan, tinchlik muzokaralariga bormasligini ta‘kidlab keladi.

Agar, ayrim ma‘lumotlarga tayanilsa, Afg‘oniston bugun to‘rt yuz mingdan ortiq xavfsizlik kuchlari ega.

Ammo ularning markaziy hukumatga sadoqati, zamonaviy qurol-aslahalar bilan qanchalik ta‘minlangani va saflarida chuqur ildiz otgan poraxo‘rlik hollari jiddiy xavotirlarga sabab bo‘lib kelayotgani ham bor gap.

Xuddi shu vaziyatni nazarda tutarkan, tahlilchi suhbatdoshimiz Tolibon xavfi qarshisida afg‘on xavfsizlik kuchlariga butkul orqa qilib bo‘lmasligini ham alohida ta‘kidlaydi.

Unga ko‘ra, xorijiy ittifoq qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etayotgan bir manzarada qudratga kelayotgan yangi afg‘on hukumati qarshisida bir yo‘l qoladi: U ham bo‘lsa, Tolibonning o‘zlariga do‘st yoki dushman ekanini qat‘iy belgilab olish.

"Baxtga qarshi, Afg‘onistonda Tolibonga hanuz aniq ta‘rif berilgan emas. Hatto, markaziy hukumat, markaziy hukumatga yaqin bo‘lgan nomzodlarni ham ko‘rdik, ularning hech biri toliblarga "terrorchi harakat", sifatida qaragani yo‘q. Shuning o‘zi Afg‘onistonda Tolibon masalasida bir milliy yakdillik yo‘qligini ko‘rsatadi", - deydi tahlilchi Fazil Ahmad Burgut.

Uning ta‘kidlashicha, agar, vaziyat shu tariqa davom etadigan bo‘lsa, Tolibon juda jiddiy tahdid bo‘lib qolaveradi.

"Qudratga kelajak yangi hukumat Tolibonning o‘zlariga do‘st yoki dushman ekanini aniq belgilab olishi kerak. Shunday qilgan taqdirdagina, harakatga qarshi maqbul bir strategiya yoki dastur ishlab chiqish mumkin, aks holda buning iloji yo‘q", - deydi suhbatdoshimiz.

Ommaviy safarbarlik

Image copyright GETTY IMAGES

Yetakchi mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra ham, xorijiy ittifoq qo‘shinlarining ommaviy safarbarligi ortidan, Afg‘onistonning qaytattan qaynoq nuqtaga aylanish ehtimoli juda kuchayadi.

Xuddi shu manzarada rasmiy Vashingtonning jiddiy ogohlantirishicha, agar ikki o‘rtada muhim xavfsizlik bitimi imzolanmasa, afg‘on tuprog‘ida kelasi yilgacha biror bir harbiysi qolmaydi.

Yaqinda Kobulga safar qilgan AQSh Qurolli Kuchlari Bosh qo‘mondoni ham mamlakati shu yil oxirigacha Afg‘onistonni butkul tark etish doxil boshqa tanlovlarni ko‘rib chiqish nuqtasiga yetganini bayon qilgandi.

Ammo amaldagi afg‘on prezidenti Homid Karzay bu ishni bo‘lajak hamkasbining zimmasiga yuklagancha, uning imzosini hanuz ortga surib kelmoqda.

Ayni o‘rinda eslatib o‘tish joiz, imzolangan taqdirda, mazkur bitim bu yilgi ommaviy safarbarlik ortidan ham, xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistondagi harbiy hozirliklariga rasman izn beradi.

15 mingtagacha chet el askari va qator harbiy bazalarining afg‘on tuprog‘ida qolishiga zamin yaratadi.

Shuni alohida ta‘kidlash kerakki, AQSh tomonining so‘nggi ogohlantirishi afg‘on mojarosi hanuz biror bir yechimini topmagan va O‘zbekistonning shundoqqina biqinida Tolibon doxil boshqa ekstremistik guruhlar qayta faollashayotgan bir manzarada kuzatilmoqda.

Ustiga ustak, rasmiy Vashington va rasmiy Kobul o‘rtasida xavfsizlik bitimining imzolanmasligi Afg‘onistonga berilishi ko‘zda tutilgan yirik miqdordagi yillik xalqaro moliyaviy yordamlarning ham kesilishini anglatadi.

O‘tgan 13 yil davomida berilgan milliardlab dollar ko‘maklarga qaramay esa, Afg‘oniston hanuz dunyoning eng qashshoq davlatlaridan biri sanaladi va ularning kesilishi mamlakat iqtisodining butkul tanazzulini anglatadi.

Mintaqaviy tahlilchilar barchasining birdek e‘tirof etishlaricha, voqealarning bu kabi rivoji Afg‘onistonda isyonchilikning barq urishiga zamin yaratadi.

O‘zbekiston va afg‘on mojarosi

Image copyright AFP Getty

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov o‘tgan yil xorijiy ittifoq qo‘shinlarining bu yilgi ommaviy safarbarliklari ortidan, Afg‘onistonda fuqarolar urushi boshlanib ketishi xavfidan ogohlantirgandi.

O‘z o‘rnida, O‘zbekiston rahbari Afg‘onistonda terrorchilik, giyohvand moddalar, diniy va etnik ziddiyatlarning kuchayishidan ham o‘z xavotirlarini izhor etgandi.

O‘zbekiston tomoni 2014 yildan Afg‘onistondagi vaziyat jiddiy izdan chiqishi haqidagi tashvishlarini yuqori minbarlardan ham oshkora izhor etib kelgan, ammo davlat rahbari ilk bor fuqarolar urushi xavfi bilan ogohlantirgandi.

So‘nggi yillarda Afg‘oniston masalasiga bir necha bor to‘xtalib o‘tgan prezident Karimov, hatto, eng qudratli davlatlar bo‘lmaydimi, hozir dunyoda hech kim afg‘on mojarosining ertangi yechimi nima bo‘lishini bilmasligi, mavjud vaziyat o‘zlarini jiddiy tashvishga solayotganini ham ta‘kidlagandi.

O‘zbekiston rahbari, o‘z o‘rnida, aynan afg‘on mojarosida mamlakati hech kimning tarafida bo‘lmasligi va o‘zining aqli bilan ish yuritishini ham bayon qilib o‘tgandi.

O‘zbekiston tomoniga ko‘ra, qo‘shni Afg‘oniston bilan munosabatlarini o‘zaro milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda ikki tomonlama asosda quradi.

Rasmiy Toshkentning nazdida, Afg‘oniston muammosiga harbiy yo‘l bilan barham berib bo‘lmasligi yil sayin ayonlashib borarkan, unga muqobil yechim topish masalasi hozirgi kunda katta ahamiyat kasb etgan.

Ularning bayon qilishlaricha, buning uchun Afg‘onistondagi xavfsizlikdan manfaatdor tomonlarning siyosiy muzokaralaridan tashqari, o‘zlariga bevosita qo‘shni bu davlatga iqtisodiy, insonparvarlik va ijtimoiy jihatdan ko‘mak berish, qashshoqlikka qarshi kurashishga katta e‘tibor berish lozim.

Ayni o‘rinda ta‘kidlab o‘tish joiz, 1999 yili Afg‘oniston masalasi bo‘yicha prezident Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil qilingan 6+2 muloqot guruhi faoliyati ikki yildan uzoqroqqa cho‘zilmagandi.

O‘zbekiston 2001 yildan buyon AQSh boshchiligidagi harbiy ittifoq qo‘shinlarining Afg‘onistondagi amaliyotlari uchun muhim ta‘minot yo‘li vazifasini bajarib kelgan.

Hozir esa, qo‘shni Afg‘onistonni tashqi dunyo bilan yagona temir yo‘l yordamida bog‘layotgan va o‘ng‘ay avtomobil yo‘liga ega O‘zbekiston xorijiy ittifoq qo‘shinlarining ommaviy safarbarliklari ortidan ham muhim mamlakat bo‘lib qolishi kutilmoqda.

Yaqinda O‘zbekiston orqali Nato yuklarini olib chiqish boshlangani xabar berilgan, AQSh Afg‘onistondagi harbiy jihozlarining ma‘lum qismini O‘zbekistonga qoldirishi ham aytilgandi.

O‘z o‘rnida, shuni ham ta‘kidlab o‘tish kerakki, o‘tgan 10 yildan ortiqroq vaqt davomida Pokiston va Afg‘onistonning muayyan mintaqalarida faoliyat yuritib kelayotgan O‘zbekiston Islomiy Harakati ham Tolibon harakatining yaqin ittifoqchisi sifatida ko‘riladi.

Shu bois ham, tahlilchilarning e‘tirof etishlaricha, toliblar ham, ularning ittifoqchisi bo‘lgan O‘zbekiston Islomiy Harakati ham O‘zbekiston uchun bezovtalik omili sifatida saqlanib qolaveradi.

Ammo ayrim g‘arblik tahlilchilar prezident Karimovni siyosiy repressiyalarni oqlash uchun Afg‘onistondan kelayotgan xavfni bo‘rttirib ko‘rsatishda ayblashlari ham bor gap.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002