Tahlil: Sobiq Sho‘ro davlatlari Putinni qo‘llashi mumkinmi?

Image copyright AFP
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining norasmiy sammiti chog‘ida Ukraina inqirozi masalasida to‘rt a‘zo davlatning dastagini qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgan.

Ammo, eng so‘nggi xabarlar tafsilotlariga tayanilsa, janob Putin qarshisida alohida-alohida chiqish qilgan Qirg‘iziston, Tojikiston, Belarus va Armaniston rahbarlari tinchlikning qanchalar muhim ekaniga asosiy urg‘u berilgan umumiy gaplar bilan cheklanishgan, xolos.

Rasmiy Moskvaning ushbu sa‘y-harakatlari Rossiyaga qarshi G‘arbning ketma-ket jazo choralari va xalqaro hamjamiyatning tinimsiz yangrab kelayotgan tanqidlari manzarasida kuzatilmoqda.

Frantsiyadan mintaqaviy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, Ukrainadagi voqealar manzarasida yakkalanib qolgani bois ham Rossiyaga aynan hozir o‘zi boshchilik qilayotgan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga a‘zo davlatlarning qo‘llovi juda kerak.

"Chunki Rossiya biladiki, agar Ukrainaga tinchlikparvar kuchlar, degan nom ostida qo‘shin kiritadigan bo‘lsa, unga xalqaro bosim haddan tashqari kuchayib ketadi. Rasmiy Moskvada bu ishni, agarki, KXShTga a‘zo davlatlar bilan qiladigan bo‘lsam, vaziyatni yumshatib, jahon hamjamiyati tomonidan legimtimroq, deb qabul qilinadi, degan bir qarash bor", - deydi tahlilchi.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, Ukrainadagi voqealarning rivoji va Qrim bo‘lgasining Rossiya tarkibiga qo‘shilishi barcha sobiq Sho‘ro davlatlarini birdek xavotirga solmay qo‘ymagan.

Ammo qanchalik tashvishda ekanliklariga qaramay, ularning birortasi shu paytgacha na-da Ukraina inqirozi va na-da rasmiy Moskvaning so‘nggi xatti-harakatlari yuzasidan biror bir keskinroq bayonot bilan chiqishgan.

Tahlilchi Kamoliddin Rabbimov biz bilan suhbatida Rossiya bilan aloqalari juda yaqin bo‘lgan qo‘shni Qozog‘iston rahbarining so‘nggi sammitga nega bormagani sababiga alohida e‘tibor qaratadi.

"Bilasizmi, shu paytgacha Qozog‘iston bilan Rossiya o‘rtasidagi yaqinlashuvning zamirida o‘zaro ishonch mavjud edi. Mana shu ishonch yo‘qoldi va agar, ta‘bir joiz bo‘lsa, Qozog‘iston butunlay qo‘rquvga cho‘kdi, deyishimiz mumkin. Ya‘ni, bundan keyin u Moskvaga, Rossiyaga ishonmaydi va faqatgina o‘sha qo‘rquv bilan xatti-harakat qiladi. Ya‘ni, Qozog‘istonning so‘nggi bayonotlariga e‘tibor bersangiz, o‘ta ziddiyatli: Ukraina inqirozidan oldinroq uning yaxlitligi haqida gapirdi. Qrim qo‘shib olinganidan keyin esa, buni tabiiy va qonuniy, deb baholadi. Bugunga kunga kelib esa, yana Moskvaga bormayapti va Ostonada qolib, AQSh Davlat kotibining muovini bilan uchrashayapti", - deydi tahlilchi.

Uning aytishicha, bu kabi xatti-harakati bilan rasmiy Ostona Moskvaga postsovet hududini ko‘zda tutuvchi loyihalarini siyosiylashtirmasligi shartligiga ishora qilmoqda.

"Bundan ikki yilcha oldin Qozog‘iston hukumati Ovro‘Osiyo iqtisodiy loyihasidan sovugan edi. Chunki Qozog‘iston bu loyihani mutlaq iqtisodiy integratsiya, iqtisodiy yaqinlashuv sifatida ko‘rdi. Lekin Moskva buni tinimsiz siyosiylashtirdi. Va oxir-oqibatda, bugun Ostona Moskvaning shu kabi loyihalaridan minimal zararlar bilan chiqib ketish imkoniyatini izlamoqda", - deya so‘zlarida davom etadi suhbatdoshimiz.

Tahlilchi Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining aynan Qozog‘iston rahbari bormagani tufayli norasmiy tusini olgan yig‘ini uning a‘zosi bo‘lmasa-da, rasmiy Toshkentning e‘tiboridan ham chetda qolmagan.

Image copyright none

"Chunki bugungi kunda Vladimir Putinning qaysi vektorda siyosat olib borishi postsovet hududi uchun juda ham muhim. Ya‘ni, Qozog‘istonning bu sammitga bormasligi, albatta, rasmiy Toshkentni biroz bo‘lsa ham quvontiradi. Chunki Qozog‘iston endi Moskva bilan integratsiya emas, Markaziy Osiyo bilan integratsiya vektorida faollashadi, degan fikr kuchli. Va Markaziy Osiyo Ittifoqi yoki mintaqa davlatlarini muvofiqlashtirish masalasi rasmiy Ostona uchun eng avvalo Toshkentdan boshlanadi. Ya‘ni keyingi ikki yarim yil ichida ikkovlon orasida kuzatilayotgan yaqinlashuvlar zamirida birinchi o‘rinda Moskvadan chekinish va qo‘rquv tuyg‘usi yotibdi, deyishimiz mumkin", - deydi tahlilchi.

Voqealarning so‘nggi rivoji manzarasida esa, ayrim g‘arblik tahlilchilar Ukraina inqirozi eng ko‘p Markaziy Osiyo davlatlari rahbariyatining xavotirlariga sabab bo‘layotgan bo‘lishi mumkin, degan taxminlarni ham ilgari surishgandi.

Ularga ko‘ra, fevral oyida Ukraina rahbari Viktor Yanukovichning qudratdan chetlatilishi bilan yakun topgan Ovro‘maydondagi namoyishlarning muvaffaqiyati mintaqa mamlakatlari rahbarlarini eng avvalo o‘z hokimiyatlarining qanchalik mustahkamligi borasida xavotirga solgan bo‘lishi tayin.

Image copyright Reuters

Ularga ko‘ra, boshqa tomondan, Markaziy Osiyo rahbarlari Qrimdagi so‘nggi hodisalarni ham diqqat bilan kuzatib borayotgan bo‘lishlari tayin.

G‘arblik tahlilchilarning nazdlarida Qrimda kechayotgan voqealar ular uchun Rossiyaning o‘z "yaqin xoriji"ga nisbatan qanday ish tutishi mumkinligini anglatadi.

Ularga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlarining barchasi Rossiyadan mustaqilliklarini saqlab turish uchun o‘z asoslariga ega va xuddi shu bois ham, so‘nggi voqealar mintaqa davlatlari rahbarlari uchun "Ukraina savoli"ni "Qrim savoli"ga aylantirgan.

Suhbatdoshimiz mintaqaviy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov ham ayni shu omillarni nazarda tutib, eng so‘nggida sobiq Sho‘ro davlatlari rasmiy Moskva ko‘z tikkan qo‘llovdan o‘zlarini tiyishlarini aytadi.

"Chunki Ukraina voqeasi, ya‘ni xalqning ko‘chaga chiqishi, inqiloblar Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasiga a‘zo bo‘lgan davlatlar uchun ma‘lum bir muammo. Lekin bu davlatlar uchun o‘zlarining hokimiyati, suvereniteti masalasi ancha yuqori bir darajada turadi. Ya‘ni, ular Ukrainadagi bo‘hrondan emas, ko‘proq Moskvaning ishtahasi yoki Putinning loyihalaridan qo‘rquvda. Shuning uchun ham, keyingi davrda postsovet hududida Moskvaga qarshilik ko‘rsatish va imkon qadar undan uzoqlashish trendi kuchayib boradi", - deydi tahlilchi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002