O‘zbekistonda Xotira va qadrlash kuni nishonlandi

Moskvada 9 may G‘alaba paradi bilan nishonlangan, O‘zbekistonda ham ikkinchi jahon urushining tirik qolgan oz sonli qatnashchilari eslangan.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 18 aprelda "Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida"gi farmonga ko‘ra, "9 may umumxalq bayrami – Xotira va qadrlash kuni o‘tkazilishi, shuningdek, 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 69 yilligi nishonlanishi munosabati bilan hamda urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida" qabul qilingan.

Mustaqillikdan so‘ng 9 may O‘zbekistonda G‘alaba kuni emas Xotira va Qadrlash kuni deb atalib kelinadi.

Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan urush faxriylariga hukumat tomonidan 600 ming so‘mdan pul mukofotlari bilan ta‘minlanishi bildirilgan.

"Nuroniy" fondiga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekistonda 4 mingga yaqin Urush qatnashchilari qolgan.

Shuningdek, front ortida ishlagan 79 ming mehnat veteranlari bor.

"Nuroniy" fondi urush faxriylarning ijtimoiy himoyasi, moddiy va ma‘naviy quvvatlashga katta ahamiyat beriligi va bu e‘tibor davlat va jamoatchilik idoralari bilan birga olib borilishini bildiradi.

Shuningdek, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan urush qatnashchilari 250 ming so‘mdan yordam olishi, 60 ga yaqin faxriylar bepul putyovka bilan ta‘minlashi ham aytiladi.

Dori darmon hissadorlik shirkati faxriylarga bepul dori-darmonlar tarqatishi ham aytilgan.

Bugun Toshkentdagi Xotira xiyoboni odamlar bilan gavjum bo‘lgan. Urush qurbonlari xotirasi uchun o‘rnatilgan yodgorlikka gullar qo‘yilgan.

Viloyatlarda biz bilan suhbatdoshlar ushbu kun asosan qabristonlarga chiqib, o‘tganlarni yodga olish va tozalash ishlari kabi o‘tgani aytishdi.

Ayni paytda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Islom Karimovga G‘alabaning 69 yilligi munosabati bilan tabrik yo‘llagan.

"Bizning xalqlarimiz yelkama-elka turib fashistlarga qarshi kurashdilar. Katta qurbonlar evaziga erkinlik va munosib kelajak uchun huquqlarini saqlab qoldilar. Biz o‘z jonini fido qilgan millionlab sovet kishilari, ota-bobolarimiz xotirasini doimo yodda saqlaymiz".

Ulkan G‘alaba haqida xotirasi bugun ham xalqlarimizni birlashtiradi. Rossiya-O‘zbek aloqalarining mustahkamlanishi Markaziy Osiyodagi xavfsizlik va barqarorlikni ta‘minlashga xizmat qiladi", deyiladi Putinning G‘alaba kuni munosabati bilan Islom Karimovga yuborgan tabrigida.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Xotira kuni munosabati bilan hech qanday chiqish qilmagan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002