Turkiyada Andijon qirg‘inining 9 yilligi xotirlandi

Istanbulning "Bog‘larboshi" konferentsiyalar markazida Andijon qirg‘inining 9 yilligiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tgan.

Qatnashchilar totalitar rejimlarning tabiati va xalqlarning bunday rejimlarga qaysi yo‘llar bilan kurashishlari kerakligi haqida fikr almashganlar.

Anjumanda Turkiya va boshqa davlatlarning ommaviy axborot vositalari va inson haqlari tashkilotlari vakillari, shuningdek, muhojirotdagi o‘zbek diasporasi namoyandalari ishtirok etishgan.

Anjumanning asosiy tashkilotchisi bo‘lgan O‘zbekiston Xalq Harakati raisi Muhammad Solih Andijon fojiasidan buyon kechgan 9 yil tarix oldida "hechligi, ammo shu qadar qisqa muddatda fojianing unutilayozganidan taajjubda" ekanini aytadi.

"Afsuski, biz xalq o‘laroq juda unutuvchan va juda loqayd bo‘lib borayapmiz, shekilli. Chunki Andijon fojiasidan bor-yo‘g‘i 9 yil kechdi, juda ko‘plar bu haqda eslamaydi ham, hatto "sizlar nimani xotirlayapsizlar", deya kinoya ham qilishadi ba‘zilari. Bu loqaydlik meni hayratga soladi va va nahotki biz shu qadar orsizlashdik, deya dahshatga tushaman. Bizning o‘z fojialarimizga loqaydligimizni ko‘rgan zolimlar bunday qatliomlarni osonlikcha takrorlashlari uchun zamin yaratadi bu. Qani bizning millatparvar ziyolilarimiz?. "Go‘zal Turkiston sanga na bo‘ldi?", deb kuylaydigan shoirlarimiz qayerga g‘oyib bo‘ldi?. Bugun Andijonda halok bo‘lgan qahramonlarimiz haqqiga Ollohdan rahmatlar tilayman va Olloh bizning or va nomus tuyg‘umizni tiriltirsin, deb duo qilaman", - deydi Muhammad Solih.

Anjuman qatnashchilari Andijon qirg‘ini atrofidagi jimjitlikka qaramasdan, qirg‘inning unutilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytganlar.

Andijon shahrida 2005 yil 13 may, juma kuni hukumat qo‘shinlarining o‘z talablarini aytib chiqqan asosan tinch namoyishchilarni qaqshatqich o‘qqa tutishi oqibatida yuzlab insonlar halok bo‘lgandi.

Inson huquqlari tashkilotlari Andijondagi 13 may xunrezligini "qirg‘in", deb ta‘riflashgandi.

Faollar Andijonda halok bo‘lgan namoyishchilar soni rasmiy raqamlardan "bir necha marotaba" ko‘p ekanini ta‘kidlashadi.

O‘zbekiston hukumati aksariyati terrorchilar bo‘lgan 187 kishining halok bo‘lganini aytib keladi.

Fojeali voqealardan 8 yil o‘tib, Andijonda aslida nimalar sodir bo‘lgani borasida rasmiy va norasmiy farazlar bir-biridan har doimgidan ko‘ra ham tafovutliroq.

Vaqt o‘tgani sayin bu farq tobora kattarib bormoqda va vaqt o‘tgani sayin xunrezlik guvohlarining ovozi tobora pasayib bormoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002