Rossiya yangi jazo choralaridan ogohlantirildi

Image copyright AFP

Olmoniya kantsleri Angela Merkel Ukrainadagi prezidentlik saylovi barbod bo‘lsa, Rossiyaga Ovro‘po Ittifoqi tomonidan yangi sanktsiyalar qo‘llashga chaqirgan.

Ukrainada prezidentlik saylovi 25 may kuniga mo‘ljallangan.

Merkel xonim va Olmoniyaga borgan Frantsiya Prezidenti Fransua Olland 11 mayga mo‘ljallangan sharqiy Ukrainadagi referendumlarni noqonuniy, deyishgan.

Olmoniya va Frantsiya rahbarlari tarqatgan qo‘shma bayonotda Ukrainadagi saylov bekor qilinishi mamlakatdagi vaziyatni yanada beqarorlashtirishi ta‘kidlangan.

Angela Merkel va Fransua Olland Ukraina sarhadlaridagi Rossiya qo‘shinlarini salmoqli darajada kamaytirishga chaqirganlar.

Ukrainaning muvaqqat prezidenti Oleksandr Turchinov ham sharqiy ukrainaliklarga murojaat bilan chiqqan.

Janob Turchinov vatandoshlarini Kiyevdan mustaqil bo‘lish maqsadidagi referendumda ovoz berish oqibatlaridan ogohlantirgan.

Donetsk va Luxanskdagi qurolli guruhlar tashkil qilayotgan referendumlar qo‘poruvchilik ekanini aytgan Oleksandr Tuchinov.

"Bu hududlarning ajralishi jarlikka, iqtisodlarning vayronagarchiligiga, ijtimoiy dasturlarning barbod bo‘lishi, umuman hayotning yomonlashishiga olib keladi", deb aytgan Ukraina muvaqqat prezidenti.

Donetskdagi rossiyaparastlar viloyat hududida Ukraina prezidentligiga saylov o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymasliklari haqida e‘lon qilganlar.

Bo‘lginchilarga ko‘ra, Donetskdagi 22 ta saylov okrugini to‘la nazorat qilib turishipti va 25 may kuni bu hududlarda ovoz berish tashkil etilishiga yo‘l qo‘ymaydilar.

Kiyev rasmiylari Ukrainani parchalash ortida Rossiya turganini va rossiyaparast bo‘lginchilar Kremldan ko‘rsatma olib ish tutayotganini aytadilar.

Bir necha kun oldin Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 11 mayga mo‘ljallangan referendumlarni bekor qilishga chaqirgan.

Biroq sharqiy Ukrainadagi rossiyaparastlar yakshanba kungi referendumni qoldirmaslikka qaror qilganlarini aytganlar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002