Tojik ulamosi: Biz Rossiyani quvvatlashimiz kerak

Tojikistonlik taniqli diniy ulamo Hoji Akbar To‘rajonzoda BBC Rus xizmatiga intervyu berib, rasmiy Dushanbe Ukraina masalasi bo‘yicha Rossiyani quvvatlashini bildirishi kerakligini aytgan.

Nufuzli musulmon ruhoniysi fikricha, Moskva Qrimni Rossiyaga qo‘shib olib, tarixiy adolatni tiklagan va Ukrainaning yangi hukumatining qon to‘kilishiga olib kelgan harakatlari katta xato bo‘lgan.

U shuningdek, zamonaviy dunyoda hududiy masalalarni hal qilishda Rossiya o‘zining ta‘siri va qudratidan foydalangan yagona davlat emas deb biladi.

Hozi Akbar To‘rajonzoda Tojikiston va undan tashqarida nafaqat diniy ulamo, balki siyosatchi sifatida ham taniqli. Mamlakatda (1992-1997) yillarda kechgan fuqarolar urushida To‘rajonzoda birlashgan tojik muxolifatining rahbarlaridan biri bo‘lgan va uning islomiy qanotini boshqargan.

Diniy ulamo 1997 yil Moskvada tinchlik kelishuvi imzolangandan so‘ng vataniga qaytgan. U Rahmon bir muddat Rahmon hukumatida ham ishladi, iste‘foga chiqqandan so‘ng yana diniy faoliyatga qaytdi.

Hoji Akbar To‘rajonzoda bilan BBC muxbiri Anora Sarkorova suhbatlashgan.

BBC: May oyi boshida Tojik davlat telekanallarida namoyish etilgan lavhada, aka-uka To‘rajonzodalar Suriya muxolifati bilan aloqadorlikda va u yerdagi aksilhukumat harakatlarga tojik yoshlarini yuborayotganlikda ayblangan. Sizning shogirdlaringiz haqiqatdan Suriyada bo‘lishganmi?

Hoji Akbar To‘rajonzoda: Bu yaqqol tashviqot lavha. Maxsus xizmatlar tomonidan ushlangan yosh yigitlar kamera qarshisida ko‘rsatma berganlar. Biz hammamiz juda yaxshi bilamiz, bizning kuchishlatar tizimlarimizda odamlardan ko‘rsatma berishga majburlash uchun turli usullarni qo‘llashlarini.Balki, ularni bizga qarshi ko‘rsatma berishga majburlashgandir. Men ta‘kidlayman, bu yosh yigitlar bilan tanish emasman. Ular hech qachon men va ukalarimda o‘qishmagan. Bizning oilamizdagi biror kishi bu odamlar qanday qilib Suriyaga borib qolganlariga aloqalari yo‘q.

BBC: Rasmiy Dushanbe Suriyadagi urushda qancha tojik fuqarolari borligini keltirshga qiynaladi. U yerda tojiklar nima qilishadi? Bu jihodmi, pulmi yoki g‘oya?

Hoji Akbar To‘rajonzoda: Suriyadagi janglarda qatnashayotgan tojiklarning aksariyati salafitlar. Salafizmning g‘oyaviy tarafdorlari yoki shunchaki salafiy oqimi guruhlari ta‘siriga tushib qolganlar Eronga qarshilar, shialarga qarshi kurashayotganlar. Ular Suriya muxolifati tomonida turib urush qilmoqdalar. Bu muxolifatni G‘arb dastaklab kelyapti. Men ishonamanki, G‘arbning noroziliga asosiy sabab Assad rejimi emas. Shu bilan birga men Suriya xalqining talabi to‘g‘riligini tan olaman - bir oila 40 yildan buyon qudratda.

Hokimiyat erkin saylovlar orqali almashishi kerak. Shu bilan birga bugun dunyoda diktatorlar boshqarayotgan davlatlar oz emas, biroq G‘arb ular bilan muloqot qilmoqda. G‘arbning Suriya masalasida xavotiri nimada? Bunday olib qaralsa, Bashar Assad va uning otasi hech qachon G‘arbga, AQSh va Isroilga qarshi chiqmagan. Buning asosiy sababi Damashqning Tehron bilan yaqin aloqalariga borib taqaladi. Suriya Eron va Livanning shia Hezbolloh harakatining o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘taydi.Hezbolloh Isroilning asosiy bosh og‘rig‘i sanaladi. G‘arbning maqsadi- Eronga yaqin Bashar Assad hukumatini ag‘darib, Tehronga qarshilarni hokimiyatga keltirish. Bu Eron va Hezbolloh aloqalarini zaiflashtirishga imkon beradi.

Suriyada jang qilayotgan tojiklar u yerga pul uchun ketishmaydi. Ular jihod haqida gapirashadi. Lekin shuni unutmaslik lozimki, o‘z hukumatiga qarshi jihodni eng avvalo suriyaliklarning o‘zi e‘lon qilishi kerak. Begonalarga bu nima uchun kerak? Tashviqot mashinasi yaxshi ishlaydi. Salafitlar Tojikistonda rasman taqiqlangan. Lekin hukumat salafiylik asosiy g‘oya bo‘lgan arab davlatlari bilan aloqani buzmaslik uchun bunga ko‘z yumadi.

BBC: Sizning oxirgi bayonotingiz ancha keskin ohangda yangradi. Siz Dushanbedan oilangizni ta‘qib va tahdid qilishni to‘xtatishni talab qildingiz.

Hoji Akbar To‘rajonzoda: Oxirgi yillar biz hukumat tomonidan katta bosimlarni his qilmoqdamiz. Buni davlat ommaviy axborot vositalari orqali ko‘rish, eshitish va o‘qish mumkin. Bizni qoralash, haqorat qilish, dindorlar orasida mavqeimizni kuchsizlantirish uchun butun bir fabrika ishlayapti.

Biz vatanimizni, xalqimizni va davlatimizni sevamiz. Shu bilan birga bizning dinga va inson haqlariga taluqli masalalarda bizning qarashlarimiz rasmiy Dushanbe bilan to‘g‘ri kelmayapti.

Masalan biz 18 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning masjidlarga qatnashini taqiqlaydigan qonunni qarshimiz. Biz davlat idoralari, maktab va oliy o‘quv yurtlarida hijob kiyishni taqiqlashga qarshi chiqamiz. Bu islom talabi. Qanday qilib Allohning talabini taqiqlash mumkin. Biz masjidlarga borish va hijob o‘rash nega taqiqlanganing asl sababini bilishni istaymiz. Biz axir musulmonmizku.

BBC: Sizningcha, hukumat nimadan qo‘rqayapti?

Xoji Akbar To‘rajonzoda: Men o‘ylashimcha, bizni yoqtirmasligining asosiy sababi hukumat bizda siyosiy ambitsiyalar bor deb biladi. Men yana bir marta takrorlayman, na men, na ukalarim hokimiyat uchun kurashmoqchi emasmiz, hech bir davlat lavozimi bizga kerak emas.

Albatta, biz tez-tez hukumatni tanqid qilib, o‘z fikrlarimizni bildirib kelamiz.Bu huquqni bizga konstitutsiya beradi.Biroq bizning tanqidimiz bizni muxolifat ekanimizni anglatmaydi. Hukumat o‘zgaradi va saylovlar to‘g‘risida mamlakat qonunlariga asosan, lekin davlat doimo qoladi.

Men inqilobga qarshiman, hukumatni kuch bilan ag‘darish tarafdori emasman. Shu sababli men Maydon tarafdori emasman.. Bizning oilamiz Yanukovichning ag‘darilishini noqonuniy deb biladi. Shuning uchun men Ukraina masalasida Rossiya mavqeini quvvatlayman. Ayni paytda G‘arb qonun, huquqlar ta‘minlanishi kerakligini aytadigan G‘arb Ukraina misolida Ukraina konstitutsiyasi buzilishiga yaqqol ko‘z yumdi.

Shu bilan birga men shaxsan Yanukovich va uning boshqarish usuli tarafdori bo‘lgan emasman. Lekin aminmanki, muxolifat Yanukovichning prezidentlik muddati tugagunicha kutganida edi, mamlakatni parchalanishdan va qon to‘kilishdan saqlab qolish mumkin edi. Ana o‘shanda Ukraina muxolifati yangi prezidentlik saylovlarida g‘alabaga erishar edi.

Ukrainadagi voqealar menga 1992 yilda Tojikistondagi voqealarni eslatdi. O‘shanda qonuniy saylangan prezident Rahmon Nabiyev qudratdan ketkazilgan edi. Siz bilasiz, bu nimaga olib kelganini- ko‘p yillik fuqarolik urushi, minglab qurbonlarga olib keldi.

BBC: Rossiyaning Qrimdagi harakati anneksiya emasmi?

Hoji Akbar To‘rajonzoda: Men Qrimda referendum o‘tkazilishi va uni Rossiyaga qo‘shib olinishini anneksiya deb hisoblamayman. Bu hudud 300 yil oldin Rossiya imperiyasiga qo‘shilgan edi. Bungacha Qrim Usmonli podshohligiga tegishli edi. Qrim hech qachon Ukraina yeri bo‘lmagan. Bu faqat qog‘ozda Sovet davrida Rossiya tomonidan Ukrainaga berilgan edi. Yilda ikki marta men Qrimda bo‘laman va u yerdagi aholining aksariyati rusiyzabonlar ekanini, ko‘proq Rossiyaga yaqinligini ko‘raman.

BBC: Sizning fikringiz bo‘yicha, Qrimda rusiyzabonlar ko‘p bo‘lsa, bu begona hududni bosib olishga imkon berar ekanda, shundaymi? Qrimning tub aholisi bo‘lgan Qrim tatarlar bilan qanday yo‘l tutish kerak unda?

Hoji Akbar To‘rajonzoda: Bu Qrim xalqining irodasi bo‘ldi. Ularni Rossiyaga qo‘shilishga ovoz berishga majbur qilishdimi? Yo‘q. Referendum bo‘ldimi? Ha. Albatta vaqt ko‘rsatadi, bu xato bo‘ldimi yoki to‘g‘riligini. Qrim tatarlarini huquqlari buzilayotganiga kelsak, bilasizmi bu yerda xolis baho berish qiyin. Rossiya ommaviy axborot vositalari va xalqaro matbuot qarama-qarshi axborotlarni tarqatyapti.

Davomi bor

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002